Breaking News

AQSh: Konferensiyada Eronni yomonotliq qilish niyatimiz yo'q


AQShning BMTdagi elchisi o'rinbosari Jonatan Koen BMT Xavfsizlik kengashi yig'ilishida, 2019-yil, 22-yanvar
AQShning BMTdagi elchisi o'rinbosari Jonatan Koen BMT Xavfsizlik kengashi yig'ilishida, 2019-yil, 22-yanvar

AQShga ko'ra, kelasi oy Yaqin Sharq bo'yicha o'tkazilishi rejalangan xalqaro konferensiya Eronni yomonotliq qilishni ko'zlamaydi.

AQShning BMTdagi elchisi o'rinbosari Jonatan Koenning aytishicha, 13-14-fevral kunlari Varshavada bo'ladigan anjuman AQSh va Polsha homiyligida tashkil etilmoqda. Unda 2015-yil Eron bilan tuzilgan xalqaro yadro bitimi muhokama qilinmaydi.

Prezident Donald Tramp 2018-yil Vashington bu bitimdan chiqqanini e'lon qilgan edi.

Koenning izohi Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif anjumanni Amerikaning Eronga qarshi "tomoshasi" deb atashi ortidan bildirildi.

Polsha Tashqi ishlar vaziri Yatsek Chaputovichning aytishicha, Eron konferensiyaga taklif etilmagan va unda Rossiya ham ishtirok etmaydi.

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif
Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif

Koenga ko'ra, vazirlar darajasida o'tadigan anjumanda Yaqin Sharqda "kuchliroq xavfsizlik tizimi yo'riqnomasini ishlab chiqish" bo'yicha muhokamalar bo'ladi. Suriya va Yamandagi gumanitar inqiroz; raketalar yaratish, ekstremizm va kiber xavfsizlik masalalari ham ko'rib chiqiladi.

"Anjuman kun tartibiga kiritilmagan masalalarni ham ta'kidlab o'tish ham muhim. Unda Eron bilan yadroviy kelishuv masalasi qayta ko'tarilmaydi, biz boshqa davlatlarning uni qo'llash qarorini hurmat qilamiz. Yig'in Eronga hujum qilish yoki uni qoralash vazifasini ham bajarmaydi", - dedi Jonatan Koen.

Lekin Eronning raketa dasturiga, "Hizbulloh" guruhining Livandagi tunnellar orqali Isroilga o'tishiga, Eron va Suriya rejimlarining provokatsiyasi bilan Suriyadan Isroilga raketa otilishiga qarshi chora ko'rish zaruriyati borligini tan olishimiz kerak, deya qo'shimcha qildi rasmiy.

Koenga ko'ra, bu kabi ishlar Yaqin Sharqdagi beqarorlik manbasi, lekin muloqot mavzusi biror davlat yoki bir guruh masalalardan ko'ra kengroq bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG