Breaking News

AQSh komissiyasi: O'zbekiston diniy erkinlik bo'yicha hamon maxsus kuzatuvda


Diniy erkinlik - AQSh uchun ustuvor qadriyat

AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasiga ko'ra, Turkmaniston va Tojikiston e'tiqod bilan bog'liq huquqlarni buzishda hamon "alohida xavotirga molik davlatlardir". O'zbekistonda vaziyat o'tgan yillarda ancha yaxshilangan, shu bois u hozir "maxsus kuzatuvdagi davlat".

Komissiyaning 2021-yilgi hisoboti koronavirus pandemiyasida yashagan dunyoda o'tgan bir yil ichida dinga nisbatan siyosat va munosabat qanday bo'lganini tahlil qiladi.

Sudan singari mamlakatlarda ijobiy o'zgarishlar kuzatilgan, ammo boshqa o'lkalarda diniy nafrat bois genotsid amalga oshirilgan, insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilgan, deya xulosa qiladi komissiya.

Hisobotdan asosiy maqsad - AQSh rahbariyati va Kongressni har bir davlatdagi vaziyat bilan tanishtirib, diniy erkinlikka alohida e'tibor berishga undash.

Diniy erkinlik - AQSh uchun ustuvor qadriyat, deya eslatadi komissiya, va bu davlat uni global maydonda targ'ib qiladi.

E'tiqod bilan bog'liq huquqlar, shuningdek, umumbashariydir va xalqaro qonunlarda ham kafolatlangan.

Komissiya raisi Geyl Manchin:

"2020-yilda koronavirus diniy hayotga ham cheksiz ta'sir qildi. Hukumatlar uni bahona qilib, cheklovlarga zo'r berdi, lekin boshqalarida hatto pandemiya paytida ham progress kuzatdik".

Eritreyada, masalan, COVID-19 sabab diniy mahkumlar qo'yib yuborildi yoki vaqtincha ozod etildi.

Manchin deydiki, aslida diniy erkinlik darajasi murakkab davrlarda sinaladi. Hukumatlar eng og'ir paytda ham fuqaroning uzviy huquqlari ta'minlanishi uchun harakat qilmog'i lozim.

Komissiya mustaqil organ bo'lib, demokrat va respublikachilar tanlagan ekspertlardan iborat.

Bu yilgi hisobotda 14 davlat diniy erkinlik nihoyatda cheklangan va shu bois "alohida xavotirga molik" deya qayd etiladi, jumladan Myanma, Xitoy, Eritreya, Eron, Nigeriya, Shimoliy Koreya, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Turkmaniston, Hindiston, Rossiya, Suriya va Vyetnam.

"Alohida xavotirga molik" degan qayd bilan bu komissiya Davlat departamentidan ularga shunday maqom berishni va chora ko'rishni so'raydi.

"Maxsus kuzatuvdagi davlat"

12 davlat "maxsus kuzatuvda" qolishi tavsiya qilinmoqda, jumladan Kuba, Nikaragua, Afg'oniston, Jazoir, Ozarbayjon, Misr, Indoneziya, Iroq, Qozog'iston, Malayziya, Turkiya va O'zbekiston.

Bahrayn, Markaziy Afrika Respublikasi va Sudan endi bu ro'yxatda emas, chunki bu mamlakatlarda ahvol sezilarli darajada ijobiy tomonga o'zgargan.

Komissiya o'tgan yillardagi kabi hozir ham qator tashkilotlarni diniy erkinlik dushmanlari deya tasvirlab ularga nisbatan choralar ko'rishga undamoqda, xususan al-Shabab, Boko Haram, Hutiy tarmog'i, Hay’at Tahrir al-Sham, "Islomiy davlat"ning turli mintaqalardagi bo'limlari, Jamaat Nasr al-Islom val Muslimin va Tolibon.

2020-yilda O'zbekistonda sakkiz nasrony diniy tashkilot ro'yxatdan o'tkazilgan. Bolalar hozir masjidlarga qatnay oladi. Diniy mahkumlar katta sonlarda ozod etilgan. Ibodatxonalarni buzish ishlari to'xtatilgan. O'zbekiston hukumati diniy erkinlik bo'yicha xalqaro hamjamiyat bilan muntazam muloqotda.

Toshkent 1998-yilda qabul qilingan qonunni o'zgartirish yuzasidan AQSh va boshqa hamkorlarning tavsiyalarini tinglab kelmoqda. O'zbekiston qonunchilari, ulamolari va diplomatlari Amerika va BMT bilan bir davrada bu mavzularni muhokama qiladi, boshqa xalqaro tashkilotlar bilan ham maslahatlashib turadi.

Ammo tavsiyalarni qanchalik inobatga olishi mavhum, chunki xususiy diniy ta'lim, norasmiy diniy faoliyat va diniy targ'ibot masalalarida hukumat amaldagi qonunlarni o'zgartirmoqchi emas.

Respublikada dindorlarga ta'qiblar to'xtamagan. Ekstremizmning oldni olish maqsadida har qanday mustaqil diniy faoliyat cheklanadi. 2020-yilda aynan mana shu bahona bilan ko'plab musulmonlar hibsga olingan. BMTga ko'ra, O'zbekistonda o'tgan yili qiynoqlar to'xtamagan.

Komissiya AQSh hukumatiga O'zbekiston bilan bu masalalarda yaqindan ishlab, 1998-yilgi qonunlarni o'zgartirib, diniy erkinlikni xalqaro standartlarga moslashtirish uchun yordam berishni tavsiya qiladi. O'zbekiston hukumatini diniy motivlar bilan qamalganlarni ozod etish va qamoqdagilarga insoniy munosabatda bo'lishga undang, deydi komissiya.

Davlat departamentiga yana bir tavsiya: AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi va AQShning Toshkentdagi elchixonasiga diniy sabablar bilan ta'qibga olinganlar va sudlanganlarga yordam berish uchun alohida mablag' ajrating.

Toshkent hozircha bu hisobotga munosabat bildirmadi, ammo rasmiylar O'zbekiston dunyoviy tuzum ekaniga, e'tiqod erkinligi mana shu tamoyilga asosida ta'minlanishiga urg'u berib keladi. Mirziyoyev ma'muriyati xalqaro hamjamiyat, xususan AQSh bilan, va jumladan uning Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi bilan muloqotda ekanini, tavsiyalarga jiddiy yondashishini ta'kidlaydi.

Oq uyga murojaat

Komissiyaga ko'ra, Donald Tramp prezidentligi davrida diniy erkinlik targ'iboti ustuvor vazifa deb belgilangani va shunga yarasha qadamlar tashlangani uchun 2020-yilda dunyo bo'ylab ancha progress kuzatilgan.

Bu yilgi hisobotda komissiya Bayden ma'muriyatiga o'z tavsiyalarini berib, uni e'tiqod erkinliklarini himoya qilishga, diplomatiya, xavfsizlik, biznes va boshqa sohalardagi hamkorlikda har bir davlat bilan huquq va qonun ustuvorligi masalalariga e'tibor qaratishga chaqirmoqda.

Hisobotda pandemiya va diniy erkinlik, ibodatxonalarga hujumlar, siyosiy beqarorlik paytida dindorlarga tahdid, dinni haqoratlash bo'yicha qonunlar, global antisemitizm, shuningdek, Xitoyning diniy erkinlik va inson huquqlarini buzishda xalqaro ta'siri kabi mavzular ham yoritiladi.

Komissiya rais o'rinbosari Anurima Bargava:

"Biz Bayden ma'muriyati va Kongressni tashqi siyosatda diniy erkinlikni yuqori pog'onaga qo'yib, qochqinlarga ga'mxo'rlik qilishga, shuningdek, Rohinja musulmonlarining Myanmada harbiy qo'lida ezilishiga yo'l qo'ymaslikka undaymiz. Bayden ma'mjuriyati bu qilmishlarni genotsid deb baholashi va chora ko'rishi zarur, xuddi Davlat departamenti Xitoy uyg'urlar boshqa turkiy musulmonlarga nisbatan genotsid sodir etmoqda, degan to'xtamga kelganidek."

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG