Markaziy Osiyo prezidentlari sammiti so’nggi bor 2019-yil Toshkentda bo’lib o’tgan. 2020-yilda rejalashtirilgan sammit pandemiya bois qoldirildi; keyinchalik sammitning 2021-yil Turkmanistonda o’tishi e’lon qilingan edi.
O’zbekiston prezidenti matbuot xizmati tomonidan Toshkentdagi tadbirda berilgan ma’lumotga ko’ra, mintaqaviy sammitni tashkil etish bo’yicha muzokaralar davom etmoqda, ammo hozircha tadbir qachon o’tishi noma’lum, aniq muddat belgilanmagan.
“Biz hamkorlarimiz bilan yil davomida navbatdagi bu uchrashuvga hozirlik ko’rib kelyapmiz. Keng qamrovli va muhim hujjatlar imzoga tayyorlanmoqda”, deya ta’kidlagan prezident matbuot xizmati.
26-may kuni O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Ashxobodda Turkmaniston prezidenti qabulida bo’ldi, mamlakat tashqi ishlar vaziri bilan muzokaralar o’tkazdi.
O’zbekiston tomonining Ashxoboddagi muzokaralar bo’yicha taqdim etgan xabarida uchrashuvda mintqaviy sammitga tayyorgarlik muhokama qilingani, Turkmaniston bu anjumanga mezbonlik qilishga tayyorligi haqida biror ma’lumot yo’q.
O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil qilingan Markaziy Osiyo sammitining birinchi uchrashuvi 2018-yil Nur-Sultonda, ikkinchisi esa 2019-yilda Toshkentda o’tdi.
Mintaqa liderlari ishtirokida o’tgan har ikki tadbirda ham prezidentlar tomonidan biror muhim qaror qabul qilingani kuzatilgani yo’q. Tashkilotchilar sammitni jamoatchilikka norasmiy uchrashuv, prezidentlar maslahatlashuvi sifatida taqdim etib kelishadi.
O’zbekiston tomonining sammit haqida taqdim etgan yangi ma’lumotlariga tayanilsa, mintaqa liderlarining bu galgi uchrashuvida katta hajmdagi muhim hujjatlar imzolanishini kutish mumkin.
Katta ehtimol bilan bu hujjatlar chegara masalalarini chetlab o’tmaydi, ayniqsa, Qirg’iziston va Tojikiston o’rtasida kuzatilgan so’nggi ziddiyat harbiy to’qnashuvga aylangani, har ikki tomondan qurbonlar berilgani, yuzlab odam jarohatlangani inobatga olinsa.
Qirg’iziston va Tojikiston o’rtasidagi ziddiyat yuzasidan bayonot bilan chiqqan mintaqa liderlari, jumladan, Qozog’iston Prezidenti Qosim-Jo’mart To’qayev chegara masalalarini kutilayotgan mintaqa sammitida muhokama qilish tashabbusi bilan chiqqan edi.
Avvalroq chegara ziddiyati O’zbekiston va Qirg’iziston o’rtasida ham yuzaga chiqqan, So’xdagi mushtlashuv qurbonlar, aholiga qarashli uylarning yoqib yuborilishi bilan kuzatilgan edi.
Mintaqada kuzatilgan uzoq yillik taranglikdan so’ng Markaziy Osiyo prezidentlarining o’zaro uchrashuvi, sammiti tiklanishi ekspertlar doirasi tomonidan mintaqaviy aloqalarni rivojlantirishdagi jadal qadam sifatida kutib olingan edi.
Ammo tashkil etilganiga 4 yil bo’layotgan sammit hozircha kutilgan bu umidlarni oqlaganicha yo’q. Mintaqa liderlari yig’ilishi ramziylik doirasidan chiqmayotgani, davlat rahbarlari Markaziy Osiyoning o’z hamkorlik tashkilotiga asos solishi zarurligi ta’kidlab kelinadi.
Sammit tiklanishi ortida turgan O’zbekiston o’z tashqi siyosatidagi asosiy ustuvorlik Markaziy Osiyo ekanligini belgilagan, ammo rasmiy Toshkent mintaqaviy tashkilotga asos solish tashabbusidan uzoqdek.
Prezident Mirziyoyev sammit tashabbusi haqida gapirar ekan, mintaqa prezidentlarining maslahatlashuvi uchinchi bir tomonga qarshi qaratilmagani, norasmiy sammit biror tashkilot ta’sis etish masalasini muhokama qilmasligini alohida ta’kidlab o’tgan edi.
Ammo sharhlovchilarga ko’ra, Markaziy Osiyoda kuzatilayotgan so’nggi voqealar, xususan, chegara ziddiyatlarining tobora keskinlashishi, AQSh Afg’onistonni tark etishi ortidan xavfsizlikka doir vaziyat beqarorlashishi ehtimoli mintaqa liderlarining ramziy uchrashuvlarini emas, balki o’z nizomi, maqsad va vazifalari aniq belgilangan Markaziy Osiyo davlatlari tashkilotiga ehtiyojni jiddiy kuchaytirgan.
Facebook Forum