Pentagon AQShning Kobuldagi elchixonasi va xalqaro aeroport xavfsizligini ta’minlash maqsadida muayyan miqdordagi harbiylarni Afg’onistonda qoldiradi. Kuchlarning aniq soni va Afg’onistonda qolish muddatiga Pentagon oydinlik kiritmagan. Biroq AQSh harbiylarining soni an’anaviy xavfsizlik xizmatchilari guruhinikidan ancha yirik bo’lishi kutilmoqda.
“Afg’onistonni AQSh floti yetib borgan boshqa mamlakatlarga tenglashtirib bo’lmaydi. Ya’ni, u yer Afg’oniston va biz mamlakatda xavfsizlikka tahdid dinamikasini yaxshi idrok etamiz”, - dedi Pentagon so’zlovchisi Jon Kirbi 29-iyun kuni jurnalistlar ishtirokida o’tgan brifingda.
Matbuot kotibining ta’kidlashicha, AQSh hanuz Kobul aeroportiga doir xavfsizlik rejasini ishlab chiqish ustida bosh qotirmoqda.
“Biz bu yerda suhbatlashar ekanmiz, Kobul aeroportida AQSh askarlari harbiy shay holatda turibdi. Kelajakda vaziyatning qanday tus olishi mumkinligi borasida ayni damda hech narsa deya olmaymiz”, - dedi Kirbi.
“The Associated Press” o’tgan hafta tarqatgan ma’lumotga ko’ra, diplomatlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida AQShning 650 nafar harbiysi Afg’onistonda qoladi. AQSh kuchlarining katta qismi Afg’onistonni navbatdagi ikki hafta ichida tark etadi.
Shuningdek, agentlik Kobul aeroportida xavfsizlik uchun mas’ul bo’lgan Turkiya qo’shinlariga ko’mak berish uchun, katta ehtimol bilan sentabr oyiga qadar, bir necha yuz AQSh harbiylari safarbar etilishini bildirgan.
“The Associated Press” agentligiga ma’lumot bergan AQSh rasmiylari Afg’onistondan chiqish rejasi tafsilotlarini e’lon qilish vakolatiga ega bo’lmagani tufayli shaxsini ma’lum qilmaslik sharti bilan suhbatlashgan.
Xorijiy kuchlar Afg’onistondan chiqishni boshlagan 1-may sanasidan buyon Tolibon 80 dan ziyod tumanlar ustidan nazorat o’rnatishga muvaffaq bo’lgan. Toliblar boshqaruvidagi jami tumanlar soni 157 taga yetgan.
Facebook Forum