AQShda ilm-fan, texnologiyalar, muhandislik va matematikaga aloqador ish o’rinlari 2000-yildan buyon boshqa sohalarda yaratilgan ish o’rinlaridan uch barobar ko’p bo’lgan.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, ushbu sohalardagi ish o’rinlarini egallash uchun universitet bitiruvchilari soni yetmasligi mumkin.
“Atrofga nazar tashlang: bir kunda necha bor kompyuter, planshet va smartfonlardan foydalanasiz? Bu sanoat shu qadar tez rivojlanmoqdaki, ayni damda makatbda o’qiyotgan o’quvchilar avval mavjud bo’lmagan mutlaqo yangi ish o’rinlarini egallaydi”, - deydi ekspert Kennet Xecht.
Umumiy “STEM” nomini olgan aniq fanlarga aloqador ish o’rinlari yuksak texnologiyalarga aloqador yangi yo’nalishlarni ham, an’anaviy sohalarni ham qamrab olgan. Ayni damda informatika va kompyuter dasturlarini tayyorlash sohalariga katta ishchi kuchi lozim. Shuningdek, statistika, kartografiya, intensiv tibbiy muolaja va epidemiologiya sohalarida ko’plab yangi ish o’rinlari yaratilmoqda.
Xalqaro ta’lim instituti o’tkazgan tadqiqot natijalariga ko’ra, avlodlarning keksayib borishi va COVID-19 pandemiyasi tufayli tibbiyot va sog’liqni saqlash sohasida yangi kadrlarga talab ortgan. Biroq xalqaro talabalar eng ko’p egallayotgan sohalar informatsion texnologiyalar bilan bog’liq.
Mehnat statistikasi byurosining ma’lum qilishicha, informatika va informatsion texnologiyalar yo’nalishida ish o’rinlari 2029-yilga qadar 11 foizga ko’payadi. “Bu ko’rsatkich boshqa sohalardagi o’rtacha ko’rsatkichga nisbatan ancha tez”.
Byuro hisob-kitoblariga ko’ra, bu sohalarda 2029-yilga kelib 531200 ta yangi ish o’rinlari yaratiladi. Dasturlash va axborot xavfsizligi yo’nalishida kadrlarga ehtiyoj yuqori bo’ladi.
Facebook Forum