Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari yetakchilari bilan navbatdagi uchrashuvini o’tkazdi. Unda vaksina tarqatish, pandemiyadan keyingi iqtisodiyotni tiklash va boshqa masalalar muhokama qilingan. Ekspertlarning aytishicha, Xitoy iqtisodiy yordam va diplomatiya yordamida mintaqa mamlakatlarini AQShdan uzoqlashtirib, o’z ta’sir doirasiga olishga urinmoqda.
Van o’tgan hafta Xitoyda Singapur, Malayziya, Indoneziya va Filippin tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi. Xitoy ko’plab rivojlanayotgan, kichik va o’rta hajmdagi mamlakatlar manfaatlarini himoya qiladi, dedi Xitoy tashqi ishlar vaziri uchrashuvlar ortidan tarqatilgan bayonotda.
Van nazarda tutgan davlatlar guruhi Janubi-sharqiy Osiyoning 10 mamlakati, 655 milliondan ortiq aholisining aksariyatini qamrab oladi.
Xitoy tashqi ishlar vaziri shu yil yanvar oyida, Jo Bayden AQSh prezidenti sifatida faoliyatini boshlashidan oldin Bruney, Indoneziya, Myanma va Filippinga tashrif buyurgan edi. Ushbu tashrif davomida Pekin mintaqa davlatlariga koronavirusga qarshi kurash, infratuzilma va savdoni yaxshilash bo’yicha yordam berishni va’da qilgan.
Mintaqa davlatlari va Xitoy o’rtasida aloqalar u qadar silliq emas. Tomonlar Janubiy Xitoy dengizida hudud talashib turli ziddiyatlarga kirishib turadi.
“Tashqi Ishlar vaziri Van I Xitoy hududda hamkor sifatida qolishi haqida kuchli ishora berishga urinyapti. Ular aytmoqchi bo’lgan narsa shuki, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari Vashingtonga suyanishdan oldin Pekinning oldiga borishi kerak”.
Bu orada AQSh ham mintaqada ta’sirini kuchaytirishga harakat qilmoqda. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkin va Mudofaa vaziri Lloyd Ostin o’tgan oy Tokioda Yaponiya rasmiylari bilan uchrashib, Xitoyning o’sib borayotgan ta’siriga qarshi hamkorlikni kuchaytirishni muhokama qildi. Oradan bir necha kun o’tib ular Janubiy Koreyada ham shunday muzokaralar o’tkazgan.
AQSh rasmiylarining aytishicha, Vashington o’tgan yili Janubiy Xitoy dengiziga 10 marta harbiy kema jo’natgan, kamida bir marta B-52 bombardimonchi samolyoti ularga hamrohlik qilgan.
Pekin bahsli dengiz hududining 90 foizi o’ziga qarashli ekanini da’vo qiladi. Bruney, Malayziya, Filippin, Tayvan va Vyetnam ham o’z chegarasiga yaqin suv resurslarining o’ziga tegishli ekanini aytadi.
Singapur rasmiylari bilan uchrashuvda Vanning aytishicha, har ikki davlat “vaksina millatchiligi”ga qarshi ekanlikarini qo’shma bayonot orqali izhor qilishlari kerak. Bu atama orqali ular ba’zi davlatlarning o’z aholisini emlash uchun vaksina kompaniyalari bilan eksklyuziv bitimlar tuzayotganiga ishora qilib, bunday amaliyotni qoralamoqda. Xitoy Indoneziya va Filippinga allaqachon “Sinovac” vaksinasini jo’natgan.
Pandemiya tufayli iqtisodiyoti susaygan Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari Xitoy yordamiga ko’z tikmoqda, deydi kuzatuvchilar.
Vashington ham mintaqa davlatlariga yordam qo’lini cho’zmoqda. 2020-yilning birinchi choragida pandemiyaga qarshi kurash choralari uchun shu o’lkalarga 18,3 million dollar ajratgan. Ammo AQSh Xitoyning bir trillion dollardan ortiq “Bir makon bir yo’l” infratuzilma loyihasiga mos taklif ko’rsata olgani yo’q. Ushbu ulkan loyiha asosida Xitoy Osiyoning ko’plab davlatlariga milliardlab dollar sarmoya kiritmoqda.
Facebook Forum