Breaking News

Blinken: Xalqaro sahnada kamtarlik va ishonch bilan harakat qilamiz


AQSh davlat kotibligiga nomzod Senat tasdig’idan o’tmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:07 0:00

AQSh davlat kotibligiga nomzod Entoni Blinken Senatning Tashqi aloqalar bo’yicha qo’mitasida qonunchilar savollariga javob berdi. Xalqaro maydonda Amerika yetakchiligini tiklashga kirishar ekanmiz, kamtarlik va ishonch bilan harakat qilamiz, deydi u.

“Xorijda mavqeimizni oshirish uchun avvalo o’z davlatimizda ancha ishlarni amalga oshirishimiz darkor. Shu bilan birga, ishonch bilan harakat qilamiz. AQSh hamon umumiy manfaatlar yo’lida boshqalarga yetakchilik qilishga qodir”, - deydi Blinken.

Demokrat senator Bob Menendez 6-yanvar saylov natijasini tasdiqlash kunida Tramp tarafdorlari Kongressga bostirib kirganini tilga oldi. Uning aytishicha, xorijda yetakchilik AQShning o’zida demokratiya hurmat qilinishiga bog’liq.

“Demokratiyamiz poydevoriga qilingan bu hujum fojiali bir eslatmaki, dunyo sahnasida nimaga qodir ekanimiz demokratiyamiz kuchi va salomatligi bilan chambarchas bog’liq”, - deydi senator.

Tashqi siyosat haqida gap ketganda, Blinken Xitoy masalasida amaldagi siyosatni to’g’ri deb biladi.

“Prezident Tramp Xitoyga nisbatan qat’iy pozitsiyani tanlab to’g’ri ish qildi. Ushbu pozitsiya qanday qarorlar bilan ijro etilgani boshqa masala, lekin asosiy yo’nalishni qo’llab-quvvatlayman. Bu yangi ma’muriyat uchun foydali”, - deydi diplomat.

Senator Ron Jonson ham shu fikrda.

“Tramp Xitoyning buzuq niyatlariga ko’zimizni ochdi”, - deydi u.

Tahlilchilar davlat kotibligiga nomzod bilan savol-javob mazmunli, bahslar mavzu atrofida, baqir-chaqirsiz kechganiga e’tibor qaratmoqda.

“Nazarimda, tashqi siyosat haqidagi munozaralarni odatdagi formatga qaytarish istagi bor. Tramp prezidentligi paytida ham, Obama davrida ham qonunchilar ular bilan bemaslahat ish tutilayotganidan shikoyat qilishardi. Tashqi siyosat bo’yicha muhokamalarni avvalgidek dialog shaklida olib borish, hamkorlik ruhida qarorlar qabul qilish uchun chinakam harakat sezilyapti”, - deydi tahlilchi Brayan Katulis.

Entoni Blinken
Entoni Blinken

Aksar senatorlar Entoni Blinkenning davlat kotibi sobiq muovini sifatidagi faoliyati va tajribasi borasida hamfikr.

“Entoni Blinken, nazarimda, tajribali va qobiliyatli diplomat. Amerika yuzlashib turgan masalalar haqida chuqur bilimga ega. Har ikki partiya qonunchilari uni tezda lavozimga tasdiqlaydi deb umid qilaman”, - deydi Demokratiyalarni himoya qilish jamg’armasi vakili Bredli Bouman.

Qator qonunchilarning aytishicha, Blinken nomzodi Senatda tez orada ovozga qo’yilishi lozim, chunki Eron, Xitoy, Rossiya va Shimoliy Koreya bilan bog’liq masalalar kutib turmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG