Aqilay Karimova qirgʻizistonlik jamoatchi faollardan biri. U xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda koʻplab ijtimoiy loyihalarni amalga oshirgan. Shuningdek, qator bahsli mavzularda eʼlon qilgan. U mamlakatda yuz berayotgan siyosiy voqealarga muntazam munosabatini bildirib keladi. “Amerika ovozi” 10-yanvarda bo’ladigan prezidentlikka saylov hamda referendum haqida faolning fikri bilan qiziqdi.
Uning aytishicha, bu galgi saylovoldi targʻibot ishlari nisbatan sust hamda deyarli raqobatsiz oʻtdi.
“Birinchidan, xalq saylovdan-saylovga oʻtib, charchagan boʻlishi ham mumkin. Ikkinchidan, saylov nomiga oʻtkazilayotgandek. Chunki saylovoldi dasturlar, gʻoyalar boʻyicha tortishuvlar koʻrinmayapti”, — deydi u.
Aqilayning qoʻshimcha qilishicha, muammo prezidentlikka nomzodlarning siyosiy dasturi yoki gʻoyalari kuchsiz ekanida emas, balki prezidentlikka asosiy daʼvogar deb aytilayotgan Sadir Japarovning qaysidir bir taʼsirli kuchga ega boʻlgan guruhdan “rozilik” olganida. Qirgʻizistonning 30 yillik tarixiga nazar solsak, har bir prezident saylovga otlanishdan avval “rozilik” olgan. Bu rozilikni partiyadan yoki xalqdan olishmagan, deydi jamoatchi faol.
“Masalan, bu rozilik 30 yil avval sovet elitasi hamda Chingiz Aytmatov kabi ziyolilar tomonidan kelgan boʻlsa, hozirgi kunda Sadir Japarovni qoʻllayotganlar avvalgi siyosiy davrda repressiyaga duchor boʻlgan siyosatchilar, kriminallar va korrupsionerlar boʻlmoqda”, - deydi faol.
10-yanvardagi saylovda 17 nafar nomzod ishtirok etmoqda. Siyosiy kuzatuvchilar tomonidan Sadir Japarovga asosiy raqib boʻlishi mumkin deb aytilayotgan Adaxan Madumarovning saylov shtabida ishlayotgan Asran Jeenkulovning fikriga koʻra, saylov kuni xalq oʻz nomzodini tanlab oladi. Hozirdan xulosa chiqarish notoʻgʻri. Shu bilan birga, u adolatsiz oʻtgan parlament saylovidan keyin ham maʼmuriy vositalardan foydalanilishdan voz kechilmadi, deydi.
“Oldindan biror narsa deya olmayman. Ehtimol saylov adolatli oʻtar. Ammo maʼmuriy vositalardan foydalanilayotganini koʻrib, shubha paydo boʻladi. Agar yana adolatsiz saylov boʻlsa, noroziliklar paydo boʻladi. Bizga tartibsizliklarning keragi yoʻq, yetarlicha tartibsizliklarni boshdan kechirdik. Buni davlat amaldorlari ham tushunsa, saylovning adolatli oʻtishini taʼminlaydilar deb oʻylayman”, — deydi u.
2020-yilning 4-oktyabrida oʻtgan parlament saylovi vaqtida qamoqda boʻlgan sobiq deputat Sadir Japarov saylov natijalaridan norozi taraflar uyushtirgan namoyishlar ortidan qamoqdan chiqarilgan edi. Avval bosh vazir, soʻngra Sooronbay Jeenbekovning oʻrniga prezident vazifasini bajaruvchi boʻlib tayinlandi. 10-yanvarda prezidentlik saylovi bilan birga referendum oʻtkazish taklifi ham Sadir Japarovga tegishli. Referendumda xalq davlat boshqaruvi shaklini tanlaydi. Xalq oldida ikki tanlov bor: prezident yoki parlament boshqaruvi.
Oʻshlik saylovchi Odiljon Dadajonov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda saylovda hamda referendumda qanday ovoz berishga qaror qilib boʻlganini aytdi.
“Men referendumda prezidentlik formasi uchun ovoz beraman. Chunki bizning mentalitet uchun shu maʼqulroq. Prezidentlik uchun Miqtibek Arstanbekov ham oʻz nomzodini qoʻygan. Sadir Japarov va Miqtibek Arstanbekovdan biri prezident boʻladi deb oʻylayman”, — deydi u.
Saylovdan keyingi Qirgʻiziston
Media ekspert Mahmudjon Qozoqboyev saylovdan soʻng Qirgʻizistonning ichki siyosatida jiddiy oʻzgarishlar yuz beradi, deb hisoblaydi. Ammo, tashqi siyosatda Rossiyaga bogʻliq holda qoladi, degan fikrda.
“Rossiyadan hech ham uzoqlasha olmaymiz. Bu hammaga ayon boʻldi. Biz maoshlarni ham, nafaqa pullarini ham hozirgi kunda Rossiyadan olishga majbur boʻlyapmiz. Ehtimol keyinchalik... Qirgʻiziston yer osti boyliklariga juda boy. Afsuski, ularni ishlab chiqarishga kuchimiz yetmayapti. Agar konlarimizni oʻzimiz ishlata olsak, shundagina bir oz moliyaviy mustaqillikni qoʻlga kiritishimiz mumkin. Agar yodingizda boʻlsa, Aqayevdan keyingi hukumat – Qurmanbek Bakiyev “agar biz bir mamlakatning koʻziga qarab turadigan boʻlsak, yutqizamiz. Biz koʻp vektorli siyosat olib borishimiz kerak” degandan keyin, qanday ishlar boʻlib ketganini oʻzingiz bilasiz. Shuning uchun koʻp vektorli siyosat olib borishimiz, hozircha juda qiyin boʻlsa kerak”, - deydi ekspert.
Suhbatdoshimiz Aqilay Karimova ham Qirgʻiziston siyosiy erk uchun qadam tashlashi kerak, deb hisoblaydi.
“Bizning kuch ishlatar tizimimiz ham, iqtisodiy blok ham hozirda toʻligʻi bilan Rossiyaning taʼsiri ostida. Bundan voz kechish uchun qanday choralar koʻrilishi kerakligini bilmayman, ammo, bu Sadir Japarovning qoʻlidan kelmaydi".
"“Bizning kuch ishlatar tizimimiz ham, iqtisodiy blok ham hozirda toʻligʻi bilan Rossiyaning taʼsiri ostida. Bundan voz kechish uchun qanday choralar koʻrilishi kerakligini bilmayman, ammo, bu Sadir Japarovning qoʻlidan kelmaydi. Chunki, bu besh yillik ish emas, bu ehtimol 30 yillik ish. Biz bosqichma-bosqich buni amalga oshirishimiz kerak. Bu Rossiyadan voz kechish kerak, degani emas. Biz hozirda Rossiyani boshqarayotgan rejimdan qochishimiz kerak. Ertami-kechmi bu rejim ham ketadi. Xoʻsh, biz nima qilishimiz kerak? Biz shunchaki mustaqillik uchun yoʻl qidirishimiz kerak. Masalan, biz hozir biror ittifoqqa kiradigan boʻlsak, Rossiyaning koʻziga qarab turib, keyin kiramiz. Bunday boʻlmasligi kerak. Qarorni oʻzimiz qabul qilishimiz kerak”, — deydi jamoatchi faol.
Xalq orasida navbatdan tashqari prezidentlik saylovidan soʻng oktabr voqealari takror boʻlmaydimi, degan xavotir ham yoʻq emas. Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasining rahbari va Sadir Japarovning yaqin safdoshi Qamchibek Tashiyev ham prezidentlikka nomzodlarning ayrimlari mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirish boʻyicha tayyorgarlik koʻrayotgani haqida aytgan. Shuningdek, u saylovdan keyin bir qator nomzodlar buning uchun javobgarlikka tortilishini bildirgan.
6-yanvarda oʻtgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari Oktabr Urmambetov esa huquq tartibot idoralari prezidentlik saylov va referendumdan keyin oktabr voqealari takrorlanishiga yoʻl qoʻyilmasligini bildirdi.
U, shuningdek, 10-yanvar kuni mamlakatda jamoat tartibini 11 ming nafar militsiya hamda to’qqiz ming nafar kishidan iborat “Xalq qoʻshini” taʼminlashini aytdi.
Facebook Forum