Breaking News

BMT ekspertlari Shinjonda ichki vaziyatni o'rganmoqchi


Xitoy tashqi ishlar vazirining Turkiyaga tashrifi chog'ida uyg'urlar namoyishga chiqdi. Istanbul, 25-mart, 2021.
Xitoy tashqi ishlar vazirining Turkiyaga tashrifi chog'ida uyg'urlar namoyishga chiqdi. Istanbul, 25-mart, 2021.

BMT ekspertlari Xitoyning uyg’urlar va ozchilikni tashkil etuvchi boshqa musulmonlarga nisbatan qo’llayotgan repressiyasidan xavotirda.

Xitoyda 150 dan ziyod mahalliy va xorijiy kompaniyalar Shinjon aholisining huquqlarini oyoqosti qilayotganlikda ayblanmoqda. Bu haqda BMT ning Biznes va inson huquqlari bo’yicha ishchi guruhi ma’lum qilgan.

“Xitoyning o’zi a’zo bo’lgan Inson huquqlari kengashi tomonidan tayinlangan mustaqil ekspertlar sifatida Xitoyga (xususan, Shinjonga) rasmiy tashrif bilan borishimiz joriy vaziyatni erkin va to’siqlarsiz baholashimiz uchun ideal imkoniyat bo’ladi”, deya bayonot berdi guruh.

Ko’plab Xitoy kompaniyalari, shuningdek, xorijiy firmalar ham qullar mehnatidan foydalanayotganlikda yoki majburiy mehnat evaziga yetishtirilgan mahsulotlardan daromad olayotganlikda ayblanmoqda. Ular orasida global bozorda nufuzga ega bo’lgan brendlar ham bor, deydi ekspertlar.

Ishchi guruh Xitoy hukumatini inson huquqlariga doir barcha xalqaro qonunlar, normalar va standartlarga amal qilishga chaqirgan. Ozchilik qatlam huquqlarini ta’minlashni so’ragan.

Xitoy inson huquqlarini poymol etib kelayotan mamlakatlar ro’yxatida. Xususan, uyg’urlar va boshqa musulmonlarni “qayta tarbiyalash lagerlari”da saqlamoqda. Mahbuslarni qiynoqqa solib, jinsiy zo’ravonlik qurboniga aylantirmoqda. Majburiy mehnatga tortish hollari tabiiy normaga aylanib ulgurgan. Musulmonlarning ko’payishini oldini olish maqsadida majburiy sterilizatsiya kampaniyasi kuchaytirilmoqda.

Biroq Pekin ayblovlarni inkor etib kelmoqda. Hukumatning Shinjondagi pozitsiyasi diniy ekstremizmning oldini olishga qaratilganini iddao qilmoqda.

Britaniya, Kanada, Yevropa Ittifoqi va AQSh Shinjonning siyosiy va iqtisodiy elitasi vakillariga sanksiyalar joriy qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG