Breaking News

AQSh Afg’onistondagi kuchlarining chorak qismini ortga qaytardi


AQSh kuchlari Afg'oniston zaminida. Jalolobod viloyati, aprel, 2014.
AQSh kuchlari Afg'oniston zaminida. Jalolobod viloyati, aprel, 2014.

AQSh qo’mondonligi Afg’onistondagi kuchlarining qariyb chorak qismini ortga qaytarganini ma’lum qildi.

Markaziy qo’mondonlik 25-may kuni bergan bayonotda qayd etilishicha, Afg’onistondan qaytish missiyasining 16-25 foizi yakunlangan.

Bayonotda ta’kidlanishicha, Afg’onistondan shu kunga qadar 160 ta C-17 samolyoti sig’imiga teng yuk olib chiqilgan. Shuningdek, 10 mingdan ziyod harbiy texnika boshqa mintaqalarga ko’chirish uchun Mudofaa logistikasi agentligiga topshirilgan.

Prezident Jo Bayden aprel oyida Afg’onistonda xizmatini davom ettirayotgan AQShning 2500 nafar askarlari joriy yilning 11-sentabriga qadar vatanga to’liq qaytarilishini ma’lum qilgan. Shu tariqa, “abadiy urush”ga yakun yasalishini ta’kidlagan edi. NATO ham AQSh bilan parallel ravishda o’zining minglab askarlarini Afg’onistondan qaytarishini e’lon qilgan.

Afg’onistonda fuqarolar urushining keskin tus olib, nazorat qilib bo’lmas darajada dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligiga doir xavotirlar kuchaygan.

AQSh o’z kuchlarini Afg’onistondan olib chiqishni rasman boshlagan 1-may sanasidan buyon qurolli to’qnashuvlarda ko’plab tinch aholi vakillari halok bo’ldi. Tolibon Afg’oniston bo’ylab territorial ustunlikka erishishga muvaffaq bo’ldi. Xususan, shimolda Bag’lan, janubda Hilmand, g’arbda Farah va sharqda Lag’mon viloyatlarida muhim hududlarni egallab oldi.

Biroq 2020-yilning fevralida imzolangan Tinchlik bitimi shartlariga Tolibonning na qadar amal qilishi hanuz savol ostida. Xususan, AQSh hududida qariyb 3 ming kishining o’limiga sabab bo’lgan “Al-Qoida” bilan aloqalarini uzib, ushbu terrorchi guruhni dastaklashni to’xtatadimi?

Senat ozchilik lideri Mitch Makkonnel 25-may kuni prezidentni Afg’onistdan AQSh kuchlarini qaytarish qarorini qayta ko’rib chiqishga chaqirdi. Bu qaror tahlikali oqibatlarga olib kelishini ta’kidladi.

“Biz ketgach, buyuk ehtimol bilan “Al-Qoida” o’ziga xavfsiz boshpana bo’lgan mazkur hududda saflarini qayta tiklaydi. Raqib hanuz jang maydonida ekan, ortga chekinish strategik qadam bo’la olmaydi”, - dedi u.

Pentagon so’zlovchisi Jon Kirbi ham 25-may kuni shu mavzuga to’xtalar ekan, Afg’oniston zaminidan amalga oshirilishi mumkin bo’lgan terror xuruji to’liq bartaraf etilmaganini aytdi. Biroq xuruj ehtimoli sezilarli darajada qisqartirilganiga urg’u berdi. 11-sentabr fojialari ortida turgan Usama bin Laden yo’q qilinganini eslatdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG