Qo'shma Shtatlar Qirg'izistonda shu kunlarda qabul qilingan qonunni fuqaro jamiyatiga nisbatan bosim deya baholamoqda. Nohukumat tashkilotlarga ortiqcha moliyaviy va byurokratik talablar qo'yilmoqda, deya tanqid qilmoqda Davlat departamenti.
Mutaxassislarga ko'ra, yangi talablar nohukumat tashkilotlarning aholi hayotini yaxshilash, xususan koronavirusga qarshi kurashda yordamlashishini qiyinlashtiradi.
Fuqaro jamiyati ustidan nazoratni kuchaytirish uchun bu kabi usullar boshqa davlatlarda, jumladan qo'shni mamlakatlarda ham amalda. Hukumat nohukumat tashkilotlardan tinimsiz hisobotlar talab qilib, tanqidiy ovozlar va siyosiy faollikni nazorat qilishga harakat qiladi.
Bunday siyosat erkinlik va adolat tamoyillariga ziddir, deya qayd etadi AQSh hukumati.
Vashington nazarida, shuningdek, qator huquq tashkilotlari tahlilicha, Qirg'iziston Markaziy Osiyodagi eng erkin jamiyat; demokatiya u yerda nisbatan bo'lsa-da, rivojlangan.
"Biz bu davlat rahbariyatini qonunni va uning fuqaro jamiyatiga ta'sirini qayta ko'rib chiqishga undaymiz, zero fuqaro jamiyati Qirg'iziston demokratiyasining asosiy ustunidir", - deyiladi Davlat departamenti bayonotida.
Bayden ma'muriyati nazarida plyuralizm va uyushish erkinligi respublikada mustahkam tarixga ega. 30 yil oldin mustaqillikka erishilganidan beri bu qadriyatlar ustida ter to'kildi, deyiladi chaqiriqda. Shunday ekan, ularni himoya qilish va kuchaytirish lozim.
Bishkekda rasmiylar fuqaro jamiyati faoliyati haqidagi qonunni parlament a'zolari va shu tariqa xalq irodasini aks ettiruvchi hujjat deya ta'riflamoqda.
Nohukumat tashkilotlar qanchalik nolimasin, hozircha Prezident Sadir Japarov va uning tarafdorlari qonun o'zgarmasligini ta'kidlamoqda.
Facebook Forum