Breaking News

Qirg'iziston: Afg'onistondan kelayotgan tahdidlarga tayyorlanyapmiz


Afg’oniston bilan chegarada tahdid yuzaga kelgan taqdirda Qirgʻiziston Tojikistonga yordam beradi. Bu haqda Qirgʻiziston milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasining yetakchisi Qamchibek Tashiyev 8-iyulda oʻtgan matbuot anjumanida bayon qildi.

Tashiyev Afgʻonistonda yuzaga kelgan bugungi vaziyatni Qirgʻiziston uchun tashqi xavf deb atadi.

“Bizning mamlakatga ham xavf bor, chunki Oʻzbekiston hamda Tojikistonga kirib kelgan qochqinlar yaqin orada bizning hududda ham boʻlib qolishi mumkin. Shu sababdan, biz Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar kabi bunday xavflarga tayyorlanmoqdamiz”, — dedi Tashiyev.

Qamchibek Tashiyev matbuot anjumanida NATO harbiy-siyosiy tashkiloti Afgʻonistondan harbiylarini chiqarib ketishi ortidan “Islomiy davlat”, “Jamoat at-Tavhid val-Jihod” va “Turkiston islom harakati” oʻz faoliyatini Markaziy Osiyoga yoʻnaltirganini qoʻshimcha qildi.

Avvalroq Tojikiston Tolibon jangarilari Afgʻoniston hududlarini egallab olayotgani sabab Afgʻoniston bilan chegarasini qoʻriqlashda yordam soʻrab Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga (KXShT) murojaat qilgan. Hozirda Afgʻoniston armiyasi toliblar bilan jang qilib, 1500 nafardan ortiq afgʻon harbiysi Tojikiston hududiga chekingan.

Tojik hukumati qayd etishicha, Afgʻoniston bilan umumiy chegara chizigʻining taxminan uchdan ikki qismi ayni paytda "radikal islomchilar" nazoratiga oʻtgan. Chegaraning jami uzunligi esa 1350 chaqirimdan ortiq.

Afgʻoniston bugungi kunda ogʻir vaziyatni boshdan kechirmoqda. Hukumat bunga bardosh bera oladimi? Poytaxt Kobulda ham portlashlar, otishmalar boʻlmoqda. Oddiy fuqarolargagina emas, boshqa davlatlarning diplomatik vakillariga ham hujumlar sodir boʻlmoqda.

Bu vaziyat Qirgʻizistonga ham toʻgʻridan-toʻgʻri xavf tugʻdiradi, deydi siyosatshunos Qubanichbek Isabekov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

“Tolibon ertaga Qirgʻiziston chegarasiga kelmaydi deb hech kim kafolat bera olmaydi. Shuning uchun tish-tirnogʻimiz bilan qoʻshni davlatlar birikib, Tolibonga qarshi turishimiz kerak. Qirgʻiziston ham bunga tayyor turishi kerak. Bu yilgi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (KXShT) hamda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining yigʻiniga Tojikiston mezbonlik qilishi kerak edi. Ammo nimagadir koʻp vaqtga choʻzilib ketdi. Bu yigʻin tez orada oʻtkazilib, vaziyat muhokama qilinishi va har bir davlat xavfsizlik uchun oʻz ulushini qoʻshishi kerak. Kerak boʻlsa bizning harbiy qism ham oʻsha yerga borib turishi kerak. Boshqa yoʻli yoʻq”, - deydi siyosatshunos.

Ammo Vashingtondagi Milliy mudofaa universiteti professori Erika Marat Markaziy Osiyoga hech qanday harbiy tahlika yoʻq deb hisoblaydi. U bu haqda “BBC” bilan boʻlgan suhbatida aytgan.

“Markaziy Osiyoga hech qanday harbiy tahlika yoʻq deb hisoblayman. Ammo narkotrafikning ortishi, buning ortidan xavfsizlik xizmati, harbiylar orasida korrupsiyaning kuchayishi hamda uyushgan jinoyatlar koʻpayishi mumkin”, -degan u.

Shu bilan birga, Erika Marat Tojikiston va Qirgʻiziston chegara hududlarida narkotrafikning kuchayishi bois harbiylarning emas, uyushgan qurolli guruhlar oʻrtasida otishmalar boʻlib, beqarorlik yuzaga kelish ehtimolini ham aytib oʻtgan.

Afgʻonistonda vaziyat 2021-yilning may oyidan boshlab jiddiylasha boshladi. Bunga 20 yilga yaqin muddat Afgʻoniston hududida boʻlgan AQSh va uning ittifoqdoshlari harbiylari chiqib ketayotgani sabab boʻlgan.

Buning ortidan Tolibon kuchayib borayotgani xabar qilinmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, ular mamlakat hududining yarmini oʻz nazoratiga olib ulgurgan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG