Breaking News

Kaliforniya: Uysizlar ko’ngillilarga va bir-biriga tayanmoqda


Kaliforniya shtati: COVID-19 va uysizlik muammosi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:33 0:00

Kaliforniya shtatida uysizlar 100 mingdan oshiq. Mahalliy hukumat epidemiya sharoitida ularga qanday yordam berish ustida o’ylanmoqda. Uysizlar katta sonda boshpanaga joylashtirilsa, infeksiya yanada ko’proq tarqalishiga olib kelmaydimi? Mehmonxonalarchi? Yoki ularni palatkalarda qoldirgan ma’qulmi?

Andrea Xenson Kaliforniyaning Berkli shahridagi avtomagistral atrofida yashovchi uysizlarga maska tarqatmoqda. Fuqarolik huquqlari bo’yicha advokat va faol har ertalab oziq-ovqat va toza kiyim tarqatadi, chodirlar atrofini tozalaydi.

“Tozalik bo’lmasa, bu odamlarga maska va himoya vositalarini tarqatishdan nima foyda?” - deydi u.

Dunyodagi eng boy joylardan biri bo’lmish Kaliforniya – AQShdagi uysizlar soni bo’yicha birinchi o’rinda. Shtatda keng tarqalgan koronavirus aynan shu toifa hayotiga jiddiy zarba berishi mumkin.

Ayrim shahar va okruglarda kasal va virusni yuqtirgan uysizlarni mehmonxonalarga joylashtirishdi. Yirik anjumanlar o’tadigan inshootlar yotoqxonaga aylantirildi. Lekin ko’chada tunayotganlar haliyam ko’p.

“Men kabi faollarning yondashuvi boshqacha. Ularga yangi palatka beramiz, himoya uchun zarur vositalar va yegulik bilan ta’minlab turamiz. O’zlari biladigan joydan ketishmaydi. Mehmonxonada joy olish juda qiyin”, - deydi Xenson.

Jo Pendlton kuchugi bilan furgon mashinasida yashaydi.

“Hamma bir joyda nafas oladigan joydan ko’ra mashinam xavfsizroq”, - deydi u.

Urush faxriysi Pendlton ko’ngillilar bilan hamkorlikda uysizlar turadigan joylarda qo’l yuvish stansiyalarini o’rnatmoqda.

“Agar lagerda biror kishi virus yuqtirganini gumon qilsak, ularni izolyatsiya qilish yo’lini topganmiz. O’zimiz karantin joriy etamiz. Uysiz bo’lsak ham qo’limizdan ish keladi”, - deydi u.

Yesika Prado taksichilik qilib kun ko’rardi. Pandemiya sabab ishini to’xtatgan. U g’ildirakli uyda yashaydi.

“Albatta, bir-birimizga ma’lumot ulashamiz. Qo’shnilarimiz vaziyatdan xabardor bo’lsin, deymiz. Karantin e’lon qilingani haqida hamma bilishi kerak. Ko’pchilik uysizlarda telefon yo’q, bexabar bo’lishi mumkin”, - deydi Prado.

Kaliforniyaning ayrim shaharlarida mehmonxonalarni sotib olib, uysizlarni doimiy joylashtirish ham rejalanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG