Breaking News

Mirziyoyevning Tojikiston safari qanday siyosiy maqsadlarga ega?  


Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning Dushanbeda kutilayotgan uchrashuvi o’zbek va tojik matbuotida ikki tomonlama aloqalardagi navbatdagi tarixiy burilish sifatida taqdim etilayotgani kuzatiladi.

O’zbekiston-Tojikiston aloqalari prezidentlarning dastlabki uchrashuvlari ortidan strategik sheriklik maqomiga ko’tarilgani ta’kidlangan edi.

Mirziyoyev 2018- yilda Tojikistonda davlat tashrifi bilan bo’lgan. Ko’p o’tmasdan prezident Emomali Rahmonning O’zbekistonga rasmiy tashrifi kuzatilgan edi.

O’zbekiston rahbarining Tojikistonga bu galgi safari mintaqada vaziyat bir qadar tarang tortgan, hatto harbiy to’qnashuvlar yuz bergan, Tojikiston va Qirg’iziston munosabatlari o’ta keskinlashgan vaziyatda kuzatilmoqda.

Mintaqadagi ziddiyatlar manzarasida kechayotgan bu tashrif Markaziy Osiyoni o’z tashqi siyosatdagi asosiy ustuvorlik sifatida e’lon qilgan Mirziyoyev hokimiyati, rasmiy Toshkent uchun nimani anglatadi?

Mirziyoyevni Tojikiston prezidenti bilan muzokarasi ikki tomonlama aloqalar bilan cheklanadimi yoki mintaqagi so’ngi tarangliklar ham kun tartibida bo’ladimi?

Siyosatshunos Farhod Tolipovning “Amerika ovozi”ga aytishicha, Mirziyoyev Tojikistondagi muzokaralarida mintaqadagi so’nggi ziddiyatni muhokama qilishiga umid bor. Zotan, Toshkent Markaziy Osiyo barqarorligini asosiy ustuvorlik sifatida taqdim etib keladi.

“So’nggi xabarlarga ko’ra, chegara hududidagi vaziyat, Tojikiston-Qirg’iziston munosabatlari hamon tarang. Umid qilamanki, Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmon bilan uchrashuvda Tojikiston va Qirg’iziston o’rtasidagi shu vaziyatni muhokama qiladi. Prezident bu borada ma’lum yechimlar, tashabbuslar bildiradi. Mirziyoyev tinchlik o’rnatilishi uchun zamin yaratib keladi, desam ehtimol mubolag‘a bo’lar. Ammo taranglikni yumshatish, aloqalar tiklanishi uchun katta hissa qo’shib keladi. Chunki Markaziy Osiyo O’zbekiston uchun asosiy ustuvorlik maqomida. Bu tamoyil aynan shunday vaziyatda ishlashi kerak. O’zbekiston o’z nufuzidan shu maqsadda foydalanishi kerak”, - deydi Tolipov.

Markaziy Osiyoda chegara ziddiyatlari avj olar ekan, sharhlovchilar bu ziddiyat mintaqa liderlarining norasmiy sammitida hali etilishi lozimligi haqida ham fikr bildirdi. Ammo so’nggi bor 2019-yilda o’tkazilgan Markaziy Osiyo prezidentlari sammitining navbatdagisi qachon o’tishi hamon aniq emas.

Mintaqa sammitidagi bu tanaffus oliy darajadagi uchrashuvlarni rad etayotgani yo’q. Markaziy Osiyo liderlari o’zaro ikki tomonlama muzokaralarni davom ettirmoqda.

Siyosatshunoslarga ko’ra, aynan shunday muzokaralar vositasida mintaqaviy sammit, Markaziy Osiyo hamkorligi istiqbollari hal etiladi.

“Mirziyoyevning Tojikistonga safari, Emomali Rahmon bilan muzokaralar ham ikki tomonlama aloqalar rivojidan tashqari mintaqaviy ahamiyat ham kasb etadi. Chunki, aksariyat ekspertlar aynan Tojikistonni mintaqaviy hamkorlik masalasida eng muammoli davlat bo’lishi mumkinligidan ogohlantirib keladi. Ya’ni Tojikiston to’rtta turkiy tilli davlatlar hamkorligiga qo’shilishni istamasligi, o’zini bu hamkorlikdan chetda tutishi borasida. Ammo O’zbekiston va Tojikiston misolidagi hamkorlik bunday xavotirlar mutlaqo o’rinsizligini ko’rsatmoqda. Aksincha, o’rtadagi strategik sheriklik, turli sohalarda aloqalarning tobora kengayib borayotgani mintaqaviy hamkorlik qanday rivojlanishiga yaxshi misol ham deyish mumkin. Shu ma’noda, Mirziyoyevning Tojikistonga navbatdagi safari tarixiy, uzviy aloqalarga ega mintaqa xalqlari yakdil bir ittifoq doirasida ekanini ko’rsatadi”, deydi Tolipov.

Rahmon va Mirziyoyev o’rtasidagi muzokaralar 10-11-iyun sanasida o’tadi. Mirziyoyev safari davomida Dushanbe va Xo’jandda bo’lishi kutilyapti.

Oliy darajadagi bu muzokaralar arafasida Tojikistonda o’tgan ikki tomonlama iqtisodiy forumda 730 million dollarlik shartnomalar imzolangan. Qiymati 50 million dollar bo’lgan sarmoya jamg’armasini tashkil etishga kelishilgan.

Tojikistondagi muzokaralar davomida tomonlar 30 dan oshiq bitim imzolashi xabar qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG