Breaking News

Demokratlar: Trampning tashqi siyosati tartibsiz, shaxsiy manfaatlarga asoslangan


AQSh Senatidagi demokratlar tayyorlagan hisobotga ko’ra, Prezident Donald Tramp olib borayotgan tashqi siyosat asosan “beparvolik va diplomatik muvaffaqiyatsizliklardan” iborat bo’lib, dunyo bo’ylab demokratiya susayishiga olib keldi.

“Trampning so’zlari va qarorlari Amerika xalqi va global manfaatlari uchun salbiy oqibatlarga olib kelganiga shubha yo’q”, - deydi senator Bob Menendez, hisobotni tanishtirar ekan.

73 betli hujjatda Amerika mavqeini tiklash uchun, jumladan, quyidagilar tavsiya etilgan:

  • Xalqaro tashkilot va tuzilmalar bilan hamkorlikni qayta yo’lga qo’yish
  • Ittifoqchilarga munosabatlar umumiy qadriyatlar asosida qurilganini bildirish
  • Avtokrat rahbarlarga inson huquqlari toptalishi jazosiz qolmasligini uqtirish
  • Iqlim o’zgarishi, pandemiyalar, avtoritarizm va yadro qurollari tarqalishi kabi global tahdidlarni prioritet deb belgilash

Senat Tashqi aloqalar qo’mitasining demokrat a’zolari tayyorlagan hisobot ekspertlar va sobiq rasmiylar bilan suhbatlarga asoslangan bo’lib, amaldagi tashqi siyosat AQShning xalqaro maydondagi obro’-e’tiboriga qay tarzda ta’sir qilganiga baho beradi.

“O’tmishda prezidentlar demokratiya va erkinlik asosida qurilgan jamiyat nimalarga erisha olishida Amerikani namuna qilib ko’rsatishgan. Prezident Tramp esa, aksincha, plyuralizm, inson huquqlari, fuqarolik jamiyati, matbuot va qonun ustuvorligini mensimaydi”, - deyiladi unda.

Trampning Suriyadan kutilmaganda qo’shinlarni olib chiqqani, Germaniya va Kanada rahbarlarini tanqid qilgani, Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreya liderlarini maqtagani misol qilib keltirilgan.

“Tashqi siyosat changini qoqish”

Prezidentlikka harakat qilayotganda Tramp “Amerika tashqi siyosati changini qoqib tashlashga” va’da bergan. O’tgan to’rt yilni u Barak Obama davridagi tashqi siyosatga doir qarorlarni o’zgartirishga sarfladi.

“Shimoliy Koreyaning yadro va raketa dasturlari kengayishiga guvoh bo’ldik. Eron yadro quroli yaratishga yaqin turibdi. Ittifoqchilarni ko’paytirish va yaxshiroq bitimlar tuzish o’rniga Prezident Tramp sheriklarimizni chetlashtirdi, eng yaqin do’stlarimizga tahdid qildi”, - deydi senator Bob Menendez.

Siyosatshunos Jeyms Karafano fikricha, bunday qarash - tashqi siyosatning nozik jihatlariga ko’z yumish degani.

“Hamma narsada Trampni ayblash – bu bir bahona. U Oq uyga kelganda qanday muammolar bilan yuzlashgani yoddan ko’tarilyapti. Shuni ham unutmaylikki, yevropaliklar Obamadan ham norozi edi, ular o’shanda ham AQSh tashqi siyosatini tanqid qilishgan”, - deydi u.

Agar 3-noyabrdagi saylovda demokratlar Senatni qo’lga kiritsa, Bob Menendez Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi bo’ladi.

“Ushbu tahlilnoma AQSh tashqi siyosati kelajagi, prezident qilgan xatolarni tuzatish yuzasidan muhokamalarning boshlanishidir. Kongress va bo’lajak ma’muriyat buni yo’l xaritasi deb qabul qiladi deb umid qilaman”, - deydi senator.

Ishonchsiz va bir tomonlama

Jeyms Karafano deydiki, saylovga yaqin qolganda chop etiladigan, bir partiya tomonidan yozilgan bunday hisobotlarga ishonchli deb qaralmaydi.

Oq uyning bildirishicha, “Amerika kuchli va mustaqil davlatlar koalitsiyasiga bosh bo’lib, xavfsizlik, farovonlik va tinchlikni targ’ib qilib, o’z ta’sirini kuchaytirmoqda. Yorqin kelajak, qisman, AQSh suverenitetini tasdiqlashdan, har bir davlatning o’z taqdirini o’zi belgilash huquqidan kelib chiqadi”.

Tramp prezidentlikni boshlayotganda unga maslahatchilik qilgan Karafanoga ko’ra, Amerika bugun Afrika, Hind-Tinch okeani va Lotin Amerikasi mamlakatlari bilan yaxshiroq aloqada.

“Trampning tashqi siyosati tartibsizligi va diplomatik mag’lubiyatlar bilan ajralib turadi. Xavfsizlik bo’yicha qarorlarni u shaxsiy manfaat va ichki siyosatdan kelib chiqib qabul qiladi, AQSh manfaatlariga qarab emas. Xorijiy rasmiylar prezident nomidan kim gapirishini, qarorlari jiddiymi, yo’qmi, bilmaydi”, - deydi Menendez.

Tashqi siyosatdagi yondashuvga, deydi u, “Amerika birinchi” emas, aslida “Tramp birinchi” deb nom berilsa to’g’riroq bo’ladi.

Misol tariqasida ma’muriyatning koronavirusga qarshi ko’rgan choralari, pandemiya paytida Jahon sog’liqni saqlash tashkilotini (JSST) tark etgani keltirilgan.

“Xalqaro tashkilotlarda o’rnimiz bo’sh ekani – dushmanlarimiz, xususan Xitoy uchun o’z ta’sirini oshirish uchun imkoniyat. BMT Inson huquqlari kengashi va JSSTga nisbatan shikoyatlarimiz bisyor bo’lsa-da, ularni tark etish bilan Xitoyga munosib javob bera olmaymiz, bu institutlarni yaxshilay olmaymiz”, - deydi Menendez.

Respublikachilar Trampni qo’llaydi

Respublikachilar Trampning Xitoy va JSSTga nisbatan tutgan pozitsiyasini olqishlaydi.

“Xitoyga bor gapni dadil aytdik. Savdo kelishuvlarini bekor qilib, yangilarini imzoladik”, - deydi Kongress a’zosi Kevin Makarti.

“Amerika kuchli bo’lsin desak, cheksiz urushlarni tugatish kerak. Yaqin Sharq botqog’ida qon to’kilishlarni, mablag’ sarflashni davom ettirolmaymiz. Prezident Tramp – urush boshlashga emas, tugatishga intilayotgan birinchi prezident. Afg’onistondagi urushni ham tugatmoqchi. Askarlarni uyga olib kelmoqda”, - deydi senator Rend Pol.

Karafanoga ko’ra, ma’muriyatning milliy xavfsizlik strategiyasi aslida ittifoqchilar bilan ishlashga asoslangan.

“Chunki Qo’shma Shtatlar hamma joyda bo’la olmasligini, hamma narsani qila olmasligini tan oladi. Dunyoning biror nuqtasidan ketish, aloqani uzish rejasi yo’q. Barcha joylarda do’stlarimiz va ittifoqchilarimiz bo’lishi kerak”, - deydi u.

Muhim mavzu

“Pyu” tadqiqot markaziga ko’ra, AQShda saylovchilarning 57 foizi tashqi siyosatni muhim deb biladi. Ammo birinchi o’rinda iqtisod, sog’liqni saqlash va koronavirus.

Menendezga ko’ra, Jo Baydenning tashqi siyosiy tajribasi ham e’tiborga olinishi kerak.

“Bayden tashqi siyosatda uzoq yillik tajribaga ega. Senatorlik davrida Tashqi aloqalar qo’mitasiga raislik qilgan. Vitse-prezidentlik davrida bu masalalar bilan shug’ullangan. U va Donald Tramp o’rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Bayden mavqeimizni tiklaydi, ittifoqchilik rishtalarini tiklaydi”, - deydi senator.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG