Breaking News

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Afg'onistonni tinchlikka chaqirdi


Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a'zo davlatlarning bosh diplomatlari Dushanbeda Prezident Emomali Rahmon bilan ham uchrashdi, 14-iyul, 2021
Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a'zo davlatlarning bosh diplomatlari Dushanbeda Prezident Emomali Rahmon bilan ham uchrashdi, 14-iyul, 2021

Tojik-afgʻon chegarasida vaziyat xatarli boʻlib turgan ayni kunlarda Dushanbe shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) navbatdagi yigʻilishini oʻtkazdi. 13-14-iyul kunlari ShHTga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashi va ShHT-Afgʻoniston muloqoti kechdi.

Yigʻilishda ShHTning shu yilning 16-17-sentabr kunlari Dushanbeda davlat rahbarlari ishtirokida boʻlajak yubiley sammitiga tayyorgarlik va Afgʻonistondagi vaziyat muhokama qilindi.

Tojikiston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston tashqi ishlar vazirlari ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasini kengaytirish va rivojlantirish haqida ham gaplashdi.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti yig'ini, Dushanbe, 14-iyul, 2021a
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti yig'ini, Dushanbe, 14-iyul, 2021a

Uchrashuvda ShHTning 2022-2024-yillarda terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha yangilangan dasturi xususida ham so'z ketgan.

Vazirlar COVID-19 pandemiyasining ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha rejasini qabul qilgan. Madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi hamkorlikka ham e'tibor qaratilgan.

Mehmonlar Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashgan. Muloqot paytida Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Van I, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subramaniam Jayshankar rasmiy chiqishlar qilgan.

Tojikiston rahbari Afgʻonistonda vaziyat keskinlashayotganini hisobga olib, shoshilinch choralar koʻrayotganini taʼkidlagan.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti yig'ini, Dushanbe, 14-iyul, 2021
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti yig'ini, Dushanbe, 14-iyul, 2021

Blokning navbatdagi raisi O'zbekiston bosh diplomati Komilov ShHTga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari nomidan nutq soʻzlab, Tojikistonning raislik davri va bu hukumat qilgan ishlarni yuqori baholagan.

ShHT Afgʻonistondagi notinchlikdan xavotirda. Komilova koʻra, “Oʻzbekiston Afgʻonistonning mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanishidan manfaatdor. Afgʻonistonga nisbatan Oʻzbekiston yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat va tenglik tamoyillariga asoslangan doʻstona siyosat yuritadi”.

Komilovning aytishicha, Oʻzbekiston Afgʻonistondagi siyosiy jarayon faqat afgʻonlar tomonidan va Afgʻoniston xalqi boshqaruvi ostida amalga oshirilishi zarur.

14-iyul kuni tadbir yakunida ShHT-Afgʻoniston muloqot guruhining qoʻshma bayonoti e'lon qilindi.

“Afgʻonistonni mustaqil, betaraf, birlashgan, tinch, demokratik va farovon davlat sifatida barpo etish uchun” chiqarilgan bu bayonotda ShHT davlatlari Afgʻonistonga terrorizm, urush va giyohvandlikdan holi mamlakat boʻlishiga yordam berish niyatida ekanligi qayd etilgan. Shuningdek, Afgʻonistonning shimoliy viloyatlarida turli terroristik, ayirmachilik va ekstremistik guruhlarning faollashishi natijasida kuchayib borayotgan vaziyatdan ShHT aʼzo davlatlari chuqur xavotirda ekanligi aytilib, “Biz terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish uchun ShHTga aʼzo davlatlarning birgalikdagi saʼy-harakatlarini kuchaytirishni muhim deb bilamiz”, - deya taʼkidlangan.

“ShHT makonida xavfsizlik va barqarorlikni saqlash va mustahkamlashning eng muhim omillaridan biri bu Afgʻonistondagi vaziyatni iloji boricha tezroq tartibga solish, deb bilamiz”.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a'zo davlatlarning bosh diplomatlari Dushanbeda Prezident Emomali Rahmon bilan ham uchrashdi, 14-iyul, 2021
Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a'zo davlatlarning bosh diplomatlari Dushanbeda Prezident Emomali Rahmon bilan ham uchrashdi, 14-iyul, 2021

Dushanbe shahrida ShHT yigʻilishi davom etayotgan bir paytda Afgʻoniston shimolidan Tojikistonning Togʻli Badaxshon muxtor viloyatiga yana qochqinlar oʻtgan. Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasidan berilgan maʼlumotlarga koʻra, bu safar 77 nafar etnik qirgʻiz boʻlgan Afgʻoniston fuqarolari Murgʻob nohiyasiga oʻz mol-mulklari va jonlarini saqlab qolish uchun yilqi va qoʻtoslari bilan kelgan.

Tahlilchi Ilhom Yusupov deydiki, Markaziy Osiyo davlatlari “yomgʻirdan qutilib, boʻronga tutilmasa” boʻlgani.

“Gap aynan Markaziy Osiyoda xavfsizlik va tinchlikni taʼminlash, shu jumladan, Afgʻoniston bilan uzundan uzoq va murakkab chegaraga ega boʻlgan va bugungi kunda xavotir bilan qaralayotgan Tojikistonga bosqinchilarni kirib kelishi oldini olish haqida boradigan boʻlsa, bu masala Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti doirasida muhokama etilgani maʼqulroq, deb bilaman", - deydi sharhlovchi.

"Bu masala ShHT doirasida koʻrib chiqilishi vaziyatni yana ham murakkablashtirishi mumkin. Masalan, bu holat mintaqadagi yirik avtoritar davlat hisoblangan Xitoyga kutilmagan imkoniyatlar berib qoʻymaydimi?! Bu haqida ham oʻylab koʻrish kerak. Boshqa tarafdan ShHTga yana bir aʼzo davlat, Afgʻonistonning janubiy va sharqiy tomonidan uzundan uzoq masofada chegaradosh boʻlgan Pokiston Toliblar (Tojikistonda faoliyati taqiqlangan)ni qoʻllab-quvvatlashi haqida ham maʼlumotlar mavjud. Shu omillarni hisobga olib, Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash masalasini mintaqadagi geopolitik siyosatning boshqa oʻyinchilari qoʻliga topshirib qoʻyishdan ehtiyot boʻlish kerak”, - deydi Yusupov.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG