Breaking News

Xitoy xakerlari uyg'urlarga tuzoq qo'ymoqda


Xitoy xakerlari “Facebook” tarmog’ida soxta sahifalar va vebsaytlar yaratib uyg’urlarning kompyuterlari va smartfonlaridan ma’lumot olishga uringan. Bu haqda “Facebook” tarmog’i ma’lum qildi.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, yuksak texnologiyalar jalb etilgan maxfiy operatsiya shinjonlik faollar, jurnalistlar va dissidentlarni ta’qib qilishga mo’ljallangan. Turkiya, Qozog’iston, AQSh, Suriya, Avstraliya, Kanada va boshqa mamlakatlardan panoh topgan uyg’urlarga doir ma’lumotlarni to’plashga qaratilgan.

Xakerlar uyg’urlar auditoriyasi keng qo’llanadigan vebsaytlarning qalbaki versiyalarini yaratgan. Shinjon musulmonlariga aqlli tuzoq qo’yishni rejalagan.

Soxta “Facebook” sahifalari va saytlarga xakerlar tizimiga ulangan maxsus havolalar (link) kiritilgan. Ulardan foydalangan shaxs kompyuteri yoki smartfoni josus xakerlar o’ljasiiga aylangan.

Xakerlar dasturi foydalanuvchining joylashgan hududi, yozishmalari va telefonidagi aloqalarini aniqlash imkonini beradi. Bu haqda tergov tadqiqotini amalga oshirgan “FirEye” kiber xavfsizlik firmasi ma’lum qildi.

“Facebook” jamoasining bildirishicha, 2019-2020-yillarda qariyb 500 nafar foydalanuvchi xakerlar tuzog’iga ilingan. Kompaniya o’zining doimiy xavfsizlik tekshiruvlarida bu haqda bilib qolgan. Anonim va soxta sahifalarga blok qo’ygan. Xuruj qurboniga aylangani taxmin qilingan shaxslarni ogohlantirgan. Kiber hujum operatsiyalari asosan foydalanuvchilarni havolalar orqali jalb etish yo’li bilan “Facebook”dan tashqaridagi platformalarda amalga oshirilgan.

“FireEye” ekspertlari xakerlar Xitoyda joylashgan ikki texnologiya kompaniyasi vakillari ekanini aniqlagan. Operatsiyaga Shinjonda uyg’urlar va boshqa musulmonlarga zulm qilib kelayotgan Xitoy hukumati buyurtma bergani taxmin qilinmoqda.

Ayni damda 1 milliondan ziyod Shinjon musulmonlari qamoqxonalardan farq qilmaydigan “qayta tarbiyalash lagerlari”da ushlab turilibdi. Mahkumlarga qiynoq qo’llanmoqda. Shinjon aholisi majburiy mehnatga tortilgan. E’tiqod va so’z erkinligi toptalmoqda. Pekin uyg’urlarning milliy o’zligini yo’qotish maqsadida zulmni tobora kuchaytirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG