Xitoy quyosh energiyasi sanoatida majburiy mehnatga tortish chuqur ildiz otgan. Dunyoning turli mintaqalariga quyosh panellarini eksport qiladigan Xitoy zavodlarida uyg’urlar va qozoqlarning huquqlari poymol etilmoqda. Bu haqda Angliyaning Sheffild Xallam universitetiga qarashli Xalqaro adliya markazi taqdim etgan hisobotda ma’lum qilingan.
Taqdqiqotchilar Pekin e’lon qilgan statistik ma’lumotlarda 2,6 million Shinjon aholisiga qo’shimcha ish o’rinlari yaratilganiga e’tibor qaratgan.
Hisobotda keltirilishicha, quyosh energiyasidan arzon va samarali foydalanish va iqlim muammolarini bartatar etishga doir global talablardan kelib chiqib, Xitoy quyosh panellarini tayyorlash salohiyatini oshirmoqda. “Biroq bu mahsulotlarni yetkazib beruvchi punktlardagi ishchi-xodimlarga qimmatga tushmoqda”.
Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, majburiy mehnat evaziga ishlab chiqarilgan detallardan foydalanmaslikni istagan kompaniyalarga ham oson emas. Chunki sanoat va biznes hukumat darajasidagi yirik tashabbuslarga aloqador. Zavod-fabrikalar ham, ularda mehnat qilayotgan ishchilar ham majburiy mehnatni chetlab o’ta olmaydi.
Pekin ish bilan ta’minlash dasturi ixtiyoriy ekani haqida bong urib keladi. Joriy haftada Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi quyosh batareyalari sanoatida majburiy mehnatdan foydalanilayotganiga oid xabarni inkor etdi. Uning ta’kidlashicha, “bu uydirmani Xitoyning raqiblari o’ylab topgan”.
Biroq Xitoyning quyosh panellari sanoati uzoq yillardan buyon jahon hamjamiyatining diqqat markazida bo’lib kelgan.
Amerika ishlab chiqarish alyansi 2014-yilda taqdim etgan ma’lumotga ko’ra, Xitoyda tayyorlangan arzon quyosh panellari importi na iste’molchi, na atrof-muhit uchun manfaatli bitim bo’ladi. Xitoyning ayyor savdo taktikasi, ekologik standartlarga nomuvofiq mahsulotlar, mehnat uchun xavfli sharoitlarda yaratilgan panellar nafidan zarari ko’p, deya xulosa qilgan edi alyans.
Xitoyda mazkur sohaning majburiy mehnatga asoslangani qayta tiklanadigan energiyadan kengroq foydalanishni rag’batlantirayotgan Prezident Jo Bayden ma’muriyati uchun ham muammo tug’dirmoqda. Oq uy rahbari AQShni 2035-yilga kelib to’liq muqobil energiyadan foydalanadigan, zararli chiqindi va gazlardan 100 foiz xoli mamlakatga aylantirishni rejalagan.
Mart oyida AQSh Kasaba uyushmalari federatsiyasi Bayden ma’muriyati va Kongressni Shinjon avtonom hududidan quyosh panellari importini to’xtatishga chaqirgan. Majburiy mehnat evaziga yaratilgan mahsulotlardan voz kechishni so’rab murojaat qilgan.
“Prezident Bayden inson huquqlariga jiddiy e’tibor qaratadi. Nazarimda, uning pozitsiyasi o’zgarmaydi. Biroq bu quyosh energiyasi sanoatini ortga tortishi mumkin. Mahsulotlar narxi oshishi va AQShda quyosh panellarini o’rnatish jarayoni sekinlashishi kutiladi. Bu esa prezidentning muqobil energiyaga doir dasturiga zid”, - deydi xalqaro ekspert Vilyam Raynsh “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Soha mutaxassisi Syuzan Letaga ko’ra, Shinjon panellariga taqiq o’rnatish avvalo inson huquqlariga befarq emaslik dalolatidir.
“Choralar Xitoyga emas, uning inson huquqlari jiddiy toptalayotgan Shinjon hududiga qaratiladi. Mahsulotlar qayerda yetkazib berilishidan qat’i nazar, majburiy mehnatga ko’z yumib bo’lmaydi”, - deydi u.
Facebook Forum