Breaking News

Bayden: Afg'onlar kelajagini o'zi belgilashi kerak, yordam davom etadi


Xalqaro qo’shinlar Afg’onistonni tark etayotgan va mahalliy armiya Tolibon hujumlarini qaytarishga qiynalayotgan bir mahalda, AQSh rahbari Jo Bayden Prezident Ashraf G’ani va Milliy yarashuv oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla bilan Oq uyda uchrashdi.

Baydenning ta’kidlashicha, AQSh Afg’onistonni qo’llab-quvvatlashda davom etadi, yordam to’xtamaydi.

“Afg’onlar o’z kelajagini, nima istashini o’zi belgilab olishi darkor. Zo’ravonlik to’xtashi kerak”, - dedi AQSh prezidenti.

G’aniga ko’ra, xavfsizlik kuchlari bugun olti tumanni Tolibondan qaytarib olgan. Baydenning qarorini hurmat qilamiz, deydi u, Vashington-Kobul munosabatlari yangi bosqichga kirmoqda.

“Birdamlikka, kelishib ishlashga bel bog’laganmiz”, - deydi G’ani.

“Reyter” axborot agentligiga ko’ra, Ashraf G’anining Oq uyga tashrifi har qanday yangi ko’mak singari muhim ahamiyat kasb etadi, chunki uchrashuv Tolibon yutuqlari, zo’ravonliklar avj olishi va mamlakatdagi og’ir epidemiologik vaziyat soyasida Bayden uni qo’llab-quvvatlamoqda deya talqin etiladi.

“Ishlar orqaga ketayotgan bir paytda, ruhni ko’tarish va hukumatni qo’llab-quvvatlash uchun har qanday yordamni berish kerak. G’ani taklif etilgani biz uni qo’llab-quvvatlayotganimizning kuchli belgisi”, - deydi AQShning Kobuldagi sobiq elchisi Ronald Nyuman.

Ammo bir necha oy ilgari AQSh rasmiylari tinchlik muzokaralarini joyidan siljitish uchun Ashraf G’aniga maktub yo’llab, yangi o’tish hukumatini tuzishga chaqirgan edi.

Kongress Afg’onistonga yordam tariqasida 3,3 milliard dollar ajratishi kutilmoqda. Shuningdek, mamlakatga 3 million doza vaksina jo’natiladi.

Bayden bilan uchrashuv oldidan Prezident G’ani AQSh Mudofaa vazirligida ham uchrashuvlar o'tkazdi. “AQSh razvedkasi xulosasiga ko’ra, amerikalik harbiylar ketganidan so’ng hukumatingiz olti oy ichida qulashi mumkin ekan, bunga nima deysiz”, deb so’ralganda, G’ani shunday javob berdi:

“Bunday bashoratlar ko’p bo’lgan, barchasi yolg’on bo’lib chiqdi”

Afg’oniston rahbari va Milliy yarashuv oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla AQSh Kongressida yetakchi respublikachi senator Mitch Makkonel bilan ham muloqot qilgan. Makkonel deydiki:

“Baydenning qo’shinlarni chiqarish qarori afg’on sheriklarimizni yolg’izlatib qo’ymoqda. Baydenning o’z maslahatchilari tahdid oshib borayotganini tan oladi. Kobulni bosib olishga hozirlanayotgan Tolibon ruhlanib, ko’p yillik progressni yo'q qilmoqda, xususan afg’on xotin-qizlarining huquqlari bobida”.

“Amerika Ovozi” Oq uydan bu borada izoh berishni so’radi.

“Bayden bu urushda g’alaba qilib bo’lmasligi haqidagi xulosa asosida qaror qabul qildi. 20 yillik urushdan so’ng askarlar uyga qaytmoqda”, - deydi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki.

G’anining Oq uyga tashrifi Afg’oniston kelajagi uchun o’ta muhim, deb hisoblaydi Jon Bolton, Donald Trampning milliy xavfsizlik bo’yicha sobiq maslahatchisi.

“Bu Baydenni ko’ndirish uchun so’nggi imkoniyat. Harbiylarni chiqarish qarorini bekor qilmasa ham, hech bo’lmasa afg’onlarga ko’proq vaqt berish, Afg’onistonni tashlab ketmayotganimizni boshqa usullar bilan ko’rsatish mumkin”, - deydi u.

Mo’ljal – 11-sentabr

Jo Baydenning ta’kidlashicha, AQShning Afg’onistondagi harbiy ishtiroki 11-sentabrga borib yakunlanadi. Bundan 20 yil oldin shu sanada al-Qoida AQSh hududida terror hujumlarini amalga oshirgan edi.

AQSh va NATO qo’shinlari Afg’onistonni joriy yilning 1-mayidan tark eta boshladi. Bu afg’on armiyasi va Tolibon o’rtasidagi janglar misli ko’rilmagan darajada avj olishiga olib keldi. Qatarda AQSh vositachiligida Tolibon bilan kechayotgan tinchlik muzokaralarining taqdiri ham no’malum.

Jangarilar o’tgan haftalar ichida o’nlab tumanlarni bosib oldi. Har ikki tomon jiddiy talafot ko’rgan. Bu orada, o’tgan 20 yil davomida AQSh harbiylariga yordam bergan tarjimonlar, haydovchilar va boshqalar AQSh hukumatidan madad kutmoqda.

Maxsus immigratsion viza uchun murojaat qilganlar “Afg’onistondan tashqaridagi joyga ko’chiriladi va viza jarayoni davom etadi”, deydi Psaki.

AQSh rasmiylarining “AP” axborot agentligiga bildirishicha, diplomatlar xavfsizligini ta’minlash uchun Afg’onistonda taxminan 650 askar qolishi mumkin.

Yana bir necha yuz qo’shimcha askar sentabrga qadar Kobul aeroportida joylashtirilishi ehtimoli ham bor. Ular aeroport xavfsizligini ta’minlayotgan Turkiya harbiylariga ko’maklashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG