27-mart kuni Nyu-Yorkda jahondagi avtoritar tuzumlarga qarshi namoyish va marsh bo’lib o’tdi. Uni jahon bo’ylab demokratiyani targ’ib qilish xalqaro onlayn harakatiga aylanib borayotgan “Milk Tea Alliance” tashkil qilgan.
Namoyishda Markaziy Osiyo vakillari ham qatnashdi. “Erkin qozoqlar” harakati yetakchisi Gani Stambekov va Turkmaniston vakili bayroq ko’tarib chiqdi.
Namoyish qatnashchilari Bruklin ko’prigi orqali yurish qildi. Marshda mingga yaqin odam qatnashgan.
“Erkin qozoqlar” harakati yetakchisi Gani Stambekov bu yurishdan maqsad, unda qatnashish sabablari va markaziy osiyolik muhojirlarning aksariyati bu kabi mavzularga befarq qolayotgani haqida gapirib berdi:
"Bugun bu yerda ko'plab xalqlar namoyish va yurishga yig’ilgan. Ular jahonning har qayeridagi avtoritarizmga qarshi. Yig’ilganlarning kattagina qismi myanmaliklar. Ma’lumki, u yerda harbiy to’ntarish yuz bergan va mamlakat yetakchisi qamoqqa olingan. Shuningdek, bu yerda Tailand, Gonkong, Tibet vakillari va bizlar chiqqanmiz. Turkmanistondan ham odam bor. Biz bugun mamlakatlarimizdagi diktatorlik rejimlariga qarshi va xalqlarimiz ozodligi uchun namoyishga chiqqanmiz.
Biz birinchi navbatda diktatorlik hukmron Qozog’istondagi xalq ozodligi uchun, diktator Nazarboyev va mamlakatdagi korrupsiyalashgan hukumatga qarshi chiqqanmiz. Qozog’istonda erkinlik va demokratiya uchun, shuningdek, Xitoyda yashaydigan qozoqlar ozodligi uchun biz keldik. Yarim million qozoqlar hozir Xitoydagi konsentratsion lagerlarga joylangan.Biz ularning ozodligi uchun ham namoyish qilyapmiz.
Janubi-Sharqiy Osiyo xalqlari mana bunday namoyishlarga ommaviy chiqqanligini ko’ryapmiz. Markaziy osiyoliklar esa namoyishlarga juda kam sonda chiqishlari, albatta, meni ruhan ezadi. Markaziy Osiyodagi deyarli barcha mamlakatlarda diktatura, adolatsizlik, korrupsiya bor. Ana shu davlatlarning Qo’shma Shtatlarga ko’chib kelgan sobiq fuqarolar nega namoyishlarga chiqmasligi, nega ular o’z xalqlarining erki va huquqlari uchun kurashmasligi meni hayron qoldiradi. Masalan, Amerikada 50 ming atrofida qozoqlar va qozog’istonliklar yashaydi. Nega xuddi gonkongliklar va tibetliklar kabi shulardan hech bo’lmaganda 200 tasi bu kabi namoyishga chiqmaydi? Afsuski, men bu holni tushunmayman.
Buning sababi ularning o’z mamlakati va xalqi taqdiriga o’ta befarqligida deb o’ylayman. Masalan, bu yerga mashhur qozog’istonlik bokschi Gennadiy Golovkin musobaqaga kelganda yoki xonanda Dimash Xudoybergenov konsert bersa, jamiyatning 2-3 ming a’zosi yig’iladi. Lekin o’z xalqining va mamlakatining ozodligi uchun chiqish kerak bo’lganda, afsuski, sanoqlilari keladi.
Bu yerda [AQSHda] huquq himoyasi bilan shug’ullanuvchi, siyosiy va muxolifatchilar nodavlat tashkilotlarini tashkil qilish uchun katta imkoniyatlar bor. Bu yerda buning uchun to’siqlar yo’q, aksincha, barcha sharoitlar yaratib qo’yilgan. Menimcha, buning uchun harakat va xohish kerak. Imkoniyatlar bor. Qozog’iston va boshqa davlatlarda qolgan o’z qarindoshlari taqdiri haqida xavotirlanadiganlarga kelsak, mana men ularga bir misol bo’lishim mumkin. Mening onam va akam Qozog’istonda yashaydilar. 3 yillik siyosiy va huquq yo’nalishidagi faolligim ortidan ularga hech narsa bo’lgani yo’q. Shuning uchun qo’rqmaslik kerak. Qo’rquvdan ustun kelish kerak. Agarda qo’rqib yashasak, bizning xalqimiz hech qachon diktatura iskanjasidan qutulmaydi".
Facebook Forum