Breaking News

Xitoy: AQSh o'z xatolarini tuzatish ustida ishlasin


Yaponiya Bosh vaziri Yoshixide Suga (chapda) AQSh Prezidenti Jo Bayden bilan, Vashington, 2021-yil, 16-aprel
Yaponiya Bosh vaziri Yoshixide Suga (chapda) AQSh Prezidenti Jo Bayden bilan, Vashington, 2021-yil, 16-aprel

Xitoy rasmiylari AQSh va Yaponiya shanba kuni e’lon qilgan qo’shma bayonotga e’tiroz bildirib, bu davlatlar “xalqaro tartibni belgilash mavqeiga ega emas”, deb aytdi.

Oq uyda o’tgan uchrashuvda AQSh va Yaponiya yetakchilari Gonkong va uyg’ur musulmonlari yashovchi Shinjon viloyatida inson huquqlari buzilayotgani yuzasidan o’z xavotirlarini bildirgan edi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Van Venbin Yaponiya va AQShni boshqalarga aql o’rgatguncha, o’z xatolarini tuzatishga chaqirdi. U Yaponiyaning 1930-yillarda Xitoyda qarshi agressiyasini hamda 2001-yildan beri AQSh xorijda olib borayotgan bosqinchilik yurishlarini tilga oldi.

Oq uyda e’lon qilingan bayonotda Tayvan bo’g’ozida “tinchlik va barqarorlik” bo’lishi muhimligi ham tilga olindi. Bu bilan Yaponiya bosh vaziri 1969-yildan beri ilk bor AQSh bilan birga Tayvan masalasini ko’tardi.

Bunga javoban Van Xitoyning Tayvan ustidan haqli da’voga ega ekanini qayd etib, ikki davlatni “Xitoy ichki ishlariga va Xitoy manfaatlariga aralashishni zudlik bilan to’xtatish”ga chaqirdi.

So’nggi yillarda Vashington va Pekin bir qator masalalarda kelisha olmayapti. Tibet va Shinjondagi inson huquqlari masalasi, Gonkongda demokratiya tarafdori bo’lgan namoyishlarning zo’rlik bilan bostirilishi, Xitoyning Tayvan va Janubiy Xitoy dengizidagi hududlar ustidan da’vosi o’zaro ziddiyatlarni yanada kuchaytirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG