Breaking News

Xitoy axborot urushida Kreml propagandasidan o'rnak olmoqda


Xitoy Davlat kengashi axborot idorasi anjumani, Pekin, Xitoy, 2021-yil, 24-mart
Xitoy Davlat kengashi axborot idorasi anjumani, Pekin, Xitoy, 2021-yil, 24-mart

Ekspertlar fikricha, Xitoy Amerikaning kamchliklarini fosh qilish va madaniy ziddiyatlardan qurol sifatida foydalanishda Kremlning propaganda siyosatidan o’rnak olmoqda.

Rossiyadagi davlatga qarashli ommaviy axborot vositalari kabi Xitoy matbuoti ham AQSh va G’arbdagi irqiy tengsizlik va daromadlardagi katta tafovut kabi muammolarni liberal demokratiyaning tanazzuli sifatida ko’rsatishga zo’r bermoqda. Maqsad dunyoni Xitoydagi muammolardan, xususan, milliondan ortiq etnik uyg’urlarning majburiy lagerlarga tashlanishi kabi inson huquqlarining keskin buzilishi holatlaridan chalg’itish, deydi kuzatuvchilar.

“Gonkongdagi namoyishchilarga nisbatan qo’llangan politsiya zug’umini AQShda afro-amerikaliklarga qarshi politsiya zo’ravonligi ortidan boshlangan beqarorlikka qiyoslashmoqda”, deyiladi AQShda joylashgan Atlantika kengashi yaqinda chop etgan tadqiqotda.

“Xitoyning dezinformatsiya harakati mukammallashmoqda”, - deydi “Xitoyning Dezinformatsiya strategiyasi” hisoboti muallifi, Atlantika kengashi tadqiqotchisi Dekster Roberts.

Ozodlik uyining Xitoy va Gonkong bo’yicha tadqiqotlari direktori Sara Kukning yozishicha, Pekinning dezinformatsiya taktikalari tobora ishonarli tus olayotgani xavotirli.

Unga ko’ra, hukumat bu maqsad uchun katta mablag’ va resurslar ajratmoqda; ijtimoiy tarmoqlarda hukumatga aloqador soxta sahifalar ko’paygan.

“2019-yil global dezinformatsiya maydonida Xitoyga aloqador ijtimoiy tarmoq botlari va trollar paydo bo’lgan edi. Ko’plab tahlilchilar ularning qamrovi va ta’siri ancha zaif bo’lganini e’tirof etgan, chunki haqiqiy foydalanuvchilar kam yoki Rossiya rejimi kabi mukammal ishlanmagan. Hozir bu qarashlar o’zgaryapti” – deya qo’shimcha qiladi u.

Ijtimoiy tarmoqlardagi Xitoyga aloqador sahifalarda asosiy e’tibor AQShdagi irqiy tengsizlik muammosiga qaratilgani ko’zga tashlanadi.

O’tgan oy Xitoy AQShdagi inson huquqlari buzilishi va ozchilik irqiy elatlarga nisbatan bo’layotgan tazyiqlar haqida hisobot chiqardi. Unda yozilishicha, AQShda irqchilik keng, tizimli va davomiy shaklda tarqalgan; etnik ozchiliklar “irqiy kamsitishdan xonavayron bo’lmoqda”.

Xitoy Davlat kengashi axborot idorasi tomonidan chiqarilgan hisobotga ko’ra, Amerikada koronavirus pandemiyasi nazoratdan chiqib ketgan va natijada etnik to’qnashuvlar va ijtimoiy bo’linish yanada yomonlashgan.

“Natijada mamlakatda inson huquqlari buzilishi kuchaydi”, deyiladi hisobotda.

Shu paytgacha Xitoy hukumati inson huquqlari borasida bo’layotgan tanqidlarni tashqi kuchlarning mamlakat ichki ishlariga aralashish deya baholash bilan cheklangan. Endi esa, deydi ekspertlar, Pekin Kreml tajribasidan namuna olib, qarshi hujum usullariga o’tmoqda.

Xitoyning so’nggi hisoboti chiqishi oldidan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken hamda Milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchi Jeyk Sallivan Alyaska shtatida Xitoy rasmiylari bilan muzokara olib bordi.

Muloqotda Blinken Shinjon, Gonkong va Tayvandagi Xitoy siyosati, AQShga qarshi kiberxurujlar hamda ittifoqchilarga bo’layotgan iqtisodiy bosim yuzasidan xavotirlarini bildirgan.

AQSh rasmiylariga ko’ra, Xitoyning bunday xatti-harakati qoidalarga asoslangan global tartib uchun tahdid.

“Shu bois bular shunchaki ichki masalalar emas; shu bois bizda bugun bu masalalarni ko’tarish majburiyati bor”, - deya qo’shimcha qildi Blinken.

Xitoy Kommunistik partiyasining tashqi masalalar bo’yicha bosh rasmiysi Yan Jichi Blinken fikrlariga 17 minutlik murojaat bilan javob berdi. U AQShni Xitoy ichki ishlariga aralashayotganlikda ayblab, ayni paytda Amerikaning o’zida inson huquqlari bo’yicha vaziyat yaxshi emasligini eslatib o’tdi.

“Xitoy inson huquqlari borasida barqaror yutuqlarga erishdi. Fakt shuki, AQShning ichida inson huquqlari bobida ko’plab muammolar bor”, - deya qayd etdi Xitoy rasmiysi.

“Tariximiz davomida biz qilgan narsa shuki, bu muammolarni doim ochiqchasiga, shaffof holatda va jamoatchilik oldida e’tirof etganmiz va qarshi kurashganmiz. Ulardan ko’z yummaganmiz. Ular mavjud emasdek tutmaganmiz o’zimizni”, - deya javob berdi AQSh davlat kotibi.

2020-yil Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I o’z elchilarini xorijda Pekin manfaatlarini himoya qilishda keskinroq bo’lishga chaqirishi ortidan mamlakat tashqi siyosatida tanqidlarga nisbatan toqatsizlik yanada kuchaydi.

Kuzatuvchilar fikricha, Xitoy so’nggi yillarda o’z manfaatlarini himoya qilish yo’lida soxta xabarlar tarqatish, suratlarni tahrirlab o’zgartirish, G’arbdagi muvaffaqiyatsizliklar hamda Xitoy yutuqlarini solishtirish kabi usullardan keng foydalanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG