Markaziy va Janubiy Osiyoni Afg’oniston orqali bog’lash tashabbusini ilgari surayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyev bu yo’nalishdagi o’ta muhim, ammo o’zaro ziddiyatdan xoli bo’lmagan ikki davlat Afg’oniston va Pokiston rahbarlari bilan muzokara o’tkazdi.
Uchrashuv haqidagi rasmiy ma’lumotda muzokaralar muvaffaqiyatli o’tgani, har ikki davlat rahbarlari Mirziyoyev tashabbusini qo’llab-quvvatlagani ta’kidlanadi.
O’zbekiston uchun Pokiston orqali dunyo bozoriga yo’l ochish g’oyasi yangi emas. Bu korridorni yaratish uchun marhum prezident Islom Karimov davrida ham jiddiy harakat qilingan. Ammo Afg’onistondagi vaziyat keskinlashishi ortidan Toshkent Afg’oniston va Pokiston bilan ham aloqalarni cheklab qo’ygan edi.
Besh yil avval hokimiyatga kelgan Mirziyoyevning prezidentlik muddati tugashi arafasida O’zbekiston uchun chorak asr davomida orzuligicha qolgan bu loyiha amaliyoti yaqinlashgandek.
Toshkentda o’z ishini yakunlagan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog’liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” deb nomlangan xalqaro konferensiyaning asosiy maqsadi shu edi.
Bu konferensiyada loyihaga bevosita aloqador bo’lgan Afg’oniston va Pokiston oliy darajadagi ishtiroki, mintaqadagi geosiyosiy raqobatga tortilgan qudratli davlatlar AQSh, Xitoy, Rossiyadan yuqori martabali rasmiylar qatnashgani natijaga umid berayotgandek.
Ayniqsa, O’zbekiston va Pokiston yetakchilarining tor doiradagi muzokarasi Imron Xon o’zbek tilini tushuna boshlashiga qadar uzoq davom etgani, buning ortidan davlat rahbarlari ikki o’rtada strategik sheriklik aloqalarini o’rnatish to’g’risidagi deklaratsiyani imzolagani inobatga olinsa.
Notinch Afg’oniston bo’ylab transport korridori, “Termiz-Mozori Sharif -Kobul-Peshavor” yo’nalishida temir yo’l o’tkazishni rejalayotgan Toshkent bu loyihaning asosiy kafolati sifatida Afg’onistonni emas, Pokistonni ko’rayotgani kuzatiladi.
Toshkent Afg’onistondagi beqarorlik toliblarning iqtidorga kelishi bilan barqarorlashiga ishonmoqda. Har holda, afg’on hukumatini chetlab Tolibon vakillari bilan siyosiy, iqtisodiy sohada ham muzokaralar yuritilgani shunday ehtimoldan darak bermoqda.
Kobul va Islomobod o’rtasidagi muzokaralar esa ziddiyatli. Afg’on hukumati Pokistonni toliblarni qo’llab-quvvatlashda ayblab keladi. Bu ziddiyat ikki davlat yetakchilarini Toshkentdagi uchrashuvlarda ham chetlab o’tmagan.
Afg’oniston Prezidenti Ashraf Ga’ni konferensiyadagi chiqishida Pokistonni jihodchilar, jangarilarni qo’llab-quvvatlamaslikka chaqirgan. Ayrim qo’shni davlatlardan o’z manfaatlari yo’lida Afg’onistonning ichki ishiga aralashmaslikni so’ragan.
Pokiston rahbari Imron Xon Toshkentdagi matbuot anjumanida Islomobod toliblarni qo’llayotganiga doir e’tirozlarni rad etgan. Terrorchi guruh bilan muzokara yuritish qanchalik to’g’riligiga doir savollarni izohsiz qoldirgan.
Bu ziddiyat fonida Afg’onistonda mutlaq nazorat o’rnatilishi Toshkent tashabbusi bilan Markaziy va Janubiy Osiyoni bog’lovchi korridorni yaratish, O’zbekistonni dengizga, dunyo bozoriga olib chiquvchi yo’llar qurilishiga kafolat bo’ladi. Toshkent chorak asr davomida imkonsiz bo’lib kelgan bunday kafolatni afg’on hukumatidan emas, toliblardan kutayotgandek.
Markaziy Osiyo bilan aksariyat chegara hududlarini o’z tasarrufiga o’tkazgan toliblar esa allaqachon mintaqa davlatlari bilan iqtisodiy-savdo aloqalarni tiklagan. Hatto bojxona amaliyotlarini ancha soddalashtirgani xabar qilinmoqda.
Tojikiston Afg’oniston bilan chegara hududi, bojxona postlari toliblar nazoratiga o’tishi ortidan ikki o’rtadagi savdo aloqasi yana tiklangani, yuk olib kirish-chiqish uchun afg’on tomonidan biror to’siqlar yo’qligi haqida ma’lumot tarqatdi.
Tolibon vakillari avvalroq Moskvada harakat Afg’onistonning 85 foiz hududini o’z tasarrufiga o’tkazgani, qo’shni davlatlar bilan iqtisodiy aloqalar davom etishi, tadbirkorlarga to’siq yaratilmasligi, Tolibon Makaziy Osiyo davlatlariga biror xavf solmasligi haqida bayonot bergan edi.
Ayrim ekspertlar rasmiy Toshkent Markaziy va Janubiy Osiyo hamkorligiga doir xalqaro konferensiyaga Tolibon vakillarini ham taklif etishini taxmin qilgan edi.
Ammo konferensiyada Tolibondan vakillar qatnashmadi. Bundan qat’i nazar, O’zbekiston ilgari surayotgan tashabbusning Pokiston tomonidan qo’llab-quvvatlanishi muhokamasi chorak asr avval boshlangan dengizga chiqish yo’llari loyihasida jiddiy siljishlar bo’lishidan darakdek.
Toshkentda konferensiya arafasida Markaziy Osiyoning besh respublikasi va AQSh C5+1 formatida muloqot qilgan. Tashqi ishlar vazirlari darajasidagi uchashuvda bu safar AQShdan Prezident Jo Baydenning Ichki xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Elizabet Shervud-Rendall va Afg'oniston bo'yicha maxsus vakil Zalmay Halilzod qatnashgan.
Facebook Forum