Breaking News

Demokratlar immigratsiyaga oid qonun loyihasini taqdim etdi


AQShda demokrat qonunchilar immigratsiyaga oid qonun loyihasini taqdim etdi. Unda huquqiy maqomi yo’q taxminan 11 million odamga sakkiz yil ichida fuqarolik berish, vizalarni ko’paytirish, boshpana berishga doir arizalarni ko’rib chiqish uchun moliyani oshirish ko’zda tutilgan.

Hujjatda, shuningdek, AQSh-Meksika chegarasida narkotiklar va odam savdosiga qarshi kurashish uchun texnologiyalarni kuchaytirish, hujjatsiz muhojirlarni ekspluatatsiya qilgan kompaniyalar uchun jarimani oshirish, immigratsion sudlar uchun ko’proq pul ajratish haqida gap boradi.

Agar loyiha ovozdan o’tsa, qishloq xo’jaligi ishchilari, AQShga bolaligida olib kelinganlar hamda “vaqtinchalik himoya” maqomi berilgan odamlar fuqarolikni olish uchun uzoq kutmaydi. Ular darhol grin kartani qo’lga kiritib, uch yildan so’ng fuqarolik uchun hujjat topshirishi mumkin.

12 demokrat qonunchi homiyligida taqdim etilayotgan mazkur qonun loyihasi Prezident Jo Bayden birinchi ish kunida belgilagan prioritetlarni aks ettiradi.

“Takliflar tizimni modernizatsiya qiladi, mehnatsevar odamlarga fuqarolik uchun yo’l ochadi, oilalarni birlashtiradi, qonuniy immigratsiya uchun imkoniyatlarni kengaytiradi, Amerika innovatsiya o’cho’g’i va qochqinlar uchun umid manbai bo’lib qolishini ta’minlaydi”, - deydi senator Bob Menendez.

Kongressda AQSh immigratsiya tizimini qanday isloh qilish bo’yicha tortishuvlar o’nlab yildan beri davom etmoqda. Fuqarolik to’g’risidagi keng qamrovli qonun so’nggi bor 1986-yilda qabul qilingan. O’shanda Prezident Ronald Reyganning imzosi bilan 3 million immigrant qonuniy maqomni qo’lga kiritgan.

Ba’zi respublikachi senatorlar qatorida konservativ “Heritage” siyosiy tahlil markazi ham takliflarga qarshi ekanini bildirdi.

“Bunday loyiha pandemiya sabab tibbiy va iqtisodiy inqirozdan aziyat chekayotgan Amerika mehnatkashlariga faqatgina zarar yetkazadi”, - deydi markaz ijrochi direktori Jessika Anderson.

AQSh Vakillar palatasida Baydenning partiyadoshlari, demokratlar ko’pchilik. Ammo Senatda demokratlar va respublikachilar 50-50, ya’ni teng o’ringa ega. Vitse-prezident Kamala Harris, zarur bo’lsa, Senatda hal qiluvchi ovozni berishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG