Tramp ma’muriyati noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashish maqsadida Meksika chegarasida 3000 kilometrdan ziyod devor qurishga va’da bergan edi. To’rt yillik faoliyati davrida bu devorning faqat 160 kilometri qurildi, 560 kilometr eski devor ta’mirlandi. Prezident Jo Bayden Oq uyga kirishi bilan devor qurish loyihasi bekor qilindi. Lekin shu paytgacha qurilgan devorlar o’z o’rnida qoladi.
Jim Chiltoning ranchosi 200 kilometrdan ziyod maydonni egallagan.
“Yerning bu tomoni Meksika, narigi tomoni AQShning Arizona shtati. Devor qurilishidan oldin, Bayden uni to’xtatishidan avval bu hududdan narkotik tashuvchilar o’tardi. Endi ular devorni aylanib o’tishyapti”, - deydi Chilton.
AQSh va Meksika o’rtasiga devor qurish Tramp ma’muriyatining muhim maqsadlaridan biri bo’lgan. Kongress 2021-yilgi byudjetdan shu maqsadda bir milliard dollardan ortiq pul ajratgan. Ammo Prezident Jo Bayden devor qurishni pulni behuda sarflash deb atadi va Oq uyga kirishi bilan bu qurilishlarni to’xtatdi.
“Xavfizligimiz uchun, mamlakatimiz sha’ni uchun, ayniqsa, immigratsiya uchun bu ish aks ta’sir ko’rsatadi”, - dedi prezident.
Chiltonning aytishicha, devor bo’lmasa, noqonuniy muhojirlar AQShga osonlikcha o’tishda davom etadi.
“Kechasi katta yuk ko’tarib olgan odamlar o’tadi. Ular nima olib kelayotganini bilmaymiz, lekin juda ko’pchilik”, - deydi Syu Chilton.
Sobiq chegarachi, hozirda Texas universitetida ishlayotgan Viktor Manxarrezning aytishicha, agar AQSh va Meksika o’rtasida devor qurilsa, noqonuniy keluvchilar soni kamaygan va chegarani muntazam kuzatish zarurati ham pasaygan bo’lardi.
“Umid bor edi. Bu umidning bir qismi shu ediki, xavfsizlik bo’yicha nazorat biroz kamaygan bo’lardi”, - deydi u.
Ammo devorning qurib bitkazilgan qismi ham odamlarni kelishdan to’xtata olmadi.
O’zini “Alisiya” deb tanishtirgan 23 yoshli ayol devordan oshib o’tishga urinib og’ir jarohat oldi. Chegarani kesib o’tishda u kabi jarohat olganlar va hatto o’lganlar soni oz emas.
“Devorning eng baland qismidan yiqildim. Balandligi 10 metrcha edi. Yiqilib tushgach, sovuqda bir soatcha qolib ketdim. So’ng chegarachilar kelib, meni kasalxonaga olib ketishdi”, - deya xotirlaydi u.
Chegarada devor qurilishini hamma ham yoqlayotgani yo’q. Ammo Chiltonlar oilasi uni xavfsizlik uchun kerak, deb hisoblaydi.
“Bu ish oxirigacha qilinishini xohlardim”, - deydi Syu Chilton.
Lekin devor qurilishi tarafdorlari ham immigratsiya muammosini bu kabi to’siqlar bilan emas, balki faqat qonunchilik islohi bilangina yechish mumkinligini tan oladi.
“Nafaqat federal darajada, balki mahalliy hududlarda ham odamlar oqimi kuchayayotganidan norozilik oshayotganini kuzatyapmiz”, - deydi Manxarrez.
Facebook Forum