Qirgʻizistonda yashab ijod qiluvchi oʻn nafardan ortiq o’zbek yozuvchisi, shoiri va adabiyotshunos olimlari may oyining soʻnggi haftasini Toshkentda, oʻzbekistonlik ijodkorlar davrasida oʻtkazdi. Uch kun davom etgan ijodiy uchrashuvlar “Oʻzbekiston-Qirgʻiziston” doʻstlik jamiyati tashabbusi bilan oʻtkazildi.
Qirgʻizistonlik ijodkorlar Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasining “Doʻrmon“ ijod uyida mehmon boʻldi.
Bu kabi uchrashuvlar qirgʻizistonlik oʻzbek ijodkorlar uchun koʻp yillik orzu edi, deydi shoir Aʼzam Rahim.
“Koʻp yillardan beri bunday tadbirlar boʻlmayotgan edi. Yaʼni rasmiy ravishda qirgʻizistonlik oʻzbek ijodkorlarining Toshkentga taklif qilinishi, adashmasam, birinchi marta boʻlishi. Bu tadbir yaqinda, davlatlarimiz rahbarlarining mart oyida oʻtkazgan uchrashuvlaridan keyingi ilk debocha tadbirlardan biri boʻldi.
Albatta, ikki davlat oʻrtasidagi adabiyot va sanʼat boʻyicha hamkorlik har doim boʻlib kelgan. Rasmiy boʻlmasa ham, oʻzaro adabiy aloqalar boʻlgan. Masalan, ustoz Tursunboy Adashboyev ikki davlat oʻrtasidagi koʻprik vazifasini sharaf bilan bajargan insonlardan biri. Ikki xalqning adabiyoti bu insondan qarzdor. Chunki ikki el adabiyotining oʻzbek va qirgʻiz tillariga tarjima qilinishida ustozimizning xizmatlari katta”, - deydi shoir Aʼzam Rahim.
Oʻzbekistonlik adabiyotshunos olim Qozoqboy Yoʻldoshev ham bu kabi uchrashuvlar oʻzbek adabiyotining nafaqat Oʻzbekistonda, balki oʻzbeklar yashovchi boshqa davlatlarda ham rivojlanishiga hissa qoʻshadi, degan fikrni bildirdi.
“Bu kabi ishni tez-tez tashkil qilish kerak. Tez-tez uchrashib, uchrashganda ham faqat oʻzbekcha dasturxon atrofidagina emas, balki ijod dasturxoni atrofida toʻplanish kerak. Oʻylashib, fikrlashib, deylik oʻshlik oʻzbeklarning oldida turgan muammolar, bizning oldimizda turgan muammolar va bu ikki muammo oʻrtasidagi oʻrtoqlik, uygʻunlik haqida, bularning yechim yoʻllari haqida oʻylash kerak. Oʻylagan odam bir yoʻlini topadi”, - deydi adabiyotshunos olim.
Qaysi davlatda yashashidan qatʼi nazar, oʻzbek tilida ijod qiluvchi shoir, yozuvchilar oʻzaro hamkorlikda boʻlishi ijodkorlarga kuch bagʻishlaydi
Ikki davlat ijodkorlari uch kun davomida bir-biri bilan tanishib, fikr almashib, sheʼrxonlik qildi.
“Qaysi davlatda yashashidan qatʼi nazar, oʻzbek tilida ijod qiluvchi shoir, yozuvchilar oʻzaro hamkorlikda boʻlishi ijodkorlarga kuch bagʻishlaydi”, - deydi “Yoshlik” jurnalining bosh muharriri oʻrinbosari Nurilla Chori.
“Toshga tosh urilsa, chaqmoq chiqqanidek, biz bir-birimizga fikr oqimida toʻqnashib tursak, bu yangi asarlarning tugʻilishiga turtki boʻladi. Bugungi mehmonlarning har biri fikr toʻqnashuviga tayyor, adabiy bahs yurita oladigan ijodkor ekanini koʻrib turibman. Yana bir hodisa borki, masalan, Andijonda turgan bokschi Kanadadagi oʻz raqibini taniydi, lekin Toshkentda yashab ijod qilayotgan odam Oʻshdagi oʻzi tengi ijodkorni tanimasligi mumkin. Mana shu muammoni bugun yoʻqqa chiqaryapmiz”, - deydi u.
Tadbirda ishtirok etgan oʻshlik adabiyotshunos olim Saidakbar Mahsumxonov ham boshlangan bu ish davom etishi kerakligi va Oʻzbekistondan tashqarida yashab, ijod qilayotgan oʻzbek zabon ijodkorlar eʼtibordan chetda qolmasligi kerak, degan fikrni bildirdi.
“Oʻzbekistonliklar bizning maktablarimiz uchun, farzandlarimizning maʼnaviyatini yuksaltirish uchun minglagab kitoblar berishga vaʼda qilishdi. Bu albatta katta ahamiyatga ega sovgʻa. Shu bilan birga, ular Oʻzbekistondan tashqaridagi oʻzbek ijodkorlarining asarlari kiritilgan toʻplamlarni yirik adadlarda nashr qilishga vaʼda qilishgani ham bizni quvontirdi”, - deydi Saidakbar Mahsumxonov.
Shu bilan birga tadbir davomida ikki davlatning oʻzbek ijodkorlari Oʻzbekiston va Qirgʻiziston davlatlari oʻrtasidagi adabiy, madaniy aloqalarni mustahkamlash, qirgʻiz-oʻzbek adabiyotini tarjima qilib, targʻib kelish boʻyicha rejalar tuzildi.
Facebook Forum