Breaking News

AQSh kontrterrorizm uchun Markaziy Osiyodan qanday foydalanishi mumkin?


Manas aviabazasi, Bishkek, Qirg'iziston, 2009
Manas aviabazasi, Bishkek, Qirg'iziston, 2009

AQSh Afg'onistondan o'z harbiylarini butkul chiqarish harakatida ekan, qo'shni davlatlar bilan harbiy aloqalar kuchayishi kutilmoqda. Vashington mintaqada yana baza ochadimi, degan savol hukmron. Pentagon va Davlat departamenti, qolaversa ekspertlar nima deydi?

Birinchidan, gap baza ochish emas, terrorizmga qarshi harbiy chora ko'rishda Afg'onistonga yaqin hududlardan foydalana olish ustida ketmoqda. Vazifa qanchalik murakkab ekanini Bayden ma'muriyati ochiq tan oladi.

Choralar nimadan iborat bo'ladi? Qanday kuchlar safarbar etiladi? Sherik davlatdan nima so'raladi? Hamkorlik aynan qanday yo'lga qo'yiladi? Pentagonda mutasaddilar bu masalalar borasida bosh qotirar ekan, Davlat departamenti kontrterrorizm bo'yicha diplomatiya zo'r bermoqda.

Markaziy Osiyo Vashington bilan 30 yillik siyosiy tarixga ega. 2001-yilda boshlangan terrorga qarshi urush fonida ochilgan Amerika bazalari mintaqada, xususan O'zbekiston va Qirg'izistonda keskin ziddiyatlar va norozilik ruhida yopilgan. Strategik sheriklik har doim ham tuzumlararo ishonchdan darak emas.

O'z ta'sirini boy berishni xohlamaydigan Rossiya va Xitoy ham Amerika harbiylarining Markaziy Osiyoga qaytishini istamaydi. Moskva va Pekinning iqtisodiy va siyosiy quvvatloviga muhtoj region hukumatlari ham ularni qattiq bezovta qilishni xohlamaydi.

AQSh Mudofaa vazirligida Markaziy Osiyo bo'yicha bosh rasmiy Deyvid Helvi yaqinda Kongressga hisobot berar ekan, Afg'onistonning qo'shnilari bilan hozircha biror yangi kelishuv yo'qligini aytdi. Amerika qo'shinlari kirishi yoki Afg'onistondagi vaziyatni u yerdan kuzatish uchun biror davlatga rasman murojaat qilinmagan yoki undan ruxsat olinmagan.

“Biz hamon mintaqadagi imkoniyatlarni o'rganayapmiz", - deydi Helvi qonunchilar bilan gaplashar ekan.

Pentagon rasmiysi biror mamlakatni tilga olmadi, ammo Afg'onistonga yaqin davlatlar e'tibor markazida ekanini aytdi.

AQSh generali, Markaziy Qo'mondonlik rahbari Kennet Makkenzi o'tgan yilning oktabrida O'zbekistonga tashrif buyurib, Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muloqot qilgan
AQSh generali, Markaziy Qo'mondonlik rahbari Kennet Makkenzi o'tgan yilning oktabrida O'zbekistonga tashrif buyurib, Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muloqot qilgan

Markaziy qo'mondonlik rahbari general Kennet Makkenzi ham Kongressda so'zlar ekan, Markaziy Osiyo Afg'onistonda tinchlikni ta'minlashda muhim hudud ekanini tan oldi.

“Hozircha biror kelishuv yo'q", - deydi u qonunchilar bilan muloqotda.

Makkenziga ko'ra, AQSh razvedkani takomillashtirishi, mintaqada maxfiy nazorat platformalariga ega bo'lishi, zarur bo'lganda harbiy samolyotlar va dronlarni safarbar eta olishi lozim.

Davlat departamentining "Amerika Ovozi"ga bildirishicha, AQSh terrorizm xavfining oldini olish uchun zarur choralarni ko'rish harakatida.

“Biz bu maqsadda barcha sheriklarimiz, xususan Markaziy Osiyodagi hamkorliklarimiz bilan muloqotni davom ettiramiz", - deya qayd etadi departament.

“Afg'onistonning qo'shnilari "Islomiy davlat" va al-Qoida tahdidiga nisbatan qanday javob berish xususida birdek yondashuvga ega".

Vashington Markaziy Osiyoda Qirg'izistondan tashqari barcha davlatlar bilan harbiy hamkorlikka ega. Bishkek bilan bunday aloqalar 2014-yilda Manasdagi havo bazasi yopilgach to'xtagan.

AQSh 2001-2005 yillarda O'zbekistonda Qarshi-Xonobod harbiy bazasiga ega bo'lagn
AQSh 2001-2005 yillarda O'zbekistonda Qarshi-Xonobod harbiy bazasiga ega bo'lagn

Tojikiston, Turkmaniston va Qozog'istonda elchilik qilgan, Davlat departamentida Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha yuqori lavozimlarda ishlab hozir iste'foga chiqqan Richard Hoagland fikricha, AQSh zarur bo'lganidagina regiondagi harbiy inshootlardan foydalanish haqida o'ylashi kerak.

“2001-yilda O'zbekistonda Qarshi-Xonobod, Qirg'izistonda Manas singari joylarda baza ochganimizdek bo'lmaydi", - deydi Hoagland, "Amerika Ovozi" bilan gaplasharkan.

“Xitoy va ayniqsa Rossiya qarshi chiqib, Markaziy Osiyo hukumatlariga bosimni oshirishi aniq. Zarur bo'lganida harbiy inshootlardan foydalana olish va baza ochish orasida farq katta", - deya tushuntiradi keksa diplomat.

Qarshi-Xonoboddagi AQSh kontingenti 2005-yilning yozida Andijon voqealari ketidan Vashingtonning qattiq tanqidi bois chiqarib yuborilgan.

2001-2015 yillarda NATO doirasida Germaniya Termizdagi aeroportdan foydalangan. Golland kuchlari ham bu inshootni ishlatgan. 2002-2013 yillarda Fransiya Tojikiston poytaxti Dushanbe yaqinida kichik bazaga ega bo'lgan.

Jennifer Murtazashvili, Pitsburg universitetidan mintaqashunos olima nazarida, hozirgi tahdid 20 yil oldingi vaziyatdan farq qiladi.

Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikistondan farqli o'laroq O'zbekiston Rossiya boshchiligidagi Kollektiv Xavfsizlik Kelishuvi Tashkilotiga kirmagan. Ammo O'zbekiston qonunlari chet el harbiylari uchun mamlakat sarhadini ochishni man etadi.

Murtazashvili deydiki, O'zbekiston Tolibon bilan bevosita aloqada ekan, Kobulda kim hukmron bo'ishidan qat'i nazar Toshkent Afg'onistondagi xavfdan o'zini himoya qila oladi.

“Karimov davrida bunday emas edi. Afg'onistonga tahdid o'chog'i deb qaralar edi", - deydi ekspert.

Toshkent Afg'oniston markaziy hukumati bilan ham, qurolli muxolifat bilan ham muloqotda.

Ismatilla Irgashev, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili "Amerika Ovozi" bilan suhbatda "orada ishonch bor" deydi.

“Tolibon Afg'onistonda tinchlik istaydi. Shuningdek, ular bizdek qo'shni davlat bian ham tinchlik xohlaydi", - deydi Irgashev. “Yoqadimi yo'qmi, Tolibon Afg'onistonning bir qismi".

Lekin Murtazashvili tahlilicha, Markaziy Osiyoda hukumatlar, umuman olganda, Vashingtonga har doim ham tayansa bo'ladigan sherik sifatida qaramaydi. AQSh tashqi siyosatidagi qarama-qarshiliklar ularni bezovta qiladi, deydi olima.

Pentagondan Vashingtonga qaraganda, Virjiniya shtati
Pentagondan Vashingtonga qaraganda, Virjiniya shtati

Yaqinda Rossiya rahbari Vladimir Putin Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashganida Afg'onistondagi vaziyatdan xavotir kuchayib borayotgani haqida gapirdi. AQSh qo'shinlarining chiqib ketayotgani tahdid darajasini oshirishi mumkinligiga to'xtaldi.

Biroq Putin Tojikiston qo'rqmasligi kerak, deya ta'kidladi, Rossiya uni himoya qiladi. Federatsiyaning chet eldagi eng yirik kontingenti Tojikistonda. 201- harbiy baza deb ataluvchi inshootda 7500 askar uchun joy bor. Rossiyaning Qirg'izistonda ham bazasi bor. Har ikki obyekt tarixi 1940-yillarga borib taqaladi.

Xitoy ham oxirgi yillarda Tojikistonda harbiy maskanlar barpo etib va mintaqaviy mashqlarda qatnashib, bu boradagi rolini oshirishga urinmoqda.

“Rossiya va Xitoy uchun aslida AQSh bazasi xavfsizlik nuqtai nazaridan foydali bo'lishi mumkin, biroq ularning geosiyosiy maqsadlariga zid", - deydi Murtazashvili.

“Afg'onistondagi tinchlikdan Rossiya, Xitoy va AQSh birdek manfaatdor, ammo bu Moskva va Pekin uchun naqadar muhimki, ular Vashingtonga regionda yangi baza ochishi uchun yo'l beradi? Nazarimda, u qadar muhim emas va yo'l bermaydi, deb o'ylayman".

Irgashevga ko'ra, O'zbekistonning umidi shuki, Bayden ma'muriyati Afg'onistonga nisbatan siyosatda mintaqadagi sheriklari bilan o'zaro manfaatlarni, ularning maqsad va dardini, qolaversa bu respublikalar va AQSh ishtirokidagi C5+1 dialogi prioritetlarini yodda tutadi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG