AQSh va koalitsiya qo’shinlari Afg’onistonni to’liq tark etgach Tolibon muzokaralar orqali qo’lga kirita olmagan hududlarni kuch bilan tortib olishga tayyor, deyiladi BMTga a’zo davlatlar razvedkasiga asoslangan yangi hisobotda.
BMTning sanksiyalarni kuzatuvchi monitoring guruhiga ko’ra, 2020-yilda Afg’onistonda zo’ravonlik sur’ati keskin oshgan va 2021-yilda ham davom etmoqda. Tolibon bugun mamlakatdagi ma’muriy markazlarning yarmidan ko’pini nazorat qiladi. Shuningdek, shaharlardan tashqaridagi hududlarning 70 foiziga da’vogarlik qiladi.
Hukumat bilan tinchlik bitimiga erishish uchun jangarilar zo’ravonlikni kamaytirayotgani yo’q, harbiy mavqeini kuchaytirishga intilmoqda.
BMT ekspertlariga ko’ra, Afg’onistonda rasmiylar, ayollar, huquq faollari va jurnalistlarga qaratilgan xurujlarning aksariyatini Tolibon amalga oshirgan.
“Bu hujumlardan maqsad hukumatni zaiflashtirish va fuqarolik jamiyatini qo’rqitish”, deya xulosa qiladi ekspertlar.
Guruh 2020-yilda tog’-kon sanoatidan taxminan 464 million dollar daromad qilgan. Tolibonning yillik daromadi 300 million dollardan 1,6 milliard dollargacha, deyiladi hisobotda.
Razvedka ma’lumotlari shuni ko’rsatmoqdaki, Tolibon qo’mondonlari muhim shaharlar atrofida o’z kuchlarini to’plagan. Ular xorijiy qo’shinlar soni kamayganda bo’lajak harbiy amaliyotlarni shakllantirish payida, deyiladi hisobotda.
Toliblar al-Qoida guruhi bilan aloqani uzgan deyish uchun asos yo’q. Aksincha, oradagi munosabatlar “nikoh rishtalari va umumiy kurashda sheriklik orqali chuqurlashib bormoqda”.
“Al-Qoida a’zolari nishonga olinishini bartaraf etish uchun Tolibon ularni uzoqroq joylarga ko’chirgan”, deyiladi hisobotda. Afg’onistonning 15 viloyatida al-Qoidaning 500 nafargacha a’zosi yashaydi.
Ikkala guruh orasida aloqa davom etmoqda. Lekin, deyiladi hisobotda, “Tolibonnning Doxa kelishuvi doirasidagi diplomatik pozitsiyasiga ziyon yetkazmaslik uchun al-Qoida Tolibon rahbariyati bilan ochiq kommunikatsiyani cheklagan”.
Tolibon BMT xulosalarini rad etmoqda.
“Afsuski, bu hisobot dushman razvedka idoralarining yolg’on ma’lumotlari asosida tuzilgan, - deydi guruh so’zlovchisi Zabihulla Mujohid. – Bunday bir tomonlama hisobotlar BMT Xavfsizlik Kengashining xolisligini shubha ostiga qo’yadi”.
AQSh rasmiylarining ta’kidlashicha, Afg’onistonda “adolatli va mustahkam” tinchlikka erishishning yagona yo’li afg’on guruhlari orasida muzokaralardir.
“Dunyo Afg’onistonda hukumat zo’rlik bilan o’rnatilishini qabul qilmaydi”, - deydi Davlat departmaneti so’zlovchisi Ned Prays.
AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod fikricha, Tolibon xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishini istagani bois ham muzokaraga tayyor. Agar zo’ravonlikka qo’l urishsa, deydi u, bu maqsadga erisha olmaydi, mamlakat ko’makdan ham quruq qoladi.
Bir necha kun oldin AQSh harbiylari shu kungacha Afg’onistondan qo’shin va texnikaning 44 foizi olib chiqilganini e’lon qilgan edi.
Doxa kelishuvida AQSh va koalitsiya qo’shinlarini 2021-yilning mayigacha Afg’onistondan chiqishi kerakligi belgilangan bo’lsa-da, Prezident Jo Bayden jadvalni biroz kechiktirdi. Jarayon sentabrgacha cho’ziladi.
Afg’on qurolli kuchlari uchun treninglar qay tarzda davom etishi va, zarur bo’lganda, AQSh Afg’onistonda aksilterror amaliyotlarni qanday o’tkazishi hozircha noma’lum.
Facebook Forum