Breaking News

"The Bukharian Times": Buxoro yahudiylari hayotini aks ettiruvchi nashr


Amerikadagi Buxoro yahudiylari hayotidan lavha
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:47 0:00

Nyu-Yorkda nashr qilinadigan “The Bukharian Times” Buxoro yahudiylari jamiyati gazetasidir. U - Markaziy Osiyo respublikalaridan Qo’shma Shtatlarga kelib, yangi hayot boshlagan jamoa bugun qanchalik ravnaq topgani va bu insonlar uchun o’z matbuotiga ega bo’lish naqadar muhim ekanini anglatuvchi nashr.

“Men har qanday reklamani gazetaga joylay olmayman. Hatto peshtoqida kosher go’shti deb yozilgan bo’lsa-da, uni reklama qilolmayman. Shuningdek, ochiq-sochiq kiyingan ayollar ishtirok etadigan konsertlar e’lonini ham berolmayman. Bunday nashrni chiqarish oson ish emas. Lekin bu ishni uddasidan chiqayapmiz, chunki jamiyatimiz gazetasi bo’lishini doim orzu qilganman”, - deydi “The Bukharian Times” gazetasi bosh muharriri, asli samarqandlik Rafael Nektalov.

Buxoro yahudiylarining AQShdagi eng yirik qismi Nyu-York shahrining Kvins tumanida o’rnashgan. 1990-yillarda Markaziy Osiyodan kelgan bu guruh shaharda o’z madaniy markaziga ham ega.

5 qavatli binoning har bir g’ishtidan tortib ichidagi buyumlarigacha Rafael Nektalov uchun qadrli. Chunki inshoot uning ko’z o’ngida shakllangan, bunyod qilingan.

Imoratning birinchi va ikkinchi qavati shu atrofdagi eng yirik sinagoga hisoblanadi. Markazning faoliyati ana shu sinagoga atrofida qurilgan.

Rafael Nektalov yuritadigan nashr muassisi ham shu markaz. Buxoro yahudiylari markazi prezidenti Leon Nektalov, jamiyat gazetani ham moddiy, ham ma’nan qo’llab kelayotganini aytadi.

“Mazkur ro’znoma Nyu-Yorkdagi Buxoro yahudiylari markaziga tegishli. U jamiyat ichida nimalar bo’layotgani haqida a’zolarimizni xabardor qilish, qanday bayramlar, tadbir va marosimlar qachonga belgilanganini bilintirish uchun juda muhim. Umuman hamma yangiliklar shu gazeta orqali yetkaziladi”, - deydi markaz rahbari.

Markazdagi sinagoga bu atrofdagi Buxoro yahudiylarini har kuni ibodat vaqtida bir joyda yig’adi. Binodagi qator tashkilotlar esa nafaqat Nyu-York balki butun jahondagi Buxoro yahudiylarini o’zaro bog’lashga intiladi.

Gazeta tahririyati ham shu binoda joylashgan.

“Gazetaning biz uchun qadri baland. Chunki gazetada Buxoro yahudiylari dunyosida nimalar sodir bo’layotganini, u xoh Isroilda, yoki Avstriyada, hatto Avstraliyada yoki Kanadada bo’lsin, shu gazeta orqali xabar topamiz”, - deydi markaz prezidenti Leon Nektalov.

Buxoro yahudiylari tili va madaniyatini saqlashda ham gazetaning hissasi buyuk, deydi Kvinsda yashab ijod qilayotgan professor, teatr va kino rejissyori Boris Kattayev.

“Bu gazetaning madaniyat sohasi uchun roli juda katta. Masalan o’zim spektakl qo’yganimda kelib Rafael Nektalov bilan maslahatlashganman. “Spektakl qo’yaman, menga yordam berasizmi?”- deganimda, gazetaning har bir nomerida teatrda bo’layotgan ishlar to’g’risida axborot berdilar, reportaj tayyorladilar, intervyular qildilar. Bu bizlarga katta kuch va yordam beradi. Biz bu yerda tojik va o’zbek tillarida spektakllar qo’yganmiz va qo’yib kelyapmiz. Maqsadimiz til unutilmasin”, - deydi Kattayev.

2002-yilda asos solingan “The Bukharian Times” qariyb 20 yildirki tanaffussiz haftada bir marta chiqadi. Bunda bosh muharrir Rafael Nektalovning jonkuyarligi muhimligini u bilan boshidan yonma-yon ishlayotganlar ta’kidlashadi.

“U epchil. Barcha bilan aloqa qiladi, shu jumladan turli mamlakatlar bilan ham. Gazetaga maqolalar topib keladi. Bizning vazifamiz esa nashrning adabiy qismini ta’minlash va korrektura. Asosiy vazifamiz shulardan iborat. Va dizayniga ham qaraymiz. Mabodo xato o’tgan bo’lsa to’g’rilaymiz”, - deydi gazetaning badiiy muharriri va musahhihi Vladimir Aulov.

“Gazetamiz boshida 16 sahifadan iborat edi. Keyin 48 sahifagacha chiqdi. Biz gazeta turfa mavzularni qamrashiga erishganmiz. Biz shuningdek boshqa jamiyatlar bilan ham aloqadamiz. Gazeta turli sohalarni, hayotning turli tomonlarini yoritadi. San’atshunoslar, fan arboblari ishlarini, xullas o’quvchimizga qiziqarli bo’lgan maqolalarni berib borishga intilamiz”, - deydi tahririyat xodimi Mixail Shimanov.

Jamiyat a’zolari boshlagan bizneslar yo’nalishlari ham “The Bukharian Times” sahifalarida o’z aksini topgan.

Bu do’kondagi barcha gilamlar Samarqanddan keltirilgan. Do’koni xaridorlarining 60-70 foizini sobiq o’zbekistonliklar tashkil qiladi, deydi Kvinsda 2020-yilda o’z biznesini boshlagan samarqanlik Nosir Rajabov. Buxoro yahudiylari e’tiborini o’z mahsulotlariga qaratish uchun bu tadbirkor ham “The Bukharian Times” gazetasida reklama joylab keladi.

“Biz birinchi navbatda murojaat qiladiganimiz “The Bukharian Times” gazetasi bo’ldi. Chunki gazeta ko’p yillardan beri o’z faoliyatini yuritadi. Buxoro yahudiylarining 90 foizi “The Bukharian Times” gazetasini o’qishadi. Nega? Chunki reklamasi kerakli va albatta maqolalari qiziqarli bo’lgani uchun. Biz ham shuning uchun bu gazetaga reklama joyladik va xato qilmadik”, - deydi Nosir Rajabov.

“Vatandoshlarimiz qancha ko’p biznes ochishsa, bu albatta ular bizning gazetaga reklama joylashtirishlari imkonini shuncha oshiradi”, - deya tushuntiradi gazetaning reklama bo’limi direktori Merik Rubinov.

Reklama bor ekan, gazetaning moliyaviy ahvoli barqaror bo’lishi tayin, deydi Rubinov.

“Gazeta chiqaverishi uchun biz albatta doim reklama beruvchilarni izlaymiz.

Bizdagi reklamaning spektri keng. Bizda shifokorlar, turli biznes egalari, Amerika tashkilotlari, Televideniye, turli radiostudiyalar, xususiy kompaniyalar o’z reklamalarini beradilar va reklama uchun pul to’lashadi. Reklama beruvchilar bilishadiki, Nyu-Yorkda 60 ming atrofida Buxoro yahudiylari istiqomat qiladilar, undan tashqari rusiyzabon auditoriyamiz bor. Bular gruzinlar, armanlar va ruslar. Hozir yana O’zbekistonning Samarqand, Toshkent va ko’pgina boshqa shaharlaridan kelganlar soni oshgan. Ular rus tilini biladilar va bizning gazetani olib o’qiydilar. Ular ham bizga reklama beradilar. Bizda yillab reklama joylaydiganlar ham yig’ilgan”, - deydi Merik Rubinov.

Tahririyat xodimlariga ko’ra, ular chiqarayotgan gazeta allaqachon jamiyat ko’zgusiga aylangan. Undagi maqolalar orqali bu jamiyatning tarixini o’rgansa ham bo’ladi.

Rafael Nektalov Buxoro yahudiylari Qo’shma Shtatlarda ildiz otganidan, u ravnaq topayotgani-yu shu bilan birga o’zining azaliy orzusi bo’lgan haftalik gazetasining shu kunlarda mingginchi sonini nashrga tayyorlayotganidan xursand.

“Amerika - immigrantlar mamlakati. Va ularning har bir to’lqini unda ildiz otadi.

Ko’pchilik biz bu yerga vaqtincha kelganmiz deydi, yaqin orada baribir ko’chib ketamiz deyishadi. Lekin vaqt o’tishi bilan ko’rasizki, qabristonlar tashkil etiladi, bolalar bog’chalari-yu maktablar ochiladi. Ana shu tarzda jamoalar tashkil topadi. Bizning jamiyatimiz o’zini o’zi ta’minlayotganlar qatorida. Hozir bizning 40 ta sinagogamiz bor. 4 ta mana shunday yirik binolarimiz turli tumanlarda qad rostlagan. Bizning maktablarimiz, bir maktab emas, maktablarimiz bor. Bizning o’z muzeyimiz bor, bizning gazetalarimiz, jurnal, televideniye va radiolarimiz bor”, - deya mamnunligini izhor qiladi Rafael Nektalov.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG