Breaking News

Afg'onistonda harbiy treninglar taqdiri mavhumlashmoqda


AQSh va Afg'oniston harbiylari treninglarda. Hilmand viloyati, 5-iyul, 2017.
AQSh va Afg'oniston harbiylari treninglarda. Hilmand viloyati, 5-iyul, 2017.

Afg’oniston xavfsizlik kuchlarini maxsus harbiy treninglardan o’tkazishga doir xalqaro tashabbus taqdiri mavhumlikka yuz tutmoqda. AQSh va NATO kuchlari uch oy muddatda Afg’oniston zaminini to’liq tark etadi. Biroq katta ehtimol bilan, milliy armiya xorij tajribasi va malakasidan o’rganish ehtiyojini qondira olmaydi.

AQSh Markaziy qo’mondonligining ma’lum qilishicha, treninglarga 2015-yilning yanvar oyidan start berilgan. AQSh Afg’oniston kuchlariga byudjet boshqaruvi va taqsimotidan tortib, shaffoflik va hisobdorlik, kuchlar tarkibini tuzish, favqulodda vaziyatlarda qo’shimcha kuch bilan ko’maklashish, razvedka va strategik kommunikatsiyaga qadar keng masshtabda mashg’ulotlar o’tkazib kelgan. Shu yo’nalishlarda maslahatchilik vazifasini o’tagan.

Ayrim liderlar AQSh va NATO kuchlari ortga qaytgach, treninglarni Afg’oniston tashqarisida davom ettirish umidida. Xususan, 1-iyun kuni bayonot bergan NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg alyans Afg’oniston kuchlariga, xususan, maxsus operatsiyalarga mas’ul kuchlarga mashg’ulot o’tishni boshqa biror mamlakatda joriy qilish imkoniyatlarini izlayotganiga urg’u bergan.

Pentagon rasmiylari esa joriy bosqichda e’tiborni ko’proq boshqa tomonga qaratmoqda.

“Kuchlarimiz vatanga qaytgach, Afg’oniston Milliy xavfsizligi va mudofaa kuchlariga berilajak yordamning katta qismi moliyaviy bo’ladi. Logistik quvvatlov, xususan, samolyotlarga texnik xizmat ko’rsatishga doir ko’mak beriladi. Bundan tashqari ayni damda e’lon qilinajak biror aniq qaror berilmadi”, - deya bayonot berdi Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi 2-iyun kuni jurnalistlar bilan o’tgan uchrashuvda.

O’tgan oy muxbirlar bilan muloqot qilar ekan, general Mark Milli harbiylar Afg’onistonda AQSh elchixonasi xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishini, Afg’on hukumatiga asosiy dastak moliyaviy yordamdan iborat bo’lishini ta’kidlagan edi.

“Ehtimol afg’on armiyasini treninglardan o’tkazishni boshqa biror mamlakatda tashkil etarmiz. Biroq bu aynan qayerda amalga oshirilishi borasida konkret to’xtamga kelganimiz yo’q”, - degan edi u.

Afg’onistonni to’liq tark etish uchun bir necha oy, ehtimol, haftalar qolar ekan, Pentagon treninglar rejasini ishlab chiqishga fursat topa olmayapti.

AQSh Prezidenti Jo Bayden mamlakat kuchlari joriy yilning 11-sentabriga qadar Afg’onistondan to’liq chiqib ketishini e’lon qilgan. 20 yil davom etgan “so’ngsiz urush”ga yakun yasash fursati allaqachon yetilganini aytgan.

AQSh Markaziy qo’mondonligi Afg’onistondan qaytish missiyasining qariyb yarmi tugallanganini bildirgan.

Pentagon Afg’onistonga 3,3 milliard dollarlik harbiy yordam ko’rsatish taklifi bilan Kongressga murojaat qilgan. Bu ko’rsatkich o’tgan moliyaviy yildagidan 300 million dollar ko’p. Agar qonunchilar tasdiqlasa, pulning ma’lum qismi treninglar bilan bog’liq xarajatlarni qoplashga sarflanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG