Musulmon amerikaliklar Tramp ma’muriyati davrida joriy etilgan viza cheklovlari, jamoatchilik orasida “musulmonlarga taqiq” deya tanilgan farmon bekor qilinganini olqishlamoqda. Sobiq prezident cheklovlarini joriy etishda davlat xavfsizligini sabab qilib ko’rsatgan edi.
Usama Jamol Musulmon tashkilotlar AQSh kengashini boshqaradi.
“Jo Bayden Oq uyda ish boshlashining birinchi kunidayoq eski farmonni bekor qilishini aytgan edi. Bundan xursandmiz. Musulmonlarning AQShga kelishini cheklaydigan qaror Trampning to’rt yillik boshqaruvi davrida qabul qilingan edi”, - deydi u.
Cheklov Trampning immigratsiya borasidagi birinchi qarori edi. Abrar Omeysh singari musulmonlar o’zgarishlardan mamnun.
“Jo Bayden prezidentlikka harakat qilayotganida bu mavzuga e’tibor qaratishini aytgan edi, lekin ishonmagandim”, - deydi u.
Abrar Omeysh Amerikada tug’ilib, shu mamlakatda ulg’aygan. 2019-yilda Virjiniyadagi maktab kengashiga saylandi. Tramp davrida joriy etilgan taqiq sabab, deydi u, bu jamiyatda o’zimni begonadek his qildim.
“Shu yerda tug’ilgan bo’lsam-da, o’zimni ikkinchi darajali fuqarodek his qildim. Masalan, do’stlarim, tengdoshlarimning olisdagi qarindoshlari, yaqinlari bayramlarda, bitiruv marosimlari yoki katta tadbirlar paytida bemalol Amerikaga kela olishadi. Oxirgi to’rt yilda men bu haqda o’ylaganim ham yo’q”.
Omeyshning Liviyada qarindoshlari bor. Sobiq prezident Tramp 2017-yilda imzolagan hujjatda tilga olingan mamlakatlardan biri aynan shu edi. Ro’yxatda Eron, Iroq, Somali, Sudan, Suriya va Yaman ham bo’lgan.
O’shanda AQSh rasmiylari bularni o’z xavfsizligini ta’minlay olmaydigan davlatlar deya ta’riflagan va Amerikani himoya qilish kerakligini aytgan.
Prezidentligining birinchi kunida Bayden qarorni bekor qildi. Uning aytishicha, cheklovlar Amerika sha’niga dog’ tushirgan, oilalarni bo’lib qo’ygan, ittifoqchilik rishtalariga putur yetkazgan.
Musulmon tashkilotlar Baydenning immigratsiyani isloh qilish rejasini qo’llab-quvvatlashini aytadi.
“Immigratsiya tizimi islohotga muhtoj ekanini tushunamiz. AQShga kimlar va qanday shartlar asosida kelishini qayta ko’rib chiqish kerak”, - deydi Usama Jamol.
Prezident Bayden, shuningdek, yiliga 125 ming qochqinga boshpana berilishini aytmoqda. Tramp davrida bu ko’rsatkish 15 ming edi.
Facebook Forum