Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotini (YXHT) kutilayotgan prezidentlik saylovlarini to’laqonli missiya bilan kuzatishga da’vat etgani ortidan tashkilot delegatsiyasi O’zbekistonda rasmiylar bilan uchrashmoqda.
YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi saylovlarga baho beruvchi asosiy xalqaro tashkilotlardan. Byuro direktori Matteo Makkachi boshchiligidagi delegatsiya safaridan ko’zlangan asosiy maqsadlardan biri shu yil oxirida kutilayotgan prezidentlik saylovlarini kuzatish bo’yicha bir qarorga kelish ham deyish mumkin.
Avvalroq YXHTning amaldagi raisi, Shvetsiya Tashqi ishlar vaziri Ann Linde bilan Toshkentda uchrashgan Shavkat Mirziyoyev prezidentlik saylovlarini to’liq missiya bilan kuzatishga chaqirgan va O’zbekistonga saylovlar bo’yicha xolis baho kerakligini aytgan edi.
YXHTning saylovlarni kuzatishda to’liq yoki cheklangan missiya bilan qatnashish qarori muhim hisoblanadi. To’liq missiya odatda nisbatan demokratik o’tishi kutilgan saylovlarda kuzatuvchilik qiladi. Nodemokratik o’tishi aniq saylovlarga cheklangan missiya qatnashadi.
Misol uchun YXHT Karimov davrida o’tkazilgan saylovlarning deyarli barchasini cheklangan missiya bilan kuzatgan va nodemokratik baholab kelgan. Istisnoli holat Karimov o’limi ortidan 2016-yilda muddatidan avval o’tkazilgan saylovlarda kuzatildi. Bu saylovni to’liq missiya bilan kuzatgan YXHT saylovlarni raqobatdan uzoq deb topgan edi.
Navbatdagi prezidentlik saylovi yaqinlashar ekan, O’zbekiston xalqaro jamoatchilikka saylovlarning demokratik, ochiq, adolatli o’tishini namoyish qilish qarorida.
Ammo mamlakatdagi qonunchilikdan kelib chiqilsa, prezidentlik saylovi taqdiri allaqachon hal qilingan ko’rinadi. Chunki muxoliflikka da’vogar nomzodlarda qonunan prezidentlik saylovida ishtirok etish imkoniyati qolmadi.
Hatto Adliya vazirligi shu oy oxiriga borib mustaqil “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasini ro‘yxatga olgan taqdirda ham. Saylov muddati dekabrdan oktabrga ko’chirildi. Tabiiyki, bu nomzodlarni ro‘yxatga olish muddatini ham ikki oyga qisqartirdi.
Hukumatning saylov muddatini surishga qaror qilganini muxolifat ishtirokiga qo’yilgan to’siq sifatida izohlagan edi prezidentlik saylovida qatnashish da’vosidagi siyosatchi Xidirnazar Olloqulov.
Xullas, prezidentlik saylovi arfasida siyosiy maydondagi vaziyat chorak asr qanday bo’lsa shunday, o’zgarmagan. Maydonda g’oliblikka da’vogar asosiy nomzod, uning atrofida esa mamlakatda rasmiy maqomga ega boshqa hukumatparvar partiyalardan surilishi mumkin. Muqobillik vazifasini o’tab beruvchi nomzodlar bo’lishi kutiladi.
Ammo saylovni to’laqonli missiya bilan kuzatishni talab qilayotgan amaldagi hukumat uchun vaziyatni o’zgartirish, saylovlarni haqiqatda raqobatli tanlov asosida o’tkazish imkoniyati yo’q emas. Avvalroq, mamlakatda rasmiy maqomga egaligini ta’kidlab kelayotgan muxolifatdagi “Erk” partiyasi prezidentlik saylovlarida qatnashishga da’vogar nomzodlarini e’lon qilgan edi.
YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo’yicha byurosi delegatsiyasi 1-maygacha O’zbekistonda bo’lib, turli darajada uchrashuvlar o’tkazadi. Katta ehtimol bilan, Toshkentdagi shu uchrashuvlar O’zbekistonda prezidentlik saylovini qanday tartibda kuzatish haqidagi xulosalarga asos bo’ladi.
Facebook Forum