Bishkek va Oʻsh shaharlarida ayollarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi namoyish boʻlib oʻtdi. Faollar “Zoʻravonlikka qarshimiz”, “Militisiya meni himoya qiladimi?”,“Yana qancha odam oʻlishi kerak?”, “Men xavfsiz mamlakatda yashashni istayman”, “Qiz olib qochish — jinoyat” kabi shiorlar bilan chiqdi.
Ularga koʻra, militsiya jinoyatchilikning oldini olish uchun jamoatchilik bilan hamkorlikda ish olib borishi kerak.
Mitinglarga Bishkek shahrida 5-aprelda majburan nikohlab olish maqsadida oʻgʻirlanib, keyin oʻldirilgan 27 yoshdagi Ayzada Kanatbekovaning voqeasi sabab boʻlgan. Faollar Ayzadaning oʻgʻirlanishiga Ichki ishlar vazirligi kerakli darajada eʼtibor qaratmadi, deb norozi boʻlmoqda.
“Bizda ayollar doim kamsitiladi. Turli latifa, hazillar aytiladi. Erkaklar shularni aytib, zoʻravonlikni meʼyoriy koʻrinishga keltirishadi. Hukumat esa bu masalaga befarq munosabatda”, - deydi bir namoyishchi.
Bishkek ichki ishlar boshqarmasi bergan maʼlumotga koʻra, Ayzadani oʻgʻirlashda gumon qilingan 31 yoshli fuqaro qizni boʻgʻib oʻldirib, soʻng oʻz joniga qasd qilgan.
Statistikaga koʻra, Qirgʻizistondagi har 17-qiz ixtiyoriga zid ravishda olib qochiladi. Ikki yil avval olib qochilgan Burulay Turdali qizi ham halok boʻlgan edi. Uning oʻlimiga majburan nikohiga olmoqchi boʻlgan shaxs aybdor deb topilib, 20 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
“Ayollarga nisbatan zoʻravonlik holatlari pandemiya davrida yanada kuchaydi”, - deydi mitingda qatnashgan faollardan biri Aqilay Karimova. Uning aytishicha, ayollarning huquqini saqlash, zoʻravonliklarga qurbon boʻlishining oldini olish uchun islohotlar tizimli bo’lishi kerak.
“Tizimli oʻzgarishlar zarur. Shuningdek, jamoatchilik nazorati kerak. Biz militsiyaning, prokuraturaning faoliyatini, tergovni nazorat qila olish huquqiga ega boʻlishimiz kerak. Aks holda Qirgʻizistonda qiz bolaning hayoti, uning huquqlari hayvondan ham past boʻlib ketdi”, — deydi Karimova.
Oʻsh shahar ichki ishlar boʻlimining xodimlari namoyishchilar bilan uchrashib, ularning savollariga javob berdi.
Prezident Sadir Japarov ham bu haqda oʻzining “Facebook” sahifasida yozib, Ayzada Kanatbekovaning oʻgʻirlanishini “uning oilasi uchungina emas, butun mamlakat uchun fojia” deb atadi.
Oʻshdagi miting ishtirokchilaridan birining aytishicha, qirgʻiz jamiyatida qiz olib qochish jinoyatiga befarqlik bor. Olib qochish voqealari qayd etilganda, militsiya ham bunga jiddiy ahamiyat bermaydi.
Facebook Forum