Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari Tolibon nazorati kengayayotgan Afg’onistondagi vaziyatni muhokama qildi. BMT tashabbusi bilan virtual tarzda o’tgan muhokamada Afg’oniston tashqi ishlar vaziri ham qatnashgan.
O’zbekiston tomoniga ko’ra, “uchrashuvda afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish, mamlakat iqtisodiyotini tiklash hamda siyosiy jarayonlarni rivojlantirishda afg‘on xalqining yetakchilik roli tamoyilini hurmat qilish bo‘yicha mintaqaviy sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi” qayd etilgan.
Afg’onistondagi vaziyat Markaziy Osiyo davlatlarini jiddiy xavotirga solmoqda. Avvalroq mintaqa prezidentlari vaziyatni o’zaro muhokama qilgan edi. Vaziyat borgan sari keskinlashayotgani kuzatiladi, yaqinda mingdan oshiq afg’onlar Tojikistonga qochib o’tgan. Dushanbe qochqinlar xavfsiz hududga joylashtirilgani haqida bayonot ham bergan.
Tolibon tojik-afg’on chegarasidagi aksariyat hududlar ustidan nazorat o’rnatgani, O’zbekiston bilan chegara hududlari, jumladan, Hayraton portini egallashga urinish samarasiz tugagani xabar qilinmoqda.
Toliblar Afg’onistonda o’z nazoratini kengaytirib borar ekan, minglab aholi mintaqa davlatlariga qochib o’tishi mumkinligi haqida ogohlantirishlar yangragan edi.
Hozirgacha toliblar bilan to’qnashuvdan chekinayotgan afg’on harbiylari qo’shni davlatlarga o’tgan bo’lsa, tinch aholidan iborat qochqinlar mintaqada dastlab qayd qilinmoqda.
Ma’lumotlarga ko’ra, afg’on qochqinlariga boshpana berish masalasi O’zbekiston va Tojikiston tashqi ishlar vazirlarining yaqinda Vashingtonda o’tgan uchrashuvlarida ham muhokama qilingan. AQSh bu davlatlardan o’z hududlarida xalqaro qo’shinlarga yaqindan yordam berib kelgan afg’onlarni vaqtincha joylashtirishni so’ragan.
Toshkent bu borada biror izoh bermagan, ammo Tojikiston tomoni 10 mingga yaqin afg’on qochqinlarini o’z hududida joylashtirish imkoniyatiga egaligi haqida bayonot bilan chiqqan.
Umuman, afg’onlar mintaqaga o’tishga majbur qolishayotgani yuzasidan Toshkent va Dushanbe munosabati jiddiy farq qiladi.
Hozirgacha Tojikistonga o’tib qolgan afg’on harbiylari soni 3000 ga yaqinlashgani, ularning aksariyati o’z vataniga qaytarilgani, ayrimlari hamon xavfsiz hududda qolayotganiga doir xabarlar mavjud.
Dushanbe afg’on harbiylarini qabul qilayotganini ikki davlat o’rtasidagi do’stona aloqalar, insonparvarlik tamoyillari bilan izohlayotgan bo’lsa, Toshkentning bu boradagi munosabati ancha keskin. O’zbekistonga kirgan afg’on harbiylari darhol ortga qaytarilgan, chegarani noqonuniy kesib o’tganlarga nisbatan jiddiy chora ko’rilishi, O’zbekiston Afg’onistonning ichki ishiga aralashmasligi yuzasidan ogohlantirish bergan.
Bu pozitsiya afg’on qochqinlarini vaqtincha qabul qilish yuzasidan AQShning taklifi Toshkent tomonidan qanchalik inobatga olinishi mumkinligini ham shubha ostida qo’yadi.
Ayniqsa, O’zbekiston Afg’onistonning ichki ishlariga aralashmaslik pozitsiyasida turgani, Tolibon bilan rasmiy muzokaralar o’tkazgan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ularni terrorchi tashkilot deb hisoblamasligi haqida bayonot qilgani inobatga olinsa.
Afg’onistondagi vaziyatni muhokama qilgan mintaqa rasmiylari xalqaro terrorizm tahdidiga qarshi kurashda amaliy sa’y-harakatlarni ishlab chiqish muhimligini, Afg’oniston va Markaziy Osiyo o’rtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy aloqalarni rivojlantirish lozimligini qayd etishgan.
Uchrashuv haqida ma’lumot bergan rasmiy Toshkent “siyosiy jarayonlarni rivojlantirishda afg’on xalqining yetakchilik roli tamoyilini hurmat qilish bo’yicha mintaqaviy sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligiga” ham diqqat qaratgan.
Markaziy Osiyo davlatlari Afg’onistondagi inqiroz yechimiga doir yakdil pozitsiyada ekani haqida gapirish qiyin. Mintaqadagi aksariyat davlatlar uchun Tolibon hokimiyatga qaytishi jiddiy xavf sifatida ko’riladi.
Afg’onistondagi beqarorlikni tinchlik muloqoti, qarama-qarshi tomonlarning siyosiy muzokarasi vositasida yechish tashabbusini olg’a surib kelayotgan Toshkent Tolibonni bu jarayonning asosiy ishtirokchisi deb hisoblaydi.
O’zbekiston tomoni Afg’onistonda hokimiyat uchun kurashayotgan toliblar iqtidorga kelgan taqdirda ham Markaziy Osiyoga xavf solmaydi degan fikrda. Buni O’zbekiston rasmiylari bilan muzokaralar o’tkazgan Tolibon vakillari ham tasdiqlab chiqishgan edi.
Facebook Forum