Breaking News

O’zbekiston rahbari Baydenni ishga kirishgani bilan tabrikladi


Prezident Shavkat Mirziyoyev Jo Baydenni AQSh rahbari lavozimiga kirishgani bilan tabriklagan. Bu 20-yanvar kuni qasamyod qabul qilgan Bayden ma’muriyatiga O’zbekiston hukumati tomonidan bildirilgan, jamoatchilikka ochiqlanayotgan dastlabki diplomatik mujda. Jo Baydenning saylovdagi g’alabasi O’zbekiston prezidenti tomonidan e’tirofsiz qoldirilgan edi.

“O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo’shma Shtatlari Prezidenti Jozef Baydenga uning davlat rahbari lavozimiga kirishgani munosabati bilan tabrik yo’lladi”, - deyiladi rasmiy xabarda.

Prezident rasmiy saytida tabrik matni yo’q. Prezident Jozef Bayden davlat rahbari sifatida tabriklangani ma’lum qilinishi bilan cheklanilgan.

Agar Prezident Mirziyoyev Jo Baydenni AQShda o’tgan prezidentlik saylovlari g’olibi sifatida tabriklamagani, Toshkent buni biror izohsiz qoldirgani, Donald Tramp va Mirziyoyev munosabatlari esa muntazam o’zaro tabrik, maktublar bilan kuzatilgani inobatga olinsa, vaziyat bir qadar mavhumdek ko’rinadi.

O’zbekiston-AQSh hamkorligi Jo Bayden hokimiyati davrida qanday rivojlanishi hozircha mavhum, ammo bu aloqalar inson huquqlariga bepisandligi uchun tanqidga tutilgan sobiq prezident Tramp davrida jiddiy siljishlar bilan qayd etildi.

Bu davrda Mirziyoyevning AQShga rasmiy safari amalga oshdi, Vashingtonda Donald Tramp bilan ikki tomonlama muzokaralar o’tdi, tomonlar xalqaro tashabbuslarda, xususan Afg’oniston masalasida, mintaqaviy siyosatda o’zaro hamkorlikka kelishishdi, AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan hamkorlik strategiyasi yangilandi, istiqbolli rejalar belgilandi.

Bu davrda ikki tomonlama munosabatlar ham ancha ildamladi, AQSh hukumati Mirziyoyev islohotlarini olqishlar bilan kutib oldi. Inson huquqlari, xususan majburiy mehnat, diniy erkinlik masalasidagi o’zgarishlar rasman e’tirof etildi. O’zbekiston diniy e’tiqod erkinligi bo’yicha alohida tashvishga molik davlatlar ro’yxatidan chiqarildi, ammo nazoratdagi davlatlar qatorida qoldi.

AQSh-O’zbekiston o’rtasida kutilayotgan aloqalar haqida “Amerika Ovozi”ga bildirilgan munosabatlarda Bayden ma’muriyati diqqatni O’zbekistonda e’lon qilingan islohotlar amaliyotiga qaratishi mulohaza qilingan edi.

O’zbekistonlik faollarga ko’ra, Bayden ma’muriyati ikki tomonlama munosabatlarni demokratik islohotlar haqidagi bayonotlardan emas, ularning amaliyotiga qarab baholaydi. O’zbekiston bilan munosabatlar ham bundan mustasno bo’lmaydi.

Hozircha Bayden yetakchiligidagi AQSh O’zbekiston bilan munosabatlarda qanday o’zgarishlar qilishi mumkinligi haqida gapirishga erta, ammo “Kun.uz” nashri 20-yanvar kuni Prezident Mirziyoyev va AQShning diniy erkinliklar bo’yicha maxsus elchisi Sem Braunbek o’rtasida suhbat o’tkazilgani haqida xabar berdi.

AQSh elchisining “Tvitter”dagi sahifasiga tayanilgan bu xabarda aytilishicha, Braunbek Mirziyoyev bilan o’tgan suhbatdan mamnunligini ta’kidlab, uning rahbarligida mamlakatda diniy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning davom etishiga umid bildirgan.

O’zbekiston tomonida Prezident Mirziyoyev AQShning diniy erkinliklar bo’yicha maxsus elchisi bilan suhbat o’tkazganiga doir biror ma’lumot yo’q. Diniy erkinlikka doir vaziyat esa AQSh va O’zbekiston aloqalari qanday rivojlanishini belgilovchi muhim ko’rsatkichlardan biri. AQSh e’tiqod erkinligi ta’minlanishini inson huquqlarining ustuvor qadriyatlaridan biri sifatida ko’radi. Bu ustuvorlik ta’minlanishi Bayden ma’muriyati uchun yanada diqqatli bo’lishi kutilmoqda.

Baydenning AQSh prezidenti sifatida qasamyod keltirishi ortidan qabul qilgan dastlabki qarorlaridan biri Tramp davrida ayrim musulmon davlatlari fuqarolarining AQShga kirishiga qo’yilgan to’siqlarni bekor qilishi bo’ldi. Fuqarolari AQShga kirishiga to’siq qo’yilgan davlatlar orasida Markaziy Osiyodan Qirg’iziston ham bor edi.

AQSh o’z siyosatida inson huquqlari, demokratik qadriyatlarga jiddiy ustuvorlik berishini Prezident Bayden qasamyoddan keyingi ilk nutqida ham aytdi. Bu qadriyatlar himoyasi, ayniqsa demokratiya AQShning o’zida sinovga uchragani, hujumga tutilgani ortidan yanada muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Faollarga ko’ra, AQSh-O’zbekiston munosabatlari rivojlanishi, istiqboli ham demokratiya sinovidan mustasno bo’lmaydi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG