Xalqaro hamjamiyatning Shimoliy Koreyani yadroviy dasturidan voz kechishga majburlash sa’y-harakatlari 2020-yilda to’xtab qoldi. AQSh boshchiligidagi muzokaralar izdan chiqdi. Pxenyan yana bir raketa sinovi bilan o’z noroziligini namoyish etmagan bo’lsa-da, Janubiy Koreyaning qo’shni davlat bilan do’stona rishtalarni shakllantirishga urinishlari ham zoye ketdi.
O’tgan ikki yilda Prezident Donald Tramp va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un o’rtasidagi misli ko’rilmagan uchrashuvlar, ular atrofidagi shov-shuv, sheriklik Koreya yarim orolidagi o’nlab yillik ixtilofga yakun yasashi haqidagi umidlar endi o’tmishda qolgan xotiradek tuyulmoqda.
Trampning 2019-yilda Kim bilan so’nggi uchrashuvi to’satdan va samarasiz yakunlangan. 2020-yilda pandemiya kelishi va Tramp butun e’tiborini saylov kampaniyasiga qaratishi bilan Koreya bo’yicha tashabbuslar chetda surildi.
“So’nggi ikki yildagi muvaffaqiyatsizliklar, boy berilgan imkoniyatlarga qaramasdan ikki davlat rahbarlari ko’zlagan maqsad amalga oshadi. Ishimiz yakunlangani yo’q”, - deydi AQSh Davlat kotibi muovini Stiven Bigun.
Ammo Pxenyan Vashington bilan muloqotni davom ettirishga tayyorligiga ishora bergani yo’q. Mamlakat 2020-yilning katta qismini karantinda o’tkazdi, chegaralarini yopdi. Buning ustiga, AQShda rahbariyat o’zgarmoqda. Shimoliy Koreya yangi prezident haqida biror so’z aytgani yo’q.
Pxenyandagi sukunat hamda yangi ma’muriyatning Koreya bo’yicha siyosati hali e’lon qilinmagani bois tahlilchilar o’rtada dialog tiklanishini bashorat qilishga shoshmayapti. 2021-yilning ilk oylari keyingi muloqot istiqbolini belgilasa ajab emas.
Shimoliy Koreyaning AQShda rahbar o’zgarayotgani haqida lom-mim demayotgani ajablanarli emas, deydi Seuldagi Shimoliy Koreya tadqiqotlari universiteti professori Yang Mu Jin.
“Tramp o’zini do’st deb atagan. Bayden esa Kimni gazanda deb tasvirlagan. Shuning uchun Shimoliy Koreya Baydenning g’alabasi haqida hech narsa degani yo’q”, - deydi professor.
Seuldagi Asan instituti xodimi Jeyms Kim fikricha, orada dialog qayta boshlanishi Bayden ma’muriyatiga bog’liq.
“Ikki davlat chorrahada turibdi. AQShning yangi hukumati qo’lini cho’zmasa, vaziyat joyidan siljishini kutmasa ham bo’ladi”, - deydi u.
2020-yilning oktabrida Shimoliy Koreya poytaxtida o’tgan paradda kattaroq interkontinental ballistik raketalar namoyish etildi. BMTning maxfiy hisobotida qayd etilishicha, shimol yadro kallaklarini kichraytirib, uzoq masofaga uchadigan raketalarga o’rnatishga qodir ekaniga ko'plab hukumatlar ishonadi.
AQShda ma’muriyat o’zgarishi Seul bilan yaqinroq hamkorlik bo’lishini anglatadi, deydi tadqiqotchi Hi Jin Ku. Unga ko’ra, yangi prezident muzokaraga boshqa davlatlarni ham jalb qilishi mumkin.
Trampning quvvatlovi bilan Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey In Koreya urushi bo’yicha tinchlik shartnomasini olg’a surgan edi. Uning ratifikatsiyasiga Bayden qanday yondashishi noma’lum.
Jin Kuning aytishicha, Bayden davrida “maksimal bosim” kampaniyasiga va Janubiy Koreya bilan qo’shma harbiy mashg’ulotlarga qayta start berilishi ham mumkin. Tramp bularni to’xtatgan edi.
Seulning shimol bilan munosabatlarni yo’lga qo’yishga urinishlariga iyun oyida zarba berildi. O’shanda Pxenyan harbiy ishonch telefonlarini uzib qo’ygan, noharbiy zonadagi hamkorlik idorasini portlatib vayron qilgan.
Shimoliy Koreya qo’shnisining pandemiya paytida yordam taklifini ham e’tiborsiz qoldirdi. Yaqinda janubning tashqi ishlar vaziri Shimoliy Koreyada COVID-19 qayd etilmagani to’g’risidagi da’volarni savolga tutganida, Pxenyan uni tanqid qilib chiqdi.
“Vazirning bu so’zlarini hech qachon unutmaymiz, bunday gaplar hali unga qimmatga tushadi”, - deya ogohlantirdi Kim Yo Chen, Shimoliy Koreya rahbarining singlisi.
20-yanvar Baydenning inauguratsiya kunida Shimoliy Koreya Ishchilar partiyasining syezdi ham o’tishi kutilmoqda. Pxenyanning AQShga nisbatan pozitsiyasi o’shanda oydinlashishi mumkin, deydi Asan institutidan Jeyms Kim.
“Mana shu bir oy muhim. Shimoliy Koreya biror o’zgarish yoki e’lon bilan chiqsa, buni fevral oyida ko’ramiz”, - deydi u.
Facebook Forum