Breaking News

AQSh ittifoqchilariga: Eronga doir xalqaro kelishuvdan chiqing


AQSh Vitse-prezidenti Payk Pens Eronni jazolashda biz bilan hamkorlik qilmayapsiz deb, ittifoqchilarni tanqid qildi
AQSh Vitse-prezidenti Payk Pens Eronni jazolashda biz bilan hamkorlik qilmayapsiz deb, ittifoqchilarni tanqid qildi

AQSh Yevropa davlatlarini Eronning yadro dasturiga doir 2015-yilda imzolangan xalqaro bitimdan voz kechishga undamoqda. Tehron - terrorizm homiysi, deydi Vitse-prezident Mayk Pens. Vashington 2018-yilda bitimdan chiqqanida Yevropadagi ittifoqchilar unga ergashmagan. Ushbu bayonotlar Polshada o’tgan xalqaro anjumanda yangradi. Unda asosan Eron masalasi muhokama qilinishi kutilgan edi, ammo ishtirokni kengaytirish uchun kun tartibiga boshqa masalalar ham kiritilgan.

Qariyb 60 davlat ishtirokidagi xalqaro konferensiyaga mezbonlik qilgan Varshavada Eronga qarshi namoyishlar ham bo’lib o’tdi. AQShdan anjumanga Vitse-prezident Mayk Pens, Davlat kotibi Mayk Pompeo va Prezident Donald Trampning advokati Rudi Juliani qatnashgan.

“Yaqin Sharqda tinchlik va xavfsizlik bo’lsin desak, Erondagi teokratik diktatura o’zgarishi kerak. U yerdagi rejimni tezda tugatish kerak”, - deydi Juliani.

Eron shu kunlarda diniy ulamolarni hokimiyatga olib kelgan inqilobning 40 yilligini nishonlamoqda. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu konferensiyada arab davlatlari ham qatnashganiga e’tibor qaratadi.

“Anjumanning ahamiyati shundaki, u xufiyona tarzda o’tgani yo’q, bunday uchrashuvlar ko’paymoqda. Arab davlatlari vakillari Isroil bilan bir stolda o’tirib, Eronga qarshi kurash haqida gaplashdi”, - deydi Netanyaxu.

Eron tashqi ishlar vaziriga ko’ra, AQSh boshqa davlatlarga anjumanda qatnashing deb bosim o’tkazgan.

“Amerika puli, ta’siri va harbiy qudrati bilan hukumatlarga bosim o’tkazgan. Konferensiyaga ko’proq odamni jalb qilish uchun turli usullarni ishga solgan. Qatnashchilarning ko’pi bizga “bormasdan iloj yo’q deb aytishdi”, - deydi vazir Javod Zarif.

Polshaning AQSh bilan yaqinligi, ayrimlar fikricha, uning boshqa davlatlar bilan aloqalariga putur yetkazadi.

“Nazarimda, Tramp ma’muriyati Yevropa birligi haqida qayg’urmaydi. Eron kelishuvi, aksincha, Yevropadagi kelishmovchiliklarni chuqurlashtirish uchun ishlatilmoqda”, - deydi tahlilchi Pyotr Buras.

Varshava konferensiyasida 60 ga yaqin davlat qatnashgan
Varshava konferensiyasida 60 ga yaqin davlat qatnashgan

Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar bo’yicha mas’ul rasmiysi Federika Mogerini band ekanini aytib, konferensiyaga bormadi. Xitoy, Rossiya, Livan hamda falastinliklar ham taklifni qabul qilmagan.

Bu orada, Gaagada asoslangan Xalqaro adolat sudi Eron foydasiga qaror chiqardi.Tehron AQSh tomonidan muzlatilgan ikki milliard dollarlik mablag’ini qaytarib olishga harakat qilmoqda. Tribunal sud ishi davom etishiga yo’l ochib berdi. AQShning Eronni terrorizmda ayblovchi e’tirozlari qondirilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG