Breaking News

Faollar: AQSh e'tiborni O'zbekistondagi islohotlar amaliyotiga qaratishi kerak


2020-yilda dunyoda inson huquqlariga doir vaziyat og’irlashishida Donald Tramp boshqaruvining ham o’rni katta, degan fikrda “Human Rights Watch” (HRW) huquq tashkiloti.

20-yanvardan AQShda Jo Bayden prezidentlikka kirishadi. HRW Bayden dunyoda AQShga nisbatan ishonchni qayta tiklashiga umid qilmoqda. Tramp prezidentligi bu ishonchga jiddiy putur yetkazilishi bilan kuzatilgan.

“Tramp boshqaruvidagi so’nggi to’rt yil davomida inson huquqlariga nisbatan ko’rsatilgan bepisandlik, yaqinda uning tarafdorlari tomonidan Kapitoliyga uyushtirilgan hujum, Jo Bayden prezidentligi davri uchun o’zgarishlar qilish imkoniyatini beradi. Trampning o’z mamlakatida inson huquqlariga befarqligi, avtoritar rejimlar bilan o’ynashishi dunyoda AQShga nisbatan mavjud ishonchning darz ketishiga sabab bo’ldi”, - dedi HRW ijrochi direktori Kennet Rot tashkilotning yillik hisoboti taqdimotida.

HRW avtoritar deya qayd etgan davlatlar qatorida O’zbekiston ham bor. O’zbekistonda boshqaruv avtoritar qolayotgani, islohotlar va’dasi amaliyotsizligi haqidagi umumiy xulosalardan kelib chiqilsa, AQSh yangi ma’muriyati Toshkent bilan hamkorlikda islohotlarning amaliy bo'lishiga diqqat qaratishi ehtimoli bor.

Jo Bayden boshqaruvi davridagi hamkorlik haqida mulohaza bildirayotgan o’zbek faollari, huquq himoyachilari har holda shuni kutishmoqda.

Ayniqsa, bu yil O’zbekistonda prezidentlik saylovlari kutilayotgani inobatga olinsa, Bayden ma’muriyati tomonidan bu saylovlarning qanday o’tishi O’zbekistondagi islohotlar timsoli o’laroq qabul qilinishi ta’kidlanadi.

Demokratik, erkin saylovlar mavjud emasligi O’zbekistondagi islohotlar va’da sifatida qolayotganining asosiy ko’rsatkichlaridan biridir. HRW yillik hisobotida O’zbekiston parlamenti uchun 2019-yilda o’tgan saylovlarni tahlil qilgan, birorta mustaqil nomzod, muxolif partiya qatnashmagan bu saylovlarni raqobatdan uzoq deb topgan.

O’zbekistonda kutilayotgan prezidentlik saylovlari ham katta ehtimol bilan aynan shu siyosiy kuchlar ishtirokida o’tishi mumkin. Ammo Prezident Trampdan farqli ravishda Jo Bayden ma’muriyati saylovlarning erkin, adolatli o’tishini hamkorlikning muhim shartlaridan biri sifatida ko’tarishi mumkin.

AQShdagi saylovlarda demokratlar vakili Joy Baydenning g’alabasini olqishlar bilan kutib olgan o’zbek faollaridan biri, mustaqil jurnalist, huquq himoyachisi Yusuf Ro’zimurodov shunday ishonchda.

“AQShda demokratlar uchun saylovlarning erkin, adolatli o’tishi muhim ko’rsatkich bo’lib kelgan. Jo Bayden ma’muriyati uchun ham shunday bo’lib qoladi. Inson huquqlari, jumladan, siyosiy islohotlar o’tkazilishi O’zbekiston bilan hamkorlikda muhim talablardan biriga aylanadi”, - deydi Ro’zimurodov.

Mamlakatda siyosiy partiya tashkil etish tashabbusida yurgan faollardan biri, “Xalq manfaatlari” partiyasi tashabbus guruhi yetakchisi Mahmudjon Yo’ldoshev nazarida, O’zbekiston va AQSh o’rtasidagi hamkorlik Tramp ma’muriyati davrida ham ancha ildam rivojlandi.

“Nazarimda, so’nggi yillarda AQSh bilan aloqalar ancha yaxshi rivojlandi. AQShda hokimiyat almashgani bilan tashqi aloqalar mexanizmi jiddiy o’zgarishlarga yuz tutmaydi. Bundan qat’i nazar har bir prezident tarixda o’z izini qoldiradi, Tramp ham xoli emas. Men AQShdagi so’nggi voqealarni nazarda tutyapman. Ikki o’rtadagi aloqalar rivojlanishi Bayden ma’muriyati davrida ham ko’tarinki davom etadi, deb o’ylayman. Prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlarni davom ettirmoqchi. Biz ro’yxatdan o’tish istagidagi yangi siyosiy partiya sifatida imzolar yig’ishda davom etyapmiz. Islohotlarga qaramasdan qiyinchiliklar, bosimlar mavjud. Lekin bu bosimlar hozircha mahalliy darajada kuzatilmoqda, markazlashgan tarzda emas”, - deydi Yo’ldoshev.

Partiya tashkil etish tashabbusida yurgan faollardan farqli ravishda, uzoq yillardan buyon tan olinmay kelinayotgan siyosiy partiya faollari O’zbekistonda islohotlar bo’lishiga ishonishmaydi. Ular AQShning yangi ma’muriyati diqqatini islohotlar faqat va’da ekanligiga qaratishmoqda.

“Inson huquqlari bo’yicha, siyosiy erkinliklar bo’yicha berilayotgan va’dalar, islohotlar O’zbekistonning o’zi, mamlakat uchun emas, bu shunchaki xalqaro jamoatchilikka yoqish uchun qilinayotgan bayonotlar. O’zbekistonning xalqaro hamkorlari buni yaxshi anglashlari, islohotlarning amaliyotini talab qilishlari kerak. Iqtidordagi hukumatda jiddiy siyosiy islohotlar o’tkazish niyati yo’q”, - deydi muxolifatdagi “Erk” partiyasi faoli Baxtiyor Isabek.

Jo Bayden ma’muriyati va O’zbekiston o’rtasidagi hamkorlikning qanday bo’lishi AQShdagi saylovlar yakunlanishi, jumladan, Prezident Mirziyoyev saylov g’olibi Jo Baydenni tabriklashga oshiqmayotgani ortidan muhokamaga chiqqan edi.

O’zbekiston prezidenti rasmiy saytidagi tabriklar sahifasida Jo Bayden nomiga tabrik yo’q.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG