Qirgʻizistonda muddatidan avval prezidentlik saylovi hamda davlat boshqaruvi shaklini tanlash boʻyicha referendum oʻtdi.
Kuzatuvchilar bu safargi ishtirok kuzdagi parlament sayloviga nisbatan passiv boʻlganini aytishmoqda.
Pandemiya hamda hukumat almashuvi Qirgʻizistonning iqtisodini qiyin ahvolga solib qoʻydi. Maʼlumotga koʻra, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 8,1 foizga qisqargan. Shu bilan birga tashqi qarzlar oʻsmoqda.
Shu sababdan tahlilchilar saylovda gʻolib chiqqan nomzodga ham, yangi hukumatga ham mamlakatni iqtisodiy, siyosiy inqirozdan olib chiqish oson boʻlmaydi degan fikrda.
Dastlab prezidentlik uchun kurashda 65 kishi qatnashish istagini bildirgan, ammo saylov kuniga kelib 17 nafar nomzod qoldi.
Saylovchilar prezidentlikka nomzodlardan birini tanlashi yoki bariga qarshi boʻlishi hamda referendumda davlat boshqaruv shaklini ham tanlashi kerak. Saylovchilar parlament va prezidentlik boshqaruvidan birini tanlashlari yoki ikkisiga ham qarshi ovoz berish huquqiga ega.
Oʻsh shahridagi saylov uchastkalarida saylovchilar bilan suhbatlashib, ularning yangi prezidentdan nima kutishlarini soʻradik.
Saylovchilar asosan yangi prezidentdan mamlakatda millatchilikka yo’l bermaslikni, qonun amalda ham barchaga teng ishlashini ta’minlashini, ta’lim, ichki yo’llar va ichimlik suvi kabi muammolarni hal qilishini istashlarini bildirishdi.
Suhbatlar asnosida aksariyat saylovchilarning referendum mohiyati haqida yetarli maʼlumotga ega emasliklarini ham sezish mumkin.
Prezidentlikka nomzodlardan biri Adaxan Madumarov jurnalistlar bilan suhbatda saylov jarayonida bir kishining foydasiga qonunbuzarliklar yuz berayotganini taʼkidlagan.
Ayrim tahlilchilarga koʻra prezidentlik saylovining ikkinchi turi ham boʻlishi ehtimoli bor. Media ekspert Mahmudjon Qozoqboyevning fikriga koʻra, agar saylovning natijalari birinchi turda hal boʻlmasa, muxolifatning ikkinchi oʻrinda turgan nomzod atrofida jipslashishi kutilmoqda.
Asosiy nomzod ekani aytilayotgan Sadir Japarov saylov kuni jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, saylov natijalarini tan olmay siyosiy beqarorlik chiqarishni istayotgan kuchlar chindan bor ekanini, ammo ularga yoʻl berilmasligini aytgan.
Markaziy saylov komissiyasi avtomatik hisoblash urnalarining 96 foiz kelib tushgan maʼlumoti boʻyicha, dastlabki hisoblarga koʻra muddatidan avvalgi prezidentlik saylovida Sadir Japarov 79 foiz ovoz olgan. Undan keyin Adaxan Madumarov 6,6 foiz ovoz bilan ikkinchi oʻrinda.
Shuningdek, dastlabki maʼlumotlarga koʻra referendumda prezidentlik boshqaruvi shaklini qoʻllab ovoz berganlar 81 foizni tashkil qilgan.
2021-yilning 10-yanvarida boʻlib oʻtgan muddatidan avvalgi prezidentlik saylovi va mamlakatni boshqaruv shaklini tanlash boʻyicha referendum 2020-yilning 4-oktabrida oʻtgan parlament saylovining natijasidan keyingi siyosiy inqiroz oqibatidir. Oʻsha vaqtda Bishkekda dastlabki natijalar eʼlon qilingandan soʻng saylov natijalaridan norozi boʻlgan fuqarolar miting boshlagan.
Uzoq davom etgan mitinglar ortidan bir qator amaldorlar koloniyadan ozod qilingan. Ular orasida sobiq prezident Almazbek Atambayev hamda siyosatchi Sadir Japarov ham boʻlgan. Qamoqdan chiqqan Japarov qisqa muddat ichida oʻsha vaqtdagi prezident Sooronbay Jeenbekovni isteʼfoga chiqarib, tarafdorlarining qoʻllovi bilan bosh vazir hamda prezident vazifasini bajaruvchi boʻlib tayinlanishga erishgan.
Facebook Forum