Merliend shtatining Baltimor shahrida ochilgan yangi markazda har kuni minglab odam koronavirusga qarshi vaksina olmoqda.
Shu kungacha AQShda 150 milliondan ortiq odam koronavirusga qarshi vaksinaning kamida bitta dozasini oldi. Ammo mamlakatda emlanishga hanuz shubha bilan qarayotganlar oz emas.
Asli ukrainalik Tamara Vorobey ham ana shunday odamlardan biri edi. Qarindoshi kasallanishi ortidan u vaksina olishga qaror qildi.
“Odatda, vaksinalarni yoqtirmayman. Lekin bu jiddiy kasallik. Ko’plab odam behuda o’lib ketyapti”, - deydi u.
Baltimor shahridagi futbol stadioni 2021-yil mart oyida gubernator idorasi, Merilend universiteti mutaxassislari hamda Milliy gvardiya yordamida vaksina markaziga aylantirildi.
Podpolkovnik Charlz Vetzelberger bu markazni ochishda bosh-qosh bo’lganlardan.
“Menga bo’ysunadigan 55 havo xizmatchisi, kontraktorlar, Merilend universitetiga qarashli 125 xodim bor. Bu yerda jami 185 ta odam ishlayapti”, - deydi u.
Markazda bir oy ichida 65 ming odam vaksina oldi.
“Biz tashkillashtirish, tashish va navigatsiya ishlarida yaxshimiz. Ular esa tibbiy tomondan va ko’proq odamni jalb qilish bo’yicha bizga yordam beryapti”, - deydi Merilend shtati Milliy gvardiya havo kuchlari vakili Alisha Bar.
Odamlar stadionning avtoturargohiga kelishi bilan ish boshlanadi. Ular registratsiyadan o’tib, 74 ta vaksina stoli va ikkita mobil dorixonaga ega ikkinchi qavatga chiqadi.
“Bir soatda har bir hamshira 25-30 kishini emlaydi. Kun bo’yi bitta odam 200 kishiga vaksina berishi mumkin”, - deydi “Jamoatchilik sog’ligini yaxshilash” loyihasi rahbari Anna Uilyams.
Vaksina olganlar shu joyning o’zida 15-20 daqiqa kutib turadi. Maqsad ularda vaksinaga allegriya bor-yo’qligini tekshirish. Shu yerda ular ikkinchi dozani olish kunini ham belgilab olishi mumkin.
“65 mingdan ortiq odamni emlagan bo’lsak, haligacha birorta allergiya holatini uchratmadik. Bu yerga kelgan eng keksa mijoz 103 yoshli odam bo’ldi. U ham o’zini juda yaxshi his qildi”, - deydi Uilyams.
Tamara Vorobey ham birinchi dozani olish uchun shu yerga keldi. U ketishi oldidan Milliy gvardiya xodimlari va hamshiralarga tashakkur bildirdi.
“Juda yaxshi tashkil qilingan, sizga katta rahmat”, - deydi u.
Facebook Forum