AQShning qator rasmiylari Afg’oniston xavfsizlik kuchlarining Tolibonga qarshi mustaqil kurashish salohiyatiga ega ekani haqida bong urib keladi. Biroq real vaziyatga real baho berilsa, ularning optimistik yondashuvi konkret fakt va hisoblardan ko’ra orzu va umidlarga tayangani seziladi.
Afg’onistonni qayta qurish bo’yicha maxsus bosh inspektor 14-iyul kuni taqdim etgan hisobotga ko’ra, 88 milliard dollardan ziyod mablag’ sarflangan 20 yillik urushdan keyin AQShda Afg’on kuchlarining mustaqil jang olib borish salohiyatiga ega ekaniga oid biror amaliy ko’rsatkich yo’q.
Afg’oniston Milliy mudofaasi va xavfsizlik xizmatlari AQShning to’g’ridan-to’g’ri dastagisiz qanday va qay darajada jang qila oladi? Bu savolning javobi qiyin va mavhum. Hisobotda ana shunday xulosaga kelingan.
“Harbiy salohiyatni o’lchashga mo’ljallangan sistemada izchillikning yo’qligi tandiq nishoni bo’lib kelgan. Afg’oniston Milliy mudofaasi va xavfsizlik xizmatlarining operatsion samaradorligini aniqlaydigan tizimlarda muqim tamoyillar yo’q. Qaysi masala ustuvorligi, sifat va miqdorga oid ma’lumotlar o’rtasida muvozanatni qanday ushlash, eng asosiysi, harbiy kuch-qudratni o’lchaydigan mezonlarning qanday bo’lishi borasida shakllangan normalar yo’q”, deyiladi hisobotda.
Afg’onistondagi vaziyatni Vashingtondan turib izchil kuzatib kelayotgan Demokratiyani himoya qilish fondining “Uzoq urush jurnali” amalda Tolibonning qo’li baland kelayotganiga urg’u beradi. Jurnalda, xususan, AQSh va NATO kuchlari Afg’onistondan chiqish jarayonini boshlagan may oyidan buyon Tolibon izmidagi hududlar soni qariyb uch barobarga ortgani ta’kidlanadi. Shu ikki yarim oylik davrda toliblar nazorat o’rnatgan 73 ta tuman 204 taga yetgan.
“Twitter”da esa har kuni toliblarning yangi zafar quchgani haqidagi videolar paydo bo’lmoqda.
Shuningdek, hukumat kuchlari ham ayrim hududlarni toliblardan qaytarib olgani haqidagi xabarlar bilan chiqmoqda.
Bu orada, Pentagon rasmiylari 300 mingdan ziyod harbiyga ega Afg’oniston kuchlariga yordam uzilmasligini bot-bot takrorlamoqda.
“Ustunlik ko’plab jabhalarda hukumat kuchlari tarafida. Ular havoda ham, yerda ham Tolibondan ustun salohiyatga ega. Shuningdek, Amerika tarafidan beriladigan moliyaviy, logistik va texnik ko’makning davom etishi muqarrar”, - deya ta’kidladi Pentagon matbuot kotibi Jon Kiribi jurnalistlar bilan muloqot qilar ekan.
Biroq Kirbi afg’on kuchlarining jang maydonidagi real ko’rsatkichlarini izohlashdan chekingan.
Facebook Forum