Breaking News

Poytaxt Vashingtonni shtatga aylantirish harakati kuchaymoqda


Vashington Kolumbiya okrugi shtatga aylanadimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:54 0:00

Vashington Kolumbiya okrugi AQSh siyosiy hokimiyatining markazi bo’lsa-da, shahar aholisining Kongressda vakillari yo’q. Poytaxt sifatidagi o’ziga xos maqom ularni bunday huquqdan mahrum qilgan. So’nggi yillarda Vashington shahriga shtat maqomini berish harakati kuchaymoqda.

Shu yil boshida zo’ravon namoyishchilar Kapitoliy binosiga hujum qilganda, Vashington meri Myuriel Bauzer Milliy gvardiya askarlarini yordamga chaqira olmadi. Chunki unda bunday vakolat yo’q edi.

Bu voqea shaharga shtat maqomini berishni talab qilayotgan faollar ishini yanada jonlantirdi.

“Kolumbiya okrugining 706 ming rezidenti Kongressda bir dona ham o’z ovoziga ega emasligidan xafaman. Vaholanki, aholimiz demokratiyamizni himoya qilish uchun jonini berishga ham tayyor”, - dedi Bauzer.

Shaharda avtonomiya ham yo’q. Uning byudjeti va mahalliy qonunlari Kongress tomonidan tasdiqlanadi.

Mahalliy aholi federal soliqlarni to’laydi, lekin Kongressga vakil saylay olmaydi.

Vakillar palatasida shahar nomidan delegat sifatida o’tiradigan, ammo ovoz berish huquqiga ega bo’lmagan Eleanor Xolmes Norton 30 yildan beri shtat huquqi uchun kurash olib boradi.

“AQSh o’z poytaxti aholisiga boshqalar kabi bir xil huquq bermaydigan yagona mamlakatdir”, - deydi u.

Norton o’tgan yili federal hudud maqomini faqat Kapitoliy, Oq uy va boshqa hukumat binolarini o’z ichiga oluvchi uch kvadrat kilometrdan ko’proq maydon bilan cheklovchi qonun loyihasini taqdim etdi. Qolgan 100 kvadrat kilometrdan ortiq hududda yangi shtat tashkil etiladi.

Yanvarda loyiha qayta taqdim etildi.

“Shunisi muhimki, bizni AQSh Prezidenti Jo Bayden, ham Senat, ham Vakillar palatasi yetakchilari qo’llab-quvvatlayapti. Bundan ortiq kuchli qo’llov bo’lishi mumkinmi?” – dedi Norton.

Ammo respublikachilar bu rejaga qarshi. Chunki shahar aholisining aksariyati demokratlarni yoqlaydi. Bu degani, hozir kuchlar teng bo’lgan Senatda demokratlar soni yana ikkitaga ko’payishi mumkin.

Respublikachi kongressmen Dasti Jonson vashingtonliklar o’z vakiliga ega bo’lishini yoqlaydi, faqat yangi shtat tuzish orqali emas. U Vakillar palatasi yoki Senatga yangi o’rinlar bermasdan, shaharning aksariyatini qo’shni Meriland shtatiga o’tkazishni taklif qilmoqda.

“Agar vashingtonliklar haqiqatan ham ovoz berishni istasa, Senatda o’z ovoziga ega bo’lishni xohlasa, taklifim ularga shu huquqni beradi. O’tgan 200 yil ichida kamida olti million aholi yoki 10 ming kvadrat milya hududga ega bo’lganlargina shtat maqomini olgan. Vashington bu talabga javob bermaydi”, - deydi u.

Biz boshqa shtatga qo’shilishni istamaymiz, deydi shahar vakili Oye Ovovela.

“Biz Merilend rezidenti emas, Vashington rezidenti bo’lishni xohlaymiz. O’z ovozimizga ega bo’lishni ham istaymiz. Maqsadimiz boshqa shtatga qo’shilish emas, 51-shtat bo’lish”, - deydi u.

Vashingtonliklar o’tgan yili Ovovelani Vakillar palatasiga delegat qilib sayladi. AQShda tug’ilgan Ovovela nigeriyaliklar farzandi. Nigeriyada poytaxtliklar ovoz berish huquqiga ega o’z qonunchilarini saylay oladi.

Huquqshunos Pol Stauss Senatga shahardan saylangan ikki vakildan biri. Unda ham ovoz berish huquqi yo’q.

“Amerikaliklarga va dunyoga Kolumbiya okrugida alohida shtat barpo etishning ahamiyatini o’rgatmoqchiman. AQSh dunyo bo’ylab targ’ib qiladigan qadriyatlariga, avvalo, o’zi sodiq bo’lsin”, - deydi u.

Norton taqdim etgan qonun loyihasi Vakillar palatasida ko’rib chiqiladi. Demokratlar ustun qonunchilik organida u qabul qilinishi mumkin, ammo Senatdagi respublikachilar qarshiligini yengib o’tishi dargumon.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG