“Human Rights Watch” tashkiloti AQShda prezidentligi boshlanish arafasida turgan Jo Baydenni inson huquqlarini mustahkamlashga chaqirmoqda.
Yangi ma’muriyatni tashqi siyosatda ham inson huquqlariga e’tiborni yuqori darajaga qo’yishga undamoqda. Bu sohada joriy etilajak mustahkam tamoyillar kelgusida yangi rahbarlar tomonidan buzilmaydigan, muqim qilib belgilanishini so’ramoqda.
“Donald Tramp rahbarligi inson huquqlari uchun fojia bo’ldi. Garchi Jo Baydenning hokimiyatga kelishi fundamental o’zgarishlar uchun zamin yaratsa-da, bu barcha muammolarga yechim topiladi degani emas”, - dedi “Human Rights Watch” ijrochi direktori Kennet Rot tashkilotning 2021-yilgi hisobotlariga bag’ishlangan virtual anjumanda.
Rasmiyning ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyatining to’rt yillik tashqi siyosati, avtokratlarni siylagani, inson huquqlarini toptagani AQSh nufuzini tushirib yubordi, unga bo’lgan ishonchni so’ndirdi.
“Garchi Venesuela, Kuba, Eron va Xitoyda inson huquqlarining poymol etilayotgani [Tramp ma’muriyati tomonidan] qoralangan bo’lsa-da, parallel ravishda Rossiya, Misr, Saudiya va Isroil kabi davlatlarning olqishlangani yuqoridagi tanqidlarni puchga chiqardi”, - dedi Rot.
“Human Rights Watch” hisobotida Tramp ma’muriyatining ichki siyosati ham tanqid ostiga olinadi. Xususan, hujjatsiz migrantlarning farzandlarini ota-onalaridan ayirgan holda chegarada ushlab turilgani qoralanadi. Ayollarning reproduktiv salomatligini saqlash bo’yicha xizmatlarning cheklangani, noan’anaviy jinsiy orientatsiyaga ega qatlam huquqlarining toraygani salbiy baholangan.
“Bayden inson huquqlariga Tramp yetkazgan zararni shunchaki tiklash bilan chegaralanmasligi lozim. Inson huquqlariga bo’lgan munosabatni fundamental yo’l bilan o’zgartirishi va shu tariqa tamoyillarning o’zgarishsiz saqlanishiga imkon yaratishi kerak”, - deya ta’kidladi Rot.
O’z ma’muriyatini inson huquqlarini ta’minlash bo’yicha dunyo lideri sifatida e’tirof etib kelgan Donald Tramp tashkilot tanqidlariga biror munosabat bildirmagan.
Facebook Forum