AQSh harbiy kuchlarini Afg’onistondan qaytarish jarayoni jadallashgan. Bugungi kunga kelib askarlarning teng yarmiga yaqini Afg’onistonni tark etgan. Qurol-aslaha va harbiy texnikaning qariyb yarmi Afg’oniston zaminidan olib chiqib ketilgan yoki yo’q qilingan.
AQSh Markaziy qo’mondonligi 1-iyun kuni bergan bayonotga ko’ra, Afg’onistonni tark etish missiyasining 30-44 foizi yakuniga yetgan. Oltita harbiy baza Afg’oniston xavfsizlik kuchlari nazoratiga o’tgan. Yaqin fursatda yana bir necha baza topshirilishi kutilmoqda.
“Biz o’z xalqini himoya qilib, barqarorlik o’rnatish uchun kurashayotgan Afg’oniston Milliy mudofaasi va xavfsizlik kuchlarini dastaklash maqsadida qo’shimcha harbiy bazalar va texnikani topshirishni rejalaganmiz”, - deyiladi bayonotda.
Ma’lum qilinishicha, Afg’onistondan 300 ta C-17 samolyoti sig’imiga teng harbiy yuk olib chiqib ketilgan.
Markaziy qo’mondonlik o’tgan hafta Afg’onistondan qaytish ishlarining 25 foizga yaqini tugallanganini bildirgan. AQSh Mudofaa vaziri Lloy Ostin esa poytaxt Vashingtonda qonunchilar huzurida so’zlar ekan, jarayon rejadagidan biroz ilgarilab ketganini qayd etgan edi.
1-iyun kuni “AFP” axborot agentligi Bagram aviabazasi ham 20 kun ichida Afg’oniston hukumati ixtiyoriga o’tishini ma’lum qilgan,
Pentagon so’zlovchisi Jon Kirbi aniq vaqtini tasdiqlamagan bo’lsa-da, aviabaza Afg’oniston nazoratiga o’tishini ta’kidlagan.
Bagram Afg’onistonda AQSh qo’mondonligi va havo operatsiyalarini boshqarish markazi sifatida muhim ahamiyatga ega bo’lgan.
Afg’oniston rasmiylari may oyida AQSh Qandahor aerodromini tark etganini ma’lum qilgan edi. Ushbu o’ta muhim obyektga bir paytlar harbiy koalitsiyaning 30 ming askari va pudratchilari joylashtirilgan.
AQSh Prezidenti Jo Bayden aprel oyida maxsus bayonot berib, AQSh kuchlari 11-sentabrga qadar Afg’onistonni to’liq tark etishini e’lon qilgan. Shu tariqa, AQSh tarixida eng uzoq davom etgan urushga yakun yasalishini bildirgan edi.
AQSh kelgusida Afg’oniston kuchlarining aksilterror operatsiyalariga ko’maklashishga doir va’dalar ham bergan. Biroq Vashington quvvatlovning katta qismi moliyaviy bo’lishiga urg’u bergan.
Pentagonning o’tgan haftada 2022-moliyaviy yil uchun tasdiqlangan byudjetida Afg’onistonga ajratilgan moliyaviy ko’mak ulushi biroz oshganini ko’rish mumkin.
Facebook Forum