Breaking News

Tolibon qo'shni mamlakatlarni ogohlantirdi


Tolibon 26-may kuni Afg’onistonning qo’shni mamlakatlarini ogohlantirdi. Guruh chegaradosh davlatlardan AQShning kelgusidagi harbiy operatsiyalari uchun o’z hududi va havo sarhadlarini ochib bermaslikni talab qilmoqda.

Vashington ushbu mintaqadagi aksilterror missiyasini qayta ko’rib chiqish, Afg’onistonga qo’shni bo’lgan ayrim mamlakatlar bilan harbiy bitim tuzish imkoniyatlarini izlar ekan, Tolibon ham keskin talablar bilan chiqmoqda.

Tolibon bayonotida keltirilishicha, AQShning harbiy operatsiyalari uchun imkon yaratish “tarixiy xato va sharafsizlik” bo’ladi. Zotan, xorijiy kuchlarning Afg’onistonga kirishi mamlakatdagi beqarorlik va urushning asosiy sababidir, deyiladi unda.

“Afg’oniston xalqi bunday razil va provokatsion xatti-harakatni javobsiz qoldirmaydi”, deya ogohlantirdi Tolibon hech qanday izohlarga to’xtalmagan holda.

Prezident Jo Bayden aprel oyida Afg’onistonda xizmatini davom ettirayotgan AQShning 2500 nafar askarlari joriy yilning 11-sentabriga qadar vatanga to’liq qaytarilishini ma’lum qilgan. Shu tariqa, “abadiy urush”ga yakun yasalishini ta’kidlagan edi. NATO ham AQSh bilan parallel ravishda o’zining minglab askarlarini Afg’onistondan qaytarishini e’lon qilgan.

Xorijiy kuchlarning Afg’onistonni tark etish jarayoni Vashington va Tolibon o’rtasida 2020-yilning fevralida imzolangan Tinchlik bitimi asosida amalga oshirilmoqda. Biroq bitimning asosiy talablariga Tolibonning o’zi amal qilganicha yo’q: Qon to’kilishi va zulm kamaymadi; AQSh vositachiligida Afg’oniston hukumati bilan sulh va murosaga erishilmadi.

Shunday ekan, xorijiy kuchlar Afg’onistonni to’liq tark etgach, mamlakatda beqarorlik va qon to’kilishi avjiga chiqadi degan xavotirlar kuchaymoqda.

Bitim, shuningdek, Tolibonga Afg’oniston hududidan AQShga va uning ittifoqchilariga qarshi terakt uyushtirmaslik majburiyatini yuklaydi.

Afg’oniston konfliktiga aloqador tomonlar o’rtasida ziddiyatlar tobora kuchayib borar ekan, “Al-Qoida” va “Islomiy davlat” kabi transmilliy terror guruhlari mamlakatni takroran urush o’chog’iga aylantirishi ehtimoldan xoli emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG