Breaking News

AQSh harbiylari bilan ishlagan minglab afg’onlar viza istaydi


Hozirgacha AQSh harbiylarini Afg’onistondan chiqarish jarayonining 10 foizi yakunlandi. Qonunchilar qator masalalar bo’yicha Pentagon rahbarlarini savolga tutmoqda.

“Afg’onistonni tark etish e’lonidan oldin hal qilish kerak edi bu masalalarni”, - deydi kongressmen Mayk Rojers.

Masalan, afg’on qurolli kuchlari uchun treninglar davom etishi haligacha belgilanmagan.

“Ularga kerakli yordamni qanday ta’minlashni rejalash bosqichidamiz”, - deydi AQSh mudofaa vaziri muovini Deyvid Xelvi.

Mintaqada terror tahdidini aniqlash va bartaraf etishda davom etish uchun AQSh qo’shinlarini endi qayerda joylashtirishi ham noma’lum.

“Qayerdan uchib o’tish, harbiy qo’nalg’a topishni muhokama qilayapmiz”, - deydi Pentagon vakili.

Qonunchilarga ko’ra, Mudofaa vazirligi AQSh harbiylariga yordam bergan, tarjimonlik qilgan afg’onlarga maxsus immigratsion vizalar berish yo’lini topishi lozim. Taxminan 18 ming afg’on hayoti xavf ostida ekanini aytib, AQSh vizasini olish uchun murojaat qilgan.

Kongressmen Jeyson Krou – sobiq harbiy. Iroq va Afg’onistonda xizmat qilgan.

“Harbiylarimizga yordam bergan afg’onlardan birini yanvarda, o’g’lining ko’zi oldida o’ldirishdi. To’ng’ich o’g’liga ham toliblar tahdid qilishmoqda. Harakat qilmasak, unga o’xshab boshqalar ham qatl etiladi”, - deydi u.

Har ikki partiya qonunchilari Afg’onistondan chiqish qarorini to’g’ri deya olqishlamoqda.

“20 yilda ishni bajara olmadikmi, demak keyingi 5-10 yilda ham biror narsa o’zgarmaydi. Askarlarimizdan behuda jon berishni so’rayapmiz xolos”, - deydi kongressmen Adam Smit.

Biroq xorijiy qo’shinlar Afg’onistondan chiqqanidan so’ng al-Qoida bilan aloqani uzmagan Tolibon afg’on hukumatini ag’daradi degan xavotir ham bor.

“Afg’onistonni AQShga hujum qilish niyati bo’lgan odamlar qo’liga topshiryapmiz”, - deydi kongressmen Jo Vilson.

Agar afg’on hukumati qulasa, AQSh armiyasi mamlakatga qayta kirib tartib o’rnatishi, bosib olingan hududlarni qayta nazoratga olishiga to’g’ri keladi, demoqda ba’zi tahlilchilar.

Xalqaro hayot – 14-may, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:05 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG