Xitoyning “Bir makon, bir yo’l” loyihasi doirasida turli davlatlarga berilayotgan qarz shartlari juda maxfiy bo’lib, ular Pekinning xorijiy mamlakatlardagi tas’ir doirasini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Xitoy va boshqa davlatlar o’rtasida tuzilgan 100 ta qarz shartnomasini o’rgangan tadqiqotchilar shunday xulosaga keldi.
“Qarz oluvchilar va Xitoyning davlatga qarashli banklari o’rtasida tuzilgan shartnomalarda xavotirli shartlar borligini ko’rsak-da, ular xalqaro standartlarni buzadi, deb aniq ayta olmaymiz, chunki, ba’zi istisnolardan tashqari, bunday standartlarning o’zi yo’q”, - deydi “Xitoy qanday qarz beradi?”hisoboti mualliflari.
2013-yilda boshlangan “Bir makon, bir yo’l” tashabbusi Xitoyni Osiyo, Yevropa va Afrika bilan bog’lovchi quruqlik va dengiz savdo yo’llarini qurish loyihalarini o’z ichiga oladi.
Yangi infratuzilmaning barpo bo’lishi va iqtisodiy foydalari bilan ko’plab davlatlarga jozibali ko’ringan bu loyiha amalda ko’plab rivojlanayotgan mamlakatlarni Xitoy banklariga katta miqdorda qarzdor va moliyaviy qaram qilib qo’ymoqda.
To’rtta tadqiqot instituti tomonidan o’tkazilgan tahlil Xitoyning “Bir makon, bir yo’l” tashabbusi doirasida tuzilgan 100 ta kredit shartnomalarini o’rgangan hamda ularni boshqa shu kabi xalqaro bitimlar bilan qiyoslagan.
Jorjtaun universiteti tadqiqotchisi Sem Parkerning aytishicha, ushbu hisobot Xitoy qarzlariga oid shu paytgacha mavjud bo’lgan xavotirlar to’g’ri ekanini tasdiqlagan.
“Shaffoflik yo’q. Qarzlar nimagadir bog’lab qo’yilgan. Davlatlar uchun shartlarni yoki favqulodda holatlarda shartnomani qayta muhokama qilish imkoniyati berilmagan. Xitoy hozir to’lanishi ehtimoli past bo’lgan ulkan miqdordagi qarzlarga ega. Xitoy buni qasddan qilgan deb o’ylamayman, lekin nima bo’lganda ham, u muhim inshootlarni yoki geosiyosiy foydalarni qo’lga kiritish uchun qarzlardan ta’sir vositasi sifatida foydalanyapti. Qarz diplomatiyasi uzoq muddatli jarayon, lekin cho’pchak emas”, - deydi u.
Maxfiylik shartlari
Hisobotda tadqiqotchilar uchta xulosaga kelgan.
Avvalo, hisobotga ko’ra, “Xitoy shartnomalari qarz oluvchilarga shartlarni va hatto qarzning mavjudligini boshqalarga oshkor qilmaslik kabi noodatiy maxfiylik majburiyatini yuklaydi”.
Tadiqotchilarning aniqlashicha, Xitoy Taraqqiyot banki tomonidan tuzilgan barcha shartnomalar, shuningdek, Xitoy Eksimbanki bitimlarining 42 foizi shunday shartlarga ega.
Hisobot mualliflaridan biri, Jorjtaun universiteti professori Anna Gelpernning aytishicha, bunday shartlar qarz oluvchilarni noqulay ahvolga qo’yadi.
Uning qo’shimcha qilishicha, maxfiylik shartlari qarz oluvchilarga boshqa mamlakatlardan kredit olishini ham cheklaydi. Natijada ular borgan sari moliyaviy tomondan Xitoyga qaram bo’lib boradi.
Xitoy birinchi
Hisobotda olg’a surilgan ikkinchi xulosa shuki, shartnomaga ko’ra, qarzdor mamlakat birinchi bo’lib qarzlarini Xitoyga to’lashi kerak. Ya’ni, boshqa davlatlardan ham qarzi bo’lsa, ular orasida Xitoyni birinchi o’ringa qo’yishi talab qilinadi.
Bunday shartlar qarzdorlarning Xitoyga qaramligini oshirib, ularning taraqqiy etishiga to’sqinlik qiladi, deydi Gelpern.
Jahon banki ma’lumotiga ko’ra, 2019-yilda qashshoq mamlakatlarning “Katta yigirmalik” davlatlari oldidagi qarzi 178 milliard dollarga yetgan; bu qarzlarning 63 foizi Xitoydan olingan.
Xitoyning mamkakatlar ichki siyosatiga ta’siri
Uchinchi xulosa shuki, qarzni bekor qilish, tezlashtirish va barqarorlashtirish shartlari Xitoyning qarzdor mamlakat ichki va tashqi siyosatiga ta’sir o’tkazish imkoniyatini oshiradi.
O’rganilgan shartnomalarning 90 foizdan ortig’ida, agar qarzdor mamkakatda biror jiddiy qonun qabul qilinsa yoki siyosiy o’zgarish yuz bersa, qarz beruvchi shartnomani bekor qilib, qarzlarning zudlik bilan qaytarilishini talab qilish huquqiga ega.
Agar mamlakat qarzni to’lashga qodir bo’lmasa, Xitoy o’rniga boshqa badal talab qilishi mumkin. 2011-yil qarzi yengillatilishi evaziga Tojikiston Xitoyga ming kvadrat kilometrdan ortiq hududini taqdim etgan edi.
Facebook Forum