Breaking News

Afg’onistonda yana o’nlab tumanlar Tolibon nazoratiga o’tdi


Xorijiy qo'shinlar tark etgan Bagram aviabazasi
Xorijiy qo'shinlar tark etgan Bagram aviabazasi

Tolibon jangarilari Afg’onistonda tumanlarni birma-bir bosib olishda davom etmoqda. Qo’shma Shtatlar mamlakatdan askarlarini olib chiqish jarayonini avgust oxirigacha tugatmoqchi.

Ko’plab manbalarga ko’ra, kuni-kecha hukumat kuchlari Badaxshon va Taxor viloyatlarining o’nlab tumanlarida chekinishga majbur bo’lgan. Ayrim hududlar qarshiliksiz toliblarga topshirilayotgani, 300 dan ortiq afg’on askari Badaxshondan Tojikistonga qochib o’tgani haqida xabarlar bor.

Afg’oniston chegarachilari Tojikistonga “insonparvarlik va qo’shnichilik tamoyillari asosida” kiritilgan. O’tgan hafta ham Tolibon bilan qonli to’qnashuvlar ketidan bir guruh afg’on harbiylari Tojikistonga qochgan edi.

So’nggi janglar Tolibonni Badaxshon poytaxti Fayzobod ostonasigacha olib kelgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda vahimaga tushgan viloyat rasmiylari oilasi bilan samolyotga chiqayotgani, shahardan qochayotganini ko’rish mumkin. “Amerika Ovozi” video haqiqiyligihi tasdiqlay olgani yo’q.

Afg’oniston Mudofaa vazirligi so’zlovchisi Favad Omonning aytishicha, 4-iyul kuni xavfsizlik kuchlari Fayzobod yaqinidagi tumanga hujum qilib, jangarilarni haydab chiqargan. Toliblar katta talafot ko’rdi, deydi u.

Janubdagi Hilmand va Qandahor viloyatlarida ham shiddatli janglar kechmoqda. Tolibon bir necha tumanni bosib olganini da’vo qiladi. Favad Omonning aytishicha, so’nggi 24 soat ichida to’qqiz viloyatda 300 dan ortiq toliblar yo’q qilingan.

Afg’onistonda jang qilayotgan tomonlar o’z yutuqlari va raqib tomon talafotlarini oshirib ko’rsatishi oddiy hol. Tafsilotlarni mustaqil manbalardan tasdiqlash qiyin.

Ichki ishlar vaziri, general Abdul Sattor Mirzakval tumanlar boy berilishiga ishora qilib, “Tolo News” telekanaliga aytishicha, “urushni boshqarish bilan bog’liq masalalar amaldagi vaziyatning asosiy sababidir”.

Uning ta’kidlashicha, yirik shaharlar markazlari “hech qachon Tolibonga boy berilmaydi”. U viloyatlarni “qizil chiziqlar” deya atadi. Jangarilar ta’minot yo’llarini nazorat qilishga urinmoqda, lekin afg’on xavfsizlik kuchlari yo’l bermayapti, deydi Mirzakval.

“CNN” telekanaliga ko’ra, Tolibon harbiy harakatlarini hisobga olgan holda AQShning Kobuldagi elchixonasini evakuatsiya qilish rejalari yangilanmoqda.

Tanqidchilar deydiki, AQSh havodan yordam berishni to’xtatganidan buyon afg’on armiyasi jang maydonida muvaffaqiyatsizliklarga uchramoqda.

“Tolibon shimol tomon harakat qilayotganining sababi u yerda xavfsizlik kuchlarining ozligi, shuningdek, shimoldagi qo’mondonlar va ularning jangchilariga yordam yo’llarini uzib qo’yish istagidir, - deydi harbiy tahlilchi Jonatan Shroden. – Xavfsizlik kuchlari chekinayotganiga kelsak, hukumat ularni qo’llab-quvvatlamayapti. Na logistik jihatdan, na havodan, na yetakchilik orqali. Shunday ekan, ular oyog’i bilan ovoz bermoqda [qochmoqda].”

2-iyul kuni AQSh va NATO qo’shinlari Afg’onistonning Bagram aviabazasini tark etgani e’lon qilindi. Qariyb 20 yil davomida Tolibon va al-Qoidaga qarshi operatsiyalar shu bazadan boshqarilgan. Ushbu e’lon mamlakat yana fuqarolik urushi yoqasida, degan xavotirlarni kuchaytirdi.

Tolibon may oyidan buyon 100 dan ortiq tumanlarni egallab olgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG