10-dekabr xalqaro inson huquqlari kuni. O’zbekiston bu sanaga bir qator olqishli o’zgarishlar bilan yaqinlashgani kuzatiladi.
8-dekabrda nishonlangan O’zbekiston Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan 100 dan oshiq kishiga nisbatan afv qo’llandi. Shu kuni Suriyada qolayotgan fuqarolarning navbatdagi guruhi “Mehr” amaliyoti doirasida mamlakatga qaytarildi.
O’zbekistonliklarni bayram bilan tabriklagan Prezident Shavkat Mirziyoyev “Mehr”amaliyoti davom etishi, mamlakat fuqarolari haq-huquqlarining kafolatlanishi davlat himoyasida bo’lishni ta’kidladi.
O’zbekiston konstitutsiyasi bayrami arafasida AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo O’zbekiston diniy erkinliklar bo’yicha “maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro’yxati”dan chiqarilganini e’lon qilgan edi.
O’zbekistondagi inson huquqlariga doir o‘zgarishlar olqishlanayotgan holatlar ko’p, ammo mamlakatda ishlayotgan huquq himoyachilariga ko’ra, o’zgarishlar haqidagi tasavvurlar bo’rttirilgan, inson huquqlari toptalishi ortida hamon davlatning o’zi turibdi.
A’zam Turg’unov inson huquqlari bo’yicha katta tajribaga ega mamlakatdagi kam sonli faollardan biri.
U marhum prezident Islom Karimov davrida qamoqqa tashlangan, hokimiyat almashishi ortidan ozodlikka chiqarilgan siyosiy mahbuslardan biri sifatida vaziyatni qiyoslash malakasiga ega ekanligini ta’kidlaydi.
“Avval ham, hozir ham mamlakatda inson huquqlarining qo’pol toptalishi ortida asosan davlat organlari, idoralari turibdi. Shu ma’noda vaziyatda biror jiddiy o’zgarishlar sezilayotgani yo’q. Suriyadan fuqarolar olib chiqilayotgan ekan, bu amalga oshirilishi lozim bo’lgan vazifa, hukumat obro’si uchun shov-shuv qilinadigan ish emas. Inson huquqlari qayerda buzilmoqda? Qamoqxonalarda, hibsxonalar, kuch ishlatar tizimiga qarashli idoralarda, maktablarda, shifoxonalarda, boshqa ijtimoiy sohalarda. Bularning hammasi ortida esa davlat idoralarining o’zlari turishibdi. Sud, prokuraturani gapirmasa ham bo’ladi. Mana yaqinda muxolifat a’zosi Xurram Berdiyev ustidan boshlangan mahkamaga bordik. Mahkama ochiq, ammo huquq himoyachisi sifatida meni jarayonga kiritishmadi ”, - deydi huquq faoli.
A’zam Turg’unov yaqinda AQSh hukumati O’zbekistonni diniy erkinliklar bo’yicha maxsus kuzatuv ro’yxatidan chiqarganini ham biroz shoshilinch qaror sifatida baholaydi.
“Mayk Pompeo yaqinda O’zbekiston diniy erkinliklar bo’yicha maxsus ro’yxatdan chiqarilganini e’lon qildi. Ammo shu bayonot berilayotgan bir paytning o’zida diniy erkinliklarni cheklash avvalgidek davom etmoqda. Men o’zim bilgan misollardan keltirishim mumkin. 9- sinf o’quvchisiga maktab direktori hijob kiygani uchun tahdid qilmoqda, ro’molingni yechasan, bo’lmasa ota-onangni chaqiramiz, boshqa qilamiz, deb. Bu qarindoshimning qiziga bo’lgan munosabat. Bo’lmasa, hozirgacha bu masala qancha muhokama qilindi, mahkamalar ham bo’lib o’tdi, hech kim qonunga qarayotgani yo’q”, - deydi Turg’unov.
7-dekabrda O’zbekiston diniy erkinliklar bo’yicha maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro’yxatidan chiqarilganini e`lon qilgan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo bu qarorni O’zbekiston hukumati aniq o’zgarishlarni amalga oshirgani bilan izohladi. Birmuncha avval esa O’zbekiston diniy erkinliklar bo’yicha alohida tashvishga molik davlatlar ro’yxatidan chiqarilgan edi.
Mahalliy huquq himoyachilari O’zbekiston hukumati inson huquqlariga doir o’zgarishlarni fuqarolar huquqini kafolatlash uchun emas, amaldagi hokimiyat nufuzini ko’tarish uchungina qilinayotganiga doir shubhada turishibdi.
“Tepadan turli shirin gaplar, o’zgarishlar, islohotlar haqida aytilmoqda. Ammo quyiga tushib, sohalarni ichdan kuzatish mamlakatda hech narsa o’zgarmaganini ko’rsatadi. Ayniqsa, pandemiya buni yanada yaqqolroq namoyon etdi. Sog’liqni saqlash tizimi inqirozga tushdi, bunga o’zim shaxsan guvoh bo’ldim, tizimdagi poraxo’rlik, ko’zbo’yamachilik tufayli turmush o’rtog’imdan ajradim. Bu faqat mening shaxsiy fojiam emas, aksariyat fuqarolarning tibbiyot tizimiga bo’lgan umidi puchga chiqdi. Yoki boshqa ijtimoiy sohalar - maktab, bog’chalardagi vaziyatga qarang. Hokimiyat vakillari avvalgidek o’tirgan mansabini suiiste’mol qilib, odamlarni qaqshatmoqda. Bu vaziyatda fuqarolarning siyosiy huquqlari haqida umuman gapirmasa ham bo’ladi”, - deydi Turg’unov.
O’zbekiston konstitutsiyasi kuni munosabati bilan mamlakat fuqarolarini tabriklagan Prezident Shavkat Mirziyoyev inson huquqlari, so’z erkinligi , jumladan, demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish bo’yicha amalga oshirilgan islohotlar jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof qilinayotganini ta’kidladi.
Prezident Mirziyoyevga ko’ra, xalqaro maydonda “Yangi O’zbekiston” degan ibora real ijtimoiy hodisa sifatida qabul qilinmoqda.
Facebook Forum