Breaking News

Amerikada o'zbekistonliklar qachon uyushadi?


AQShdagi o'zbekistonliklar: birlashishga ehtiyoj tug'ildimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:19 0:00

1996-yil AQShda doimiy yashash huquqini beruvchi "Grin-karta" lotereyasini yutgan o'zbekistonliklar soni 375 nafar edi. So'nggi yillarda ular soni har yili to’rt mingdan tushgani yo’q. Omadi chopib Amerikaga ko’chib kelayotgan o’zbekistonliklar AQShda vujudga kelgan yangi etnik jamoa safini to’ldirib bormoqda. Ayni paytda ular yangi vatandagi sinovlardan o’tish uchun birlashishga ehtiyoj sezmoqda.

Nyu-Yorkning Bruklin va Kvins tumanlari minglab o'zbekistonlik oilalar uchun ikkinchi vatanga aylangan. Ularning aksariyati "Grin karta" sohiblari.

Furqat Melikov ishlaydigan oshxonada har kuni kamida 20 kilogramm guruch damlanadi. Palov tanovvul qilish uchun bu yerga har kuni kamida 80-100 odam kiradi.

“Ehtiyoj bo’lgani uchun oshxona ochishga qaror qildik. Bundan tashqari yana ikkita oshxonamiz bor. Brayton-Bichdagisini “Uzbechka” deb nomlaganmiz. Talab ortib borayapti, xalqimizga milliy taomlarni tortiq qilib, odamlar ko'nglini ko'tarib yuribmiz”, - deydi o'zbekistonlik tadbirkor.

1996-yildan 2017-yilga qadar 56 mingdan ortiq o'zbekistonlik "Grin karta" sohibi bo’lgan.

“Grin karta" yutgan o'zbekistonliklarning aksariyati AQShga o'z oila a'zolari, ko'p sonli farzandlari bilan ko'chib kelib, bu yerda hayotini yangidan boshlagan. Ularning oila a'zolari ham hisobga olinsa, lotereya orqali AQShga 200 mingdan ziyod o'zbekistonlik ko'chib kelgan, deyish mumkin.

O'zbekiston rasmiylari hisobiga ko’ra, o'tgan 27 yillik davr ichida 90 mingdan ortiq o'zbekistonlik doimiy yashash joyi sifatida rasman AQShni tanlagan.

Nyu-Yorkda yashovchi jurnalist va yozuvchi Husan Tursunovning aytishicha, okean ortiga kelgan vatandoshlar ko'p, ammo jamoa hali diaspora sifatida shakllanmagan.

“Amerika Qo'shma Shtatlarida juda katta o'zbek jamoasi bor. Ishonchim komilki, Amerikada 50 ta shtat bo'lsa, har birida o’zbek bor. Qaysidir shtatda ko'proq. Masalan, o'zbeklar, o'zbekistonliklar jamoasining eng ko'pi, mening fikrimcha, Nyu-Yorkda. Lekin, mening kuzatuvlarim shunaqangi xulosalarga olib keldiki, biz uyushmaganmiz. Kim qayerda, nima qilyapti, jamoalarning faollari kim? Bizning oldimizda muhim masalalar turibdi”, - deydi Husan Tursunov.

O'zbekistonlik muhojirlarning AQShdagi hayotini silliq deb bo'lmaydi.

Kvinsda yashovchi 53 yashar Nodira Yusupova muhojirotdagi hayotining to'qqizinchi yilida vatandoshlar tashkilotiga ehtiyoj sezdi.

“Diasporaning o'z tashkiloti, albatta, bo'lishi kerak deb o'ylayman. 2018-yilga qadar men bu borada hatto o'ylamagan ekanman. Chunki bunga ehtiyoj sezmaganman. Yaqinda shu masalaga doir bir voqeaga duch keldim. Bunga o'zbekistonlik bir fuqaroning kechinmasi sabab bo'ldi. Men u odamning ismini aytishni joiz deb bilmayman, xullas, yurtdoshimiz qiyin ahvolga tushib olamdan o'tdi. Shunda biz, uning yonida turganlar, shoshib qoldik. Kimga va qayerga murojaat qilishni ham bilmadik. Yurtdoshimiz o'ldi, ammo uning yonida hech kimi yo'q edi", - deya eslaydi Nodira Yusupova.

Turmushiga darz ketishi, farzand dog'ini ko'rishi ortidan hayoti ostin-ustun bo'lgan yurtdoshining ko'chada qolib ketganini ko'rgan Nodira Yusupova befarq turmadi. Vatandoshga yordam qo'lini cho'zdi; ijaraga uy topib, yonidan pul sarfladi, kasalxonaga yotqizdi.

“Bu yerga u oilasi bilan ko'chib kelgan. Ular hozir boshqa shtatda turishadi. Turmushdagi kelishmovchilik boismi, tushkunlikka tushgan bo'lgan. Bilishimcha, u farzand dog'ini ko'rgan, xotini bilan ajrashgan. Buning ortidan kuchli depressiyaga tushgan, katta shaharda o'z muammolari girdobida g'arq bo'lgan. Yolg'iz qolgach, inson, albatta, iztirob chekadi. Oqibatda xastalanib qolgan. Kasal bo'lgach, yordam so'rab menga murojaat qildi. Biz unga yordam berdik, tibbiy sug'urta ochdik. Tekshirtirdik. Tibbiy ko’rik unda gepatit C virusi borligini ko’rsatdi. Unga muolaja belgilashdi. Yelib yugurishimizga qaramasdan u odam olamdan o'tdi. Uning o'limidan so'ng men muammolar girdobida yakkalanib qoldim. Marhumning bir-ikkita oshnasidan tashqari hech kim menga yordam bermadi. Shu voqeadan so'ng yurtdoshlarimizning tashkiloti bormikan, deb o'ylanib qoldim”, - deydi Nodira Yusupova.

Qabristonda yuz bergan voqea Nodira Yusupovani larzaga soldi. Shu kuni qabristonda mayitni dafn etishga o'zlari to’plagan pul yetmadi.

“Men yuzaga kelgan vaziyatni ko’zimda yosh bilan qabriston ma'muriyatiga tushuntirayotganimda yaqinlarini dafn etishga kelgan pokistonliklar yordamlashdi. 15 daqiqa ichida zarur mablag'ni yig'ishdi. Ular 30-40 kishi edi. Har biri 50-100 dollardan berishdi. Shu tariqa yetmayotgan, chamasi, 1600-1700 dollar pulni 15 daqiqada to’plab berdilar. So'ngra traktor qabr qaziy boshladi va biz nihoyat mayitni ko’mishga muvaffaq bo’ldik. Shunda men “mana, musulmon jamoasi qanaqa bo'ladi” deganman. Nimaga bizda shunaqa jamoa yo'q? Axir biz ancha yillardan buyon bu yerda yashayapmiz-ku! 2009-yilda ko'chib kelganimda ozchilik edik. Hozir ko'payganmiz. O'zim yashayotgan ko'p qavatli uyda kamida 10 ta o'zbek, tojik oila yashaydi. O'ylaymanki, boshqa uylarda ham vaziyat shu. Nahotki, biz ko'pchilik bo'la turib, o'z jamoamizni tashkil qila olmasak. Musofirchilikda har xil holatlar yuz beradi. Hamma ham Amerikada o'z o'rnini topib ketmaydi. Shunday paytlarda bizni qo'llaydigan biror tashkilot bo'lishi kerak-ku. Har tomonlama – ham moddiy, ham ma'naviy tomondan qo'llaydigan. Yo'l-yo'riq ko'rsatib, tashkilotchilik qilishi lozim. Agar shunday tashkilot bo'lganda, qabristonga men emas, erkaklarimiz borisharmidi, to'g'rimi?” - deydi Nodira Yusupova.

O'zbekistonlik ayrim muhojirlar nazarida, Bruklinda tuzilgan ba’zi o'zbek tashkilotlari faol emas. Husan Tursunov boshqa elatlar tajribasiga murojaat qilish kerak, deydi.

“Atrofimizga nigoh tashlasak, ko’plab xitoylik, hindistonlik muhojirlarni ko’ramiz. Qolaversa, vatandoshlarimiz hisoblanadigan Buxoro yahudiylari jamoalari bor. Ularning uyushganini ko'rib hayron qolasiz. Bir-birini yaxshi bilishadi, tashkilotlari qo'llab-quvvatlab turadi. Vatan bilan aloqalari mustahkam. Ular, asosan, yoshlarni qo'llashadi”, - deydi Husan Tursunov.

Oshpaz Furqat Melikovga ko'ra, ko'p muhojir yurtdoshlar bu yerda ishlab, O'zbekistonda uy-joy qurish, to'y-hasham o'tkazishni o'ylaydi.

“Bunday musofirlarning har xil tashkilotlar safida uyushishga vaqti bo'lmaydi”, - deydi u.

Nodira Yusupova ham shunga amin bo'lgan.

“Odamlarga hamyurtimiz olamdan o'tdi, falon kun falon masjidda janoza bo'ladi, undan keyin Bruklinda shunaqa joyda maraka o'tkazamiz, degandik. O'zimiznikilardan hech kim kelmadi. Xabar berilgandi, ammo odamlar ishdamiz deyishgan”, - deydi u.

Suhbatdoshimizga ko'ra, o'zbekistonliklar bu yerda ham O'zbekistondagi kabi oqibatli bo'lishlari kerak. Buning uchun jamoa tashkilotlari bayramlar uyushtirish bilan cheklanmay, musofirlarning dardiga ham e'tiborli bo'lishi zarur.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG